Mehnat muhojirlari: “Karimovni ko’rdik, endi Mirziyoyevni ham ko’ramiz”

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O’zbekiston prezidenti saylovida 350 mingdan oshiq fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan. Ularning yuz mingdan oshig’i xorijdagi o’zbekistonliklar. Muddatidan oldin ovoz berish 5-iyulgacha davom etadi.

O’zbekistonning bir necha million fuqarosi xorijda, asosan Rossiyada, mehnat muhojirligida.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda xorijdagi mehnat muhojirlari sonini 2 million atrofida ekanini qayd etdi. Bu 2 million saylovchi xorijda ekanligini anglatadi.

Ayrim qarashlarga ko’ra, ular soni ta’kidlanayotganidan bir qadar ko’p. Ikki million muhojirlar aksariyatining oilasi, yaqinlari O’zbekistonda ovoz beradi.

Bu O’zbekistondagi saylovlar jarayonida ham seziladi, amaldagi kampaniya ham bundan xoli emas. Asosiy da’vogar Shavkat Mirziyoyev bu safar ham mehnat muhojirlari mavzusini chetlab o’tmadi.

Dastlabki prezidentlik muddatida muhojirlarni ortga qaytarish va ish bilan ta’minlashga, ikkinchi muddatiga kelib ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga va’da bergan Prezident Mirziyoyev uchinchi muddati doirasidagi tashviqotda mehnat muhojirlarini qahramonlar darajasiga ko’tardi.

Bu uchrashuvda, shuningdek, saylov kampaniyasi doirasidagi boshqa uchrashuvlarda ham hech kim, hatto saylovdagi raqobatchi nomzodlar ham, Prezident Mirziyoyevga uning avval bergan va’dalarini eslatishga jur’at qilgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda yana bir saylov: Tayyormisiz?

Mirziyoyev qatorida prezidentlik uchun kurashayotgan raqobatchilar ham mehnat muhojirlari masalasiga diqqat qaratishayotgani ham yo’q.

2021-yildagi saylovda “Milliy tiklanish”dan nomzodi surilgan Alisher Qodirov mehnat muhojirlarini soliqqa tortish taklifi bilan munozara uyg’otgan edi. Bu safar “Miliy tiklanish” partiyasi rasman Prezident Mirziyoyevni qo’llashga qaror qildi.

O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi nomzodi Ulug’bek Inoyatov, “Adolat” partiyasidan nomzodi surilgan Robaxon Mahmudova, Ekologik partiya vakili Addushukur Hamzayevlar hozircha mehnat muhojirligi masalasida biror bayonot qilgani kuzatilmadi.

Mehnat muhojirlarining, xorijdagi o’zbekistonliklarning saylovga qiziqishi mamlakat ichkarisidagi mavjud munosabatlardan keskin farq qilmaydi. O’zbekistonliklar, ular mamlakatda yoki xorijda bo’lsin, saylov taqdiri ularga bog’liq emasligiga, bu narsa avvaldan hal etib bo’linganiga ishonishadi.

Ukrainada ishlayotgan o’zbekistonlikning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, yo’l, imkon topganlar mamlakatdan chiqib ketmoqda, muhojirlik oqimi kamaygani yo’q. Aksariyat aholi saylovga ham, mamlakatda istiqbol bo’lishiga ham ishonmaydi, deydi u.

Buni ham ko'ring AQSh: O'zbekiston hukumati yetarlicha shaffof emas

“Karimovdan keyin Mirziyoyev davri boshlandi. Hech kim Mirziyoyev o’z xohishi bilan prezidentlikdan ketishiga ishonmaydi. Saylovda ovoz bersak, bermasak ham Mirziyoyev g’olib bo’lishini hamma bilib turibdi. Karimovni ko’rdik, endi Mirziyoyevni ham ko’ramiz”, - deydi u.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda, sobiq prezident Islom Karimov o’limi ortidan o’tkazilgan muddatidan avvalgi saylovlar ortidan hokimiyatga keldi. 2021-yildagi navbatdagi saylovlarda g’alaba qilishi uning ikkinchi, qonunchilikda belgilangan so’nggi prezidentlik muddatini boshlab berdi.

Mirziyoyev 2021-yildagi prezidentlik saylovidagi g’alabasi ortidan mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj tug’ilayotganini e’lon qildi, oradan bir muncha vaqt o’tib mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar boshlandi.

Karimov davridagi konstitutsiyaviy o’zgarishlarga guvoh bo’lgan sharhlovchilar islohotlar ikkinchi muddati yakunlanayotgan Shavkat Mirziyoyev vakolatlarini uzaytirishni maqsad qilayotganini taxmin qildi.

2023-yilga kelib mamlakatda yangi konstitutsiya bo’yicha referendum o’tishi, prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilayotgani, Prezident Mirziyoyev yangi konstitutsiyaga muvofiq yana ikki muddatga o’z nomzodini prezidentlikka surishi mumkinligi aniq bo’ldi.

Shu yilning 30-aprelida o’tkazilgan referendumda o’zbekistonliklar yangi konstitutsiyani ma’qullashdi va Shavkat Mirziyoyev mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini e’lon qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Oqil siyosat xohlaymiz" - O'zbekiston saylovchilari

O’zbekistonda nima sababdan muddatidan avval prezidentlik saylovi e’lon qilinganligining asl sababi hamon mavhum.

Mamlakat biror favqulodda hodisa bilan yuzlashgani yo’q, navbatdagi saylovlar 2026-yilda o’tishi lozim edi.

Navbatdan tashqari saylovlarni e’lon qilgan Mirziyoyev ikkinchi muddati doirasidagi uch yillik vakolatidan voz kechayotganiga ishora berdi, ammo bu uch yillikni 7 yildan qilib belgilangan uchinchi va katta ehtimol bilan to’rtinchi muddati hisobiga qoplashi mumkinligi haqida hech narsa demadi.