Ukraina g'alla eksporti uchun yangi yo'nalishlar qidirmoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Ukraina g’allasini Qora dengiz orqali eksport qilish bitimidan chiqqan bir paytda ukrain fermerlari yangi hosilni yig’ish bilan band.

Kreml bu bitimdan chiqishi ortidan ukrain portlariga, g´alla omborlariga hujum boshladi, dunyo bozorida don narxi sapchishiga sabab bo’ldi.

Qishloq xo’jaligi sohasida 30 yillik tajribaga ega Ruslan Golub dunyoga taniqli yuk tashuvchi kompaniyalar bilan zarur aloqalar o’rnatgan.

Uning aytishicha, Rossiya Qora dengiz orqali don eksporti bitimidan chiqmasdan ancha avval qasddan yuklarni uzoqroq ushlab qolishga harakat qilgan.

“Men ko’plab yuk tashuvchilar bilan suhbatlashdim, ular hammasi rossiyalik inspektorlar qasddan navbatlarni yuzaga keltirganini, kemalar navbat kutishga majburligini aytishadi ”, - deydi Ruslan Golub.

Ukraina Dunay daryosi, quruqlikda esa Slovakiya, Polsha orqali yangi yo’nalishlar ustida ishlayapti. Ammo Golubning aytishicha, Qora dengiz yo’nalishi eng ma‘quli hisoblanadi:

“Dengiz yo’l xarajatlarini tejaydi. Bu joylarda fermerlar ishlab chiqarish bahosiga ta’sir ko’rsatadi”.

Buni ham ko'ring Ukraina yana Qrim ko'prigiga zarba berdi. Rossiya esa Ukraina bilan g'alla kelishuvidan chiqdi

Gollandiyalik fermer Kes Heyzinge 20 yildan buyon Ukrainada ishlaydi. U agar mahsulotini Qora dengiz yo’nalishi orqali jo`nata olmasa, butin hosildan ajrashi mumkinligidan xavotirda.

“Ortimda turgan donning hammasini yo’qotamiz. Afsus, chunki biz uni eksport qila olmas ekanmiz, o`zimiz yeb tugata olmaymiz. Qora dengiz buning hammasini eksport qiluvchi yagona yo’l”, - deydi u.

Bu yil ukrain fermerlari narxning keskin pasayishi bilan to’qnash kelishdi. Golubning aytishicha, u va hamkasblari g’allaning bir tonnasini 150 dollardan sotishga majbur bo`lgan; bu o’tgan yilgidan ikki barobarga kam.

“Ayni paytda biz daromadsizlik yoki ziyoniga ishlash yoqasida turibmiz. Bu qanaqasiga mumkin? Ukrainalik fermerlar tabiatan o’ta mehnatkash, ular erta yoki kech baribir avvalgi daromad darajasiga chiqishlariga umid qilishadi. Tashqi muammolarga qaramasdan, ekishda davom etishlari muhim”, - deydi Ruslan Golub.

Ukrainaliklar Qora dengiz yo’nalishi bo’yicha BMT va Turkiya kabi xalqaro hamkorlarga ham umid bilan qarashyapti.

“Lozim bo´lgan taqdirda, Turkiya BMT shafeligida Rossiya ishtirokisiz ham Qora dengiz yo’nalishi xavfsizligini ta´minlab berishi mumkin. Bu taklifning mohiyati shundaki, bizning portlarimiz tomon kelayotgan kemalar turli davlatlar bayroqlari ostida harakatlanadi. Ularning birortasi Rossiya hujumiga uchrasa, bu qaroqchilik akti hisoblanadi”, - deydi Global tadqiqotlar markazi vakili Pavel Iakiychuk.

Buni ham ko'ring Turkiya-Rossiya aloqalari qaysi yo'ldan ketmoqda?

Rossiya g’alla bitimidan chiqib, Ukrainadagi g’alla omborlarini hujumga tutdi. Prezident Zelenskiyning aytishicha, ukrain portlarida havo mudofaasini kuchaytirish xavfni bartaraf etishi, dunyo bozoridagi narxlarni ham barqarorlashtirishi mumkin.