Armaniston Rossiyadan yuz o'girib, G'arbga yuzlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Armaniston harbiylari

85 nafar amerikalik askarning Armanistonga trening missiyasi uchun kelishi Rossiya hukumatining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti orqali Rossiya bilan yaqin harbiy hamkorlikka ega.

AQSh harbiylari Armanistonda “Burgut hamkori” nomli harbiy mashg‘ulotda qatnashadi. Ular davomida Armanistonning 12-Tinchlikni saqlash brigadasining 175 nafar a’zosi bilan trening o‘tkazadi. Maqsad arman askarlarining tinchlikparvar kuchlar sifatida NATO standartlariga muvofiqligini baholash ekani aytilmoqda.

10 kunlik mashg‘ulotlar Armaniston poytaxti Yerevan yaqinidagi poligonlarda bo‘lib o‘tadi. Amerika kuchlari tarkibi 101-havo desant diviziyasi va Kanzas milliy gvardiyasi a'zolaridan iborat.

Keskin davr

AQSh askarlarining Armanistonga kelishi mintaqada keskinlik avj olgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Armaniston va Ozarbayjon so‘nggi bir necha o‘n yil ichida bahsli Tog‘li Qorabog‘ hududi yuzasidan ikki marta o’zaro urush olib borgan.

Buni ham ko'ring Ozarbayjon-Armaniston muzokaralari noma'lum muddatga qoldirildi

Eng soʻnggi mojaro 2020-yilda yuz bergan edi. U Rossiya vositachiligida tinchlik oʻrnatish bilan yakunlandi. Buning natijasida Armaniston Ozarbayjonga yerlarning bir qismini qaytarish majburiyatini oldi. Shunga qaramay, Tog'li Qorabog'ning katta qismi bo'lginchi etnik arman hukumati nazorati ostida qolmoqda.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi deb nomlanuvchi hududga 2000 nafar rus askarini joylashtirishni o‘z ichiga olgan. Koridorda rus qo'shinlarining mavjudligi Tog'li Qorabog'dagi odamlarning Armanistonga kirishiga imkon berishi, shuningdek, tashqi dunyoga ta'minot liniyasini ochishi kerak edi.

O'tgan dekabr oyida Ozarbayjon hukumati yo'llarni yopib, ta'minot yo'lini uzib qo'ydi va Armaniston gumanitar inqiroz deb ta'riflagan vaziyatni yaratdi. Ko‘plab yordam kolonnalarining mintaqaga kirishi amalda taqiqlandi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa buning oldini olishga urinmadi; bu Armaniston hukumatini g‘azablantirdi.

Buni ham ko'ring Hisobot: Rossiya imperiyasi qulamoqdami?

Ozarbayjon Togʻli Qorabogʻga taʼminotni qasddan toʻxtatayotganini inkor etib, yordam karvonlari nomi ostida kontrabanda va “provokatsiya” yuz berayotganini daʼvo qilmoqda.

Rossiya bilan aloqalardagi sovuqlashish

O‘tgan hafta Amerika qo‘shinlari kelishi kutilayotgan bir paytda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Italiya gazetalaridan biriga intervyu berib, Rossiyani tanqid qildi. Unga ko’ra, Moskva Armaniston xavfsizligini ta’minlay olmagan va Janubiy Kavkaz mintaqasidagi mas'uliyatidan voz kechgan.

“Armaniston xavfsizlik arxitekturasi 99,999% Rossiya bilan bogʻliq edi, shu jumladan qurol va oʻq-dorilar xarid qilishda ham, - dedi Pashinyan “La Repubblica” gazetasiga. - Ammo bugun biz Rossiyaning o'zi qurol-yarog' va o'q-dorilarga muhtoj ekanini ko'rib turibmiz. Bu vaziyatda, agar xohlasa ham, Rossiya Federatsiyasi Armanistonning xavfsizlik ehtiyojlarini qondira olmasligini tushunish mumkin".

“Bu misol bizga xavfsizlik masalalarida faqat bir sherikga qaramlik strategik xato ekanligini ko‘rsatishi kerak”, - deya qo‘shimcha qildi Pashinyan.

Moskva javob berdi

Pashinyan hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirish chog‘ida harbiy jinoyatlarda ayblagan organ – Xalqaro jinoiy sudni yaratish shartnomasini ratifikatsiya qilish yo‘lida ham qadam tashladi.

Xalqaro jinoiy sud 2002-yilda 60 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilinishi ortidan tashkil etilgan. O'shandan beri o'nlab boshqa davlatlar ham shartnomani ratifikatsiya qildi yoki unga qo'shildi. Agar Armaniston unga qo‘shilsa, bu 124-davlat bo‘ladi.

Bundan tashqari, bosh vazirning rafiqasi yordam missiyasi doirasida Ukraina poytaxti Kiyevga tashrif buyurdi.

Rossiya hukumati Armaniston elchisini bosh vazirning bayonoti va hukumatning harakatlariga “qat'iy norozilik” bildirish uchun Kremlga chaqirdi.

“Armaniston rahbariyati so‘nggi kunlarda bir qator nodo‘stona qadamlar qo‘ydi; Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilish jarayonini boshlashi, bosh vazir rafiqasi Anna Akopyanning fashistlar rejimiga insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun Kiyevga safari va AQSh ishtirokida Armaniston hududida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi shular jumlasidan”, deya bayonot berdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko’ra, Armaniston soʻnggi ikki yil davomida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining yana besh aʼzosi bilan mashgʻulotlarda qatnashishdan bosh tortgan bir paytda AQSh qoʻshinlariga mezbonlik qilishi “gʻalati”.

Buni ham ko'ring Vashington Ozarbayjon-Armaniston tinchlik muloqotiga mezbonlik qilmoqda

“Bu hech kimga, jumladan Armanistonning o‘ziga ham foyda keltirishiga ishonmayman. Amerikaliklar qayerga bormasin, bu har doim muammoni anglatadi”, - dedi Lavrov yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Dushanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Armanistonning harakatlarini "mantiqiy tushunishga" harakat qilayotganini aytdi.

“Armanistonning nima uchun KXShT bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni istamasligini va Qo‘shma Shtatlar bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishga qaror qilganini va maqsadi nima ekanini tushunish uchun har tomonlama tahlil kerak bo’ladi", - dedi Peskov.

Mojaro kuchayishi bo’yicha xavotirlar

Pashinyan hukumati, shuningdek, Ozarbayjon qo‘shinlari Armaniston chegaralarida to‘planayotgani haqida ogohlantirdi. Ozarbayjon esa buni rad etmoqda.

So‘nggi kunlarda Pashinyan ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan AQSh, Fransiya va Germaniya rahbarlariga murojaat qilib, Ozarbayjon bilan kelishuvga vositachilik qilishda yordam so‘radi.

Dushanba kuni Pashinyan Ozarbayjonning yaqin ittifoqchisi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdigan bilan gaplashgan. OAV xabarlariga ko'ra, tomonlar mintaqadagi keskinlikni kamaytirish yo'llarini muhokama qilgan. Bir kun avval Erdo‘g‘on Tog‘li Qorabog‘da ayirmachi hukumat o‘tkazgan saylovni qoralagan edi.

Muntazam trening

AQSh armiyasi “Eagle Partner” operatsiyasini oddiy mashg‘ulot sifatida tavsifladi.

"Eagle Partner" - bu ikki davlatimiz askarlari uchun taktik darajada yangi munosabatlar o'rnatish va tinchlikni saqlash operatsiyalari uchun o'zaro muvofiqlikni oshirish uchun muhim imkoniyatdir, – dedi AQSh armiyasining Yevropa va Afrika bo'limi vakili polkovnik Martin O'Donnell. – Bu, shuningdek, Kanzas milliy gvardiyasi Armaniston bilan o'rnatgan 20 yillik munosabatlarga asoslanadi".