18-maydan beri Toshkentda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Qoraqalpog‘iston sudining shu yilning 17-martdagi hukmi ustidan 28 nafar sudlanuvchining apellyatsiya shikoyat ko'rib chiqilmoqda. Hozirgacha sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Advokatlar ham so'zladi.
Qoraqalpog'istonda 2022-yilning 1-2 iyulida qonli voqealari yuzasidan joriy yilning fevral-mart oylarida Buxoroda kechgan sudda 39 qoraqalpoq aybdor deb topilgan edi. Ulardan 11 nafari shartli jazo hukmi bilan sud zalida ozod etilgan.
Nukusdagi g'alayonlarda, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 21 odam kishi o'lgan. Qoraqalpog'ston Respublikasining maqomi O'zbekiston konstitutsiyasida o'zgartirilishiga keskin norozilik bir necha ming fuqaro ishtirokidagi sayldan to'polon va zo'ravonlikka aylangan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'istonga borib, aholiga bosh qomusning bu hududga doir qismi yangilanmaydi, deya va'da bergan. Shu yilning 30-aprelida o'tgan referendumda ma'qullangan konstitutsiyada Qoraqalpog'iston borasida o'zgarish yo'q. U hamon O'zbekiston tarkibidagi "suveren respublika".
31-yanvarda tugagan birinchi sudda o'tgan yilgi qon to'kilishlarda 22 kishi aybdor deb qayd etilgan edi. Ularning olti nafari erkinlikni cheklash hukmi bilan qo'yib yuborilgan. 16 sudlanuvchi yuqori sudga murojaat qilib, ayni damda Oliy suddan adolat kutmoqda. Prokuratura esa jazoni uyida o'tayotgan olti kishining hukmi qayta ko'rib chiqilishini talab qilgan. Bu masala ham Oliy sud e'tiborida.
Shu kungacha jami 61 qoraqalpoq sudlanib, jazoga mahkum etilgan, ammo ularning yaqinlari va faollar deydiki, ommaviy norozilikka turtki bergan tashabbuslar ortidagi odamlar javobgarlikka tortilishi shart. Tizimdan hali hech kim sudlanmagan.