AQShda minglab mahbuslar grant asosida qamoqda diplom olmoqda

  • Amerika Ovozi

Konnektikut shtatidagi qamoqxona, 9-iyun, 2023

Qo’shma Shtatlarda minglab mahbuslar kollej diplomlarini panjara ortida oladi, aksariyati “Pell Grant” federal dasturi orqali. Ushbu programma eng muhtoj oilalarning farzandlariga bakalavr darajasini olish uchun grantlar ajratadi, uni qaytarish shart emas.

Joriy oydan boshlab dastur kengaytirilmoqda. Qamoqdagi taxminan 30 ming odamga yiliga 130 million dollar yordam ajratiladi.

Mahbuslarga ta’lim olish uchun federal grantlar ajratishni taqiqlovchi 1994-yilgi qonunga 2020-yilda o’zgartirishlar kiritilgan edi.

Yangi qoidalar jinoyatchilikka qarshi keskin kurash olib borilgan 1970-2000 yillardagi siyosat oqibatlarini qayta ko’rib chiqishni ko’zlaydi. Kuzatuvchilar o’sha siyosat oqibatida AQSh qamoqxonalarida mahbuslar soni 1,9 millionga yetgani, jamiyatda irqiy tafovutlar kuchayganini aytib keladi.

Jazo muddatini o’tab bo’lganidan keyin kishi ozodlikda tinch hayot kechiradimi yoki panjara ortiga qaytadimi? Ko’plab mahbuslar uchun kollej diplomi buni hal qiluvchi omillardan.

Kishining jinoiy o’tmishi ish topishni qiyinlashtiradi va diplom hech bo’lmaganda ikkinchi imkoniyat bor degani.

Bitiruvchi Evan Holms, Konnektikut shtati, 9-iyun, 2023

Kaliforniya davlat universitetini 11 mahbus qatorida bitirayotgan Jerald Massey mast holda mashina haydab, yaqin do’stining o’limiga sababchi bo’lgani uchun 15 yillik jazosining to’qqiz yilini o’tadi. Bu mahbuslarga sinov tariqasida grantlar ajratilgan edi.

“U bilan oxirgi marta gaplashganimda kollejga qaytishing kerak degan edi. Qamoqda o’tirganimda kollejga qatnash imkoniyati borligi haqida xabar topdim va hujjat topshirdim”, - deydi deydi Massey.

Kaliforniyada balog’atga yetgan bir shaxsni qamoqda ushlab turish yiliga taxminan 106 ming dollarga tushadi. Bakalavriat dasturida bir mahbusni o’qitish esa 20 ming dollar.

“Agar mahbus diplom bilan shartli ravishda ozodlikka chiqsa, jinoyat sodir etmasa, yaxshi maosh oladigan ishga joylashsa va soliq to’lasa, demak qamoqxonalarda ta’lim dasturlarini kengaytirish uchun eng yaxshi asos shu”, - deydi Deyvid Zukerman, Kaliforniya davlat universitetining Sakramentodagi kampusi vakili.

Dastur kengayadi

Bu tashabbusga qarshi chiqayotganlar ham bor. Qonunni buzgan odamlarning soliq to’lovchilar hisobidan ta’lim olishini hamma ham qo’llab-quvvatlamaydi.

2015-yilda Obama ma’muriyati mahbuslarga cheklangan miqdorda grantlar taklif etganda, qator respublikachi qonunchilar rejani yoqlamagan.

Folsom qamoqxonasi, Kaliforniya, 25-may, 2023

1970-2000 yillarda Amerikada qora tanli va ispanzabon mahbuslar soni uch baravar, panjara ortidagi oq tanlilar soni esa ikki baravar ko’paygan. 1970-80 yillarda sudlanganlarga “Pell” grantlarini taklif etuvchi yuzlab programmalar 1990-yillarga kelib yopilib ketgan edi.

Kongress 2020-yilda taqiqni bekor qilganidan beri mahkumlar uchun 48 shtatda kollej dasturlari ish yuritmoqda. Endi esa har qanday oliy o’quv yurti federal hukumatdan pul olib, qamoqdagilar uchun o’z dasturini yo’lga qo’yishi mumkin.

Bir muammo shuki, AQSh bo’ylab ko’pgina qamoqxonalarda mavjud ta’limiy va reabilitatsion dasturlarni olib borish uchun joy yetarli emas. Koloniyalar joy topib, talabalari uchun texnologiyani xarid qilishi kerak bo’ladi.

Kollejga ariza topshirish va bitirish nisbatidagi irqiy nomutanosiblik ham muammo sifatida qayd etiladi. Qamoqda o’tirganlarning aksariyati qora tanli, biroq Vera adliya instituti o’tkazgan izlanishga ko’ra, oq tanli mahkumlarning bu dasturlarda ishtiroki yuqoriroq.

Reabilitatsion va ta’limiy dasturlarga yaxshi xulq-atvorga ega mahbuslar tanlab olinadi. Qora tanli va ispanzabonlarning esa ichki tartibni buzganlik uchun jazoga tortilishi ehtimoli yuqori.

Bitiruvchi Manuel Martinez, Kaliforniya, 25-may, 2023

Bitiruv

Kaliforniyadagi Folsom qamoqxonasida may oyida 11 mahbus bakalavr darajasini oldi. 2023-yilning boshida shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan Mayk Lav ular oldida nutq so’zladi.

Qamoqda umrining 35 yilini o’tkazgan 55 yoshli Mayk Lav hozirda Kaliforniya davlat universitetida magistrlik darajasini olish uchun o’qimoqda. Lav – qamoqda qolayotgan sinfdoshlari uchun namuna.

“Sizning ham jamiyatda boshqalar kabi qadringiz bor. Sizni ardoqlashadi, sevishadi, hurmat qilishadi. Men ham shuning uchun oldingizga keldim”, - dedi u nutqida.

Ko’pgina mahbuslarning oilalari bunday kun kelishini, yaqinlari qamoqda diplom olishini xayoliga ham keltirmagan. Mahbuslardan biri bitiruv tadbirida 28 yoshli o’g’lini birinchi marta ko’rdi.

Diplomli mahbuslar qamoqxonaning tashrif xonasida yaqinlari bilan shokoladli tort va shirinliklarni baham ko’rishdi. Tantanali marosimdan so’ng kameralariga qaytayotgan mahkumlar biladiki, ular bir kuni bu diplom bilan ozodlikka chiqadi.