Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan janglarida Kremlni qo‘llab-quvvatlamayapti. Tojikiston va Qirg‘izistonga tashrif buyurib, ikki davlat rasmiylari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Donald Lu shunday fikrni bildirmoqda.
“Vladimir Putin Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazib, ularning Uurainaga harbiylarni yo’llashiga erishmoqchi bo‘ldi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari buni rad etdi. Moskva Ukrainada bosib olgan hududlarning Rossiya hududi sifatida e’tirof etilishini istadi, ammo Markaziy Osiyo davlatlari buni ham qabul qilmadi”, - deya ta’kidladi Bishkek safaridan Dushanbega tashrif buyurgan Lu "Ozodlik" radiosining tojik xizmati bilan suhbatda.
Muloqot paytida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev ham rasmiy Bishkek iqtisodiy hamkorlikka, jumladan, yashil energetika masalasida mamlakatda investitsiyaga ehtiyoj mavjudligini aytgan va yordam kutayotganligini bildirgan. AQSh vakili tashrifi ortidan 27-aprel kuni Qirg‘iziston parlamenti – Yuqori Kengash vakili Meykinbek Abdaliyev Vashington bilan hamkorlik shartnomasini imzolash jarayonini tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Buni ham ko'ring AQSh yetakchi diplomati Qirg'iziston rahbari va jamoatchiligi bilan uchrashdiAQSh rasmiysi Qirg‘iziston Suriyadagi fuqarolarini mamlakatga qaytarganini ijobiy baholadi. Vashington Bishkek bilan o‘zaro manfaatlar yuzasidan yaqindan ishlashini, iqtisodiy taraqqiyot shulardan biri, ekanini ta’kidladi. Ammo AQSh hisobotlarida Qirg‘iziston endilikda Markaziy Osiyodagi “Demokratiya oroli” emas, oxirgi yillar hatto qisman ham erkin emas, deya ta’riflanmoqda. So‘z erkinligi cheklanadigan, inson huquqlari toptaladigan davlatlar qatoriga tushib qolgan.
Lu AQSh Qirg‘izistonga demokratik institutlarni kuchaytirish va fuqaro jamiyatini mustahkamlashda yordamni ayamaganligini va bundan keyin ham ko‘maklashishda davom etishini ta’kidlagan. Uchrashuvda Qirg‘iziston iqtisodiga investitsiya kiritish va xavfsizlik masalalari ham muhokama qilingan.
Xavfsizlik Luning Tojikiston hukumati bilan muloqotida ham asosiy masalalardan biri bo‘lgan. Dushanbe Afg‘onistonda hokimiyatni Tolibon (Tojikistonda terroristik tashkilot sifatida faoliyati taqiqlangan) egallab olganidan so‘ng xavfsizlik masalasi qayta aktuallashganiga e’tibor qaratgan. AQSh vakilining mintaqaga tashrifi paytida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara mintaqalarida kutilmagan vaziyat yuzaga keldi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, Afg‘onistondan xalqaro terrorchi tashkilot vakillari mamlakatga noqonuniy kirib kelgan va chegara qo‘shinlari tomonidan zararsizlantirilgan. Ammo voqea tafsilotlari ma’lum emas.
Buni ham ko'ring Turkmaniston AQSh bilan hamkorlikni oshirish niyatidaMustaqil tahlilchi fikricha, Tojikiston hukumati AQSh kabi qudratli davlatlar e’tiborini Afg‘oniston inqiroziga qaratishni istashi sir emas.
“Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlari uchun yirik bir xatar sifatida saqlanib qolmoqda. Iroq va Shom islomiy davlati terror guruhi parchalanganidan so‘ng ko‘plab kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan jangarilar Tolibon qo‘liga o‘tgan Afg‘onistonda qo‘nim topishdi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi xatarni vujudga keltirdi. Buning ustiga Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan Tolibon bilan rasmiy Dushanbening munosabatlari yaxshi emas. Shuning uchun ham, Tolibonning yuqori mansabdorlari bir-necha marotaba Tojikistonga tahdid bilan bayonotlar berdi. Shunday murakkab bir vaziyatda Tojikiston chegarani qo‘riqlash uchun harbiy texnik qudratini mustahkamlashni istashi, tabiiy”, - deydi Yusupov.
Tahlilchi fikricha, qo‘shni davlatdan terrorchilar tahdidi mamlakat ichidagi boshqa muammolarni kun tartibidan chetga suradi.
