Mamlakatda tazyiq va repressiyaga uchragan Xitoyning minglab uyg‘urlari xorijga chiqib ketishga majbur. Ammo Xitoydan tashqarida ham ko'pchilik o’zini xavfsiz his qilmaydi. "Amerika Ovozi"ning o’rganishicha, Xitoy hukumati diplomatiya, iqtisodiy bosim va hatto xalqaro institutlardan o'z ta'sirini kengaytirish hamda xorijdagi siyosiy dushmanlarini ta'qib qilish uchun foydalanmoqda.
Xitoyning uyg'urlar siyosati ko'plab davlatlar tomonidan qoralangan va xavotirli deb topilgan.
Xitoyning g‘arbiy Shinjon mintaqasida yashovchi musulmon va turkiyzabon uyg’urlar separatizm va ekstremizmga qarshi kurash da’vosi doirasida hukumatning ommaviy kuzatuv, majburiy mehnat, hibs va hatto sterilizatsiya kabi ta’qib choralariga uchrab keladi.
Taxminlarga ko'ra, bir milliondan ortiq uyg'ur Xitoy hukumati "qayta o'qitish markazlari" deb ataydigan majburiy lagerlarida saqlanadi. Faollarning aytishicha, hatto mamlakat tashqarisiga qochgan yuz minglab odamlar ham Kommunistik partiyaning qo'lidan xavfsiz emas.
“ProPublica” ma'lumotiga ko'ra, Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) xorijdagi xitoylik fuqarolarni kuzatish va ta'qib qilish uchun ko'plab vositalarga ega.
Buni ham ko'ring Hisobot: Genotsid aybloviga qaramay, Shinjonga xalqaro turlar davom etmoqdaUshbu usullarning ba'zilari yashirin yoki bilvosita; masalan, diaspora tarmoqlarida ayg'oqchilar va agentlardan maqsadli shaxslarni ta'qib qilish va qo'rqitishda foydlanish yoki Xitoydagi qarindoshlariga tahdid qilish orqali qaytishga majburlash shular jumlasidan.
Elchixonalar va konsulliklar sayohat hujjatlarini rad etish, odamlardan pasportlarini yangilash uchun Xitoyga qaytib borishni talab qilish yoki konsullik xizmatlaridan foydalanishda ularni qo'shimcha nazorat qilishga urinish kabi vositalarni ham ishga soladi.
So'nggi yillarda XKP xorijiy hukumatlar va xalqaro tashkilotlar ustidan mavjud o'zining sezilarli global ta'siridan foydalanib, rasmiy vositalar orqali o'z maqsadlariga erishishga intilmoqda.
"Safeguard Defenders" notijorat inson huquqlari guruhiga ko'ra, Xitoyning Xalqaro Jinoiy Politsiya Tashkiloti - Interpoldan o’z maqsadlari yo’lida foydalanishi eng ko'p tashvishga soladigan holatlardan biridir. Xitoy hukumati Interpolning hibsga olish orderlaridan dissidentlar va faollarni, jumladan, taniqli uyg'urlarni nishonga olish uchun foydalangan.
"Qizil xabarnomalar" deya ataladigan orderlarda paydo bo'lgan shaxslar, hatto Xitoyning bevosita ta'siri bo'lmagan mamlakatlarda ham sayohat paytida so'roq tutilish, vizaning rad etilishi yoki hibs va deportatsiyaga sabab bo’lishi mumkin.
Ba'zi Interpol e’lonlari nashr etilgan va omma uchun ochiq bo'lsa-da, ko'plari faqat huquqni muhofaza qilish organlari uchun mavjud. Oddiy fuqarolar, ko'pincha, ulardan bexabar bo’ladi.
Bunday xabarnoma e'lon qilingandan so'ng, unga qarshi shikoyat qilish va e’lonni bekor qilish uchun yillar kerak bo'ladi. Jahon Uyg‘ur Kongressi prezidenti Dolkun Iso 2018-yilda shunday e’lon tufayli Janubiy Koreya va Italiyada hibsga olingan edi. Uning nomi 20 yilga yaqin Interpol ro’yxatida turgan.
Yana bir uyg‘ur faoli Idris Hasan uchun vaziyat yanada ayanchli.
U Interpol ro’yxatida bo’lgani uchun Marokashda hibsga olingan; uning hibs orderi bekor qilingandan keyin ham hanuz qamoqda qolayotgan Idris Xitoyga ekstraditsiya qilinish xavfi bilan yuzlashmoqda.
Buni ham ko'ring Faollar: Turkiyaga aloqador uyg'urlar hibsga olinmoqdaNazariy jihatdan, Interpol siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy sabablarga ko'ra odamlarni hibsga olishi mumkin emas. Ammo amalda a'zo davlatlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar juda kam tekshiruvdan o’tadi.
Xitoy hukumati moliyaviy jinoyatlar yoki korrupsiya ayblovlarini, ko'pincha, jiddiy dalillarsiz taqdim etishi mumkin. Ayniqsa, uyg'urlar tez-tez "terrorizm" yoki "islomiy ekstremizm" kabi noaniq ayblovlarga duchor bo'ladi.
Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi ko'p tomonlama institutlar ishida ham terrorga qarshi kurash nomi ostida o’z fuqarolarini ekstraditsiya qildirishga urinadi.
Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston, Pokiston va Eronni qamrab olgan tashkilot aʼzolariga boshqa aʼzo davlatlardan kelgan qochqinlarga tegishli tartib va talablarsiz boshpana bermaslik imkonini beradi. Ba'zi kuzatuvchilar bu tashkilotning G'arbga qarshi Xitoy va Rossiya hukmronlik qiladigan blokka aylanishi mumkinligini da'vo qilmoqda.
Uyg'ur diasporasini ta'qib qilishiga xorijiy hukumatlarning, ayniqsa, musulmonlar ko’pchilik bo’lgan mamlakatlarning ham yordam berayotgani ajablanarli.
Bu hamkorlikning ba'zilarini iqtisodiy sabablar bilan izohlash mumkin. Xitoy o'zining "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusi orqali Pokiston va Qirg'iziston kabi mamlakatlarda asosiy kreditor hisoblanadi. Biroq siyosiy va mafkuraviy omillar ham rol o'ynaydi. Xitoy hukumatining ichki barqarorlikni demokratiyadan ustun qoʻyishi va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bo’layotgan tanqidlarni ichki ishlarga aralashish sifatida koʻrsatishi dunyodagi boshqa avtoritar hukumatlarga ham ma’qul keladi.
Buni ham ko'ring Arab yoshlari orasida Xitoyning obro'si oshmoqdaXitoyning bunday xatti-harakati boshqa mamlakatlar uchun ham xorijdagi tanqidchilar ovozini o’chirishda keskin usullarni qo’llashni normallashtirmoqda. Masalan, Birlashgan Qirollikda Rossiya harbiy razvedkasining sobiq zobiti Sergey Skripal zaharlandi. Turkiyada esa saudiyalik dissident va jurnalist Jamol Qoshiqchi vahshiylarda o’ldirildi.
Xitoyning global miqyosdagi ta'siri kuchayib borar ekan, qochishga intilayotganlar borishi mumkin bo’lgan hududlar qamrovi toraymoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, uyg‘urlarning transchegaraviy ta’qibi nafaqat diasporaga, balki xalqaro institutlar mavqei va qonun ustuvorligiga ham tahdid soladi.