Turkiya yillar davomida Xitoydan qochgan uyg’urlar uchun boshpana vazifasini o’tagan. Bu qisman Anqara uyg’urlarni qardosh xalq deb bilib, Pekinga ekstraditsiya qilishdan bosh tortishi bilan bog’liq.
Ammo ba’zi uyg’urlar so’nggi oylarda xorijda, xususan, Turkiyada tahsil olgan uyg’urlarni hibsga olishlar ko’payganini aytadi.
“Tashkilotimiz so’nggi oylarda qo’lga olingan 10 dan ziyod uyg’ur haqida batafsil ma’lumotga ega. E’tiborlisi, by shaxslarning barchasi avvalroq Turkiyada bo’lgan”, - deydi Norvegiyada yashovchi inson huquqlari faoli Abduvali Ayub.
Uning aytishicha, hibsga olinganlarning barchasi 2010-yillar boshida Turkiyaga tashrif buyurgan va 2017-yilda Shinjonda ommaviy hibslar boshlanishidan oldin vataniga qaytgan.
Ular orasida uyg’ur estrada qo’shiqchisi, Shinjondagi teatrda orkestr a’zosi Nurali Hoji ham bor. U 2010-yillar boshida Turkiyada musiqadan tahsil olgan. Uning do’stidan olingan ma’lumotga ko’ra, Hojini shu yil boshida Shinjon politsiyasi Urumchida hibsga olgan.
“Nurali hibsga olinganida rafiqasi ikkinchi farzandiga to’qqiz oylik homilador edi. U shum xabarni eshitib, hushidan ketgan va yiqilgan. Afsuski, bola qornida o’lgan”, - deydi do’sti.
Ismi sir tutilishini so’ragan bu manbaga ko’ra, ikki yil oldin yana bir taniqli musiqachi Sherali Eltikin ham hibsga olingan, u ham 2010-yillarda Turkiyaga safar qilgan.
“Eltikin “Si dada” degan qo’shiq aytib, Si Zinpinni va uning Shinjondagi siyosatini maqtagan bo’lsa-da, uni ayab o’tirishmadi”, - deydi u.
Nurali Hojining Turkiyada yashovchi yana bir do’sti “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Nurali Istanbul universitetida darslar olgan, so’ngra musiqashunoslik bilan shug’ullanib, 2014-yilda Turkiyani tark etgan.
Turkiyada yashagan davrida Nurali ehtiyotkor bo’lgani, har qanday siyosiy faoliyatdan uzoqroq yurgani aytiladi.
“U ayniqsa Turkiyadagi uyg’ur siyosiy harakati bilan aloqa qilmaslikka harakat qilardi”, - deydi do’sti.
Boshpana
1950-yillardan beri Turkiya Xitoydan qochgan uyg’urlar uchun boshpana bo’lib kelgan. Bu davlatda taxminan 50 000 uyg’ur yashaydi.
Xorijda, xususan Turkiyada tahsil olgan uyg’urlarning hibsga olingani haqida AQSh va Yevropadagi qochqinlar ham gapirishadi.
AQShda yashovchi huquqshunos Rayhon Asadning aytishicha, amakivachchasi va uning xotini qamoqqa hukm qilingan. Ular 2012-yilda ingliz tilini o’rganish uchun Malayziyaga borgan, keyin Turkiyada to’xtab, 2014-yilning avgustida Shinjonga qaytgan.
“Qaytishganidan so’ng er-xotin “Mini Istanbul” degan kichik do’kon ochishgan edi”, - deydi Asad.
2018-2019 yillarda bir yilni “qayta tarbiyalash” lagerida o’tkazgan er-xotin, deydi u, bu gal aniq qonuniy sababsiz va sudsiz 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu ushbu maqolada keltirilgan odamlar ishidan xabardor emasligini bildirdi.
“Xitoy – qonun ustuvorligiga asoslangan davlat. Hukumat fuqarolarning qonuniy huquqlarini, jumladan, shaxsiy erkinliklari, kirish-chiqish huquqlarini himoya qiladi. Shinjonda hech qachon uyg’urlar yoki boshqa xalqlarning erkin harakatlanishi cheklanmagan”, - deya javob berdi Pengyu “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali.
Norvegiyadagi “Uyg’ur ko’mak” tashkilotiga ko’ra, 2012-yilda Turkiyaning o’sha paytdagi bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning Urumchiga tashrifidan so’ng ko’plab uyg’urlar Turkiyaga sayohat qila boshlagan.
O’rtadagi madaniy va til yaqinligi, shuningdek, Turkiyada mavjud bo’lgan ta’limiy va biznes imkoniyatlar bunga zamin yaratgan.
“Yaqinda hibsga olinganlar ikki mamlakat munosabatlari yangi bosqichga kirgan o’sha paytda Turkiyaga borgan, - deydi tashkilot vakili Abduvali Ayub. – Hatto o’sha yillarda “Hainan” va Xitoy Janubiy aviayo’llari singari kompaniyalar ham Urumchidan Istanbulga to’g’ridan-to’g’ri parvozlarni yo’lga qo’ygan edi”.