Mustaqil ma'lumotlar yig'uvchi Qurol zo’ravonligi arxivi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning shu paytigacha AQShda 670 dan ortiq o'smir va bola qurol bilan bog'liq zo'ravonliklarda o'ldirilgan. Vashingtonda armiya faxriysi bo'lgan ona muammoni hal qilish uchun jamoalar bilan ishlamoqda.
Javanna Hardi ona va armiya faxriysi; Vashingtonda tug'ilib o’sgan.
U AQShda qurol bilan bog‘liq o‘lim holatlari ko‘payganidan xavotirlanib, 2018-yilda qurolli zo‘ravonlikni kamaytirishni maqsad qilgan “Guns Down Friday” guruhini tashkil etdi.
"Kolumbiya okrugi ko'chalari urush zonasidan ham yomonroq edi. Men haqiqatan ham o'zgarishlar yaratmoqchi edim. Bu qo’rqinchli; siz farzandlaringizga ba'zi odamlardan uzoqroq turishni, o'zini himoya qilishi uchun hamma narsa qilishni o'rgatasiz; lekin ommaviy otishmalar bilan nima qila olasiz?” – deydi u.
Hardi har juma qurol bilan bog'liq hodisalar ko'p bo'lgan Vashington mahallalariga boradi. Zo'ravonlikni kamaytirish va aholiga hamdard bo’lish uchun oilalar bilan uchrashadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Guruh yoshlar o’limi, o'z joniga qasd qilish va ruhiy salomatlik bilan bog'liq muammolardan jabrlanganlarga yordam berish uchun turli resurslar va dasturlar taqdim etadi.
Hardining so'zlariga ko'ra, guruh shahar hokimiyati bilan mahallalarning qorong'i joylariga ko'cha chiroqlarini o'rnatish kabi ishlar bilan ham shug’ullanadi.
“Biz bir mahallaga borganimizda, qurolli odamlar butalar orasidan kelishini o’rgandik. Biz bolalardan "qurolli zo'ravonlikni tugatish uchun nima qilgan bo’lardingiz?” deb so’radik. Ular "butalarni kesib tashlardik, shunda nima bo'layotganini ko'ramiz", deyishdi. Biz bu masalani ko’tarib, mahalla kengashi orqali butalarni kesib tashlashga erishdik”, - deydi Hardi.
13 yoshli Makaya King-Bruks ko'ngilli sifatida yordam bermoqda. Uning o’zi ham shaxsan otishmalarga guvoh bo’lgan.
“Hali juda yosh edim. Xonamning pardalarini doim tushirib yuradigan, derazamga yaqinlashishdan qo'rqadigan bo’lib qoldim. Xonamda changyutkich ishlatishni ham xohlamasdim, chunki uning tovushi juda baland edi! Qattiq vahimaga berilgan edim”, - deydi u.
13 yoshli Rashad Beyts bir necha yil oldin yaqin do'stini qurolli zo'ravonlik tufayli yo'qotdi. Hardi bilan suhbatlashib o’zimga keldim, deydi u.
“Men bir vaqtning o'zida ham g'azab, ham qayg'uda edim. Hissiyotga berilsam, Hardi xonim kelib, menga dalda beradi”, - deydi u.
Buni ham ko'ring AQShda qurol nazoratini kuchaytirishga yana bir harakatBolalar psixologlarining ta'kidlashicha, hatto qurolli zo'ravonlik haqida yangiliklarni o'qish yoki tomosha qilish ham bolalar salomatligiga salbiy ta'sir ko’rsatib, uyqu buzilishi, ishtahaning yo'qolishi va diqqatni jamlash bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ammo oilalar bu alomatlarni o’z vaqtida aniqlasa, og'ir bezovtalik va depressiya kabi jiddiyroq muammolar yuz berishining oldini olishi mumkin.
“Ota-onalar farzandlari bilan sodir bo'lgan voqealar haqida gaplashishlari foydali bo'lishi mumkin. Siz birga film tomosha qilyapsiz va otishma bor. Bu o'smir yoki maktab yoshidagi bolangizni shu mavzudagi suhbatga jalb qilish imkoniyati”, - deydi psixolog Daniel Marullo.
Qurolli zo'ravonlik arxivi ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilning 17 mayigacha AQShda qurolli zo'ravonlik natijasida 670 dan ortiq bola halok bo'lgan.