Ammo Lu Tojikistonda inson huquqlari va so‘z erkinligi masalasiga ham e’tibor qaratgan, shuningdek, chegara bahslari va iqtisodiy hamkorlikka.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, AQSh Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya qatorida Xitoy bosimi ostida qolib ketmasligini istaydi.
“Markaziy Osiyo davlatlariga eng ta’siri kuchli bo‘lgan davlatlar bu, shubhasiz Rossiya va Xitoy, ularning ta’sir kuchi saqlanib qolmoqda. Xitoyning iqtisodiy ta’siri ortib bormoqda. Xitoy mintaqaga katta investitsiya kiritmoqda. Rossiya esa, xavfsizlik yo‘nalishida katta ta’sir kuchiga ega. Shuningdek, bu davlatlardan bir-necha millionlab mehnat muhojirlari Rossiyada ishlaydi”, -deydi Sherali Rizoyon.
Buni ham ko'ring AQSh-Qirg'iziston: Vashingtonda yillik muloqotTahlilchi fikricha, AQSh va Yevropa davlatlari mintaqada inson huquqlari, so‘z va diniy erkinlik kabi demokratik qadriyatlar shakllanishi, fuqarolik jamiyati rivojlanishi uchun yordam bermoqda.
AQSh o‘z hisobotlarida Tojikiston so‘z erkinligi, diniy erkinlik va umuman inson huquqlari qo‘pol toptalayotgan davlatlar qatorida ekanligini qayd etadi.
Siyosiy sharhlovchi Ne’matullo Mirsaidov fikricha, G’arb davlatlari Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiya kiritishga rozi, ammo buning uchun bir qator shartlar mavjud.
“AQSh va Yevropaning bir qator davlatlari Markaziy Osiyo davlatlariga turli sohalarda yordam berishga tayyorligini bildirib keladi. Ammo ular buning uchun bu davlatlarda qonun ustuvorligi ta’minlanishi, inson huquqlari poymol etilmasligini istaydi. Bu o‘rinli talablar, ammo ular hamisha ham Markaziy Osiyo davlatlari rahbariyatiga yoqavermaydi. Markaziy Osiyoga investitsiya kiritishda Xitoyning ustunlikka erishishiga ham shu sabab. Markaziy Osiyo davlatlari uchun AQSh va boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda Xitoydan investitsiya olish osonroq”, - deydi Mirsaidov.
Ammo Xitoydan qarz olishning nozik tomonlari ham borligiga e’tibor qaratadi suhbatdoshimiz. Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, qo‘shni davlatlar Xitoyga qarzlarini vaqtida to‘lay olmasa, Pekin chegara hududlardagi yerlarga da’vogarlik qilishi mumkin. Tahlilchi fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari ham qaltis vaziyatda qolmoqda. Chunki asosiy strategik sheriklaridan biri bo‘lgan Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishni mamlakat iqtisodi talab qiladi. Ammo boshqa tarafdan G‘arb davlatlari sanksiyalariga tushib qolinsa, bu ham mamlakat iqtisodiga katta zarba bo‘ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Lu Dushanbe shahrida jurnalistlar bilan suhbat paytida Rossiya Ukraina urushidan Markaziy Osiyo davlatlari aholisi aziyat chekayotganiga ham e’tibor qaratdi.
"Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi bu vaziyatdan (Rossiya Ukraina urushidan) aziyat chekayotganini ko‘rayapmiz. Oziq-ovqat va yoqilg‘i narxi oshib bormoqda. Biz yordam berishga harakat qilayapmiz. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million AQSh dollari va yana oziq-ovqat xavfsizligining ta’minoti uchun yordam sifatida 16,5 million dollar mablag’ ajratmoqchimiz”, - dedi Lu.
Your browser doesn’t support HTML5
Luning aytishicha, AQSh Markaziy Osiyo mintaqasiga befarq emas va u kelgusida hamkorlik yana ham rivojlanishiga ishonadi.
"Men Vashingtondan keldim va shuni aytishim mumkinki, Markaziy Osiyo AQShning diqqat markazida. Chunki u strategik mintaqa va biz uchun imkoniyatlar ko‘p. Bu mamlakatlar xalqi va hukumati AQSh bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ko‘ramiz. Ular iqtisodiyot va xavfsizlik sohasida hamkorlik qilmoqchi. Demokratiya sohasidagi hamkorlikni ham rivojlantirmoqchi. Men Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilayotganimdan faxrlanaman. Markaziy Osiyo biz uchun ustuvor mintaqadir", - deya ta’kidladi Lu Tojikiston jurnalistlari bilan suhbatida.