Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoga yaxlit bir mintaqa sifatida qarash shakllanib bormoqda. Mintaqa ichida ham birdamlikka intilish kuzatilmoqda, ammo davlatlar na siyosiy, na iqtisodiy, na xavfsizlik va yo boshqa yo‘nalishda birdamlikka erisha olgani yo‘q. Shu fikrni ilgari surayotgan siyosatshunos-tahlilchilar “C5+1” formatlari mintaqaning besh davlati o‘zaro birdamlikka erishishi uchun ham ahamiyatli ekanligini ta’kidlamoqda.
Tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyonning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, “C5+1” formatidagi uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro siyosatini muvofiqlashtirishiga turtki bo‘lmoqda.
"Markaziy Osiyoning besh davlati orasida Maslahat uchrashuvlari o‘tkazilishining yana bir ahamiyati "Markaziy Osiyo+" formatlarining mavjudligi. Chunki ko‘plab tashqi kuch – qudratli davlatlar Markaziy Osiyo bilan hamkorlik formatlarini tashkil qildilar. Shunday formatlarning mavjudligi Markaziy Osiyo davlatlari oldiga juda muhim bir vazifani qo‘yadi – bu ham bo‘lsa, davlatlar o‘zaro siyosatini muvofiqlashtirishi lozim",-deydi Sherali Rizoyon.
Buni ham ko'ring Donald Lu: Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga ergashmadiOxirgi vaqtlar mintaqa davlatlarini birdamlikka chorlaydigan jarayonlar tezlashgan. Joriy yilning sentyabr oyi bu yo‘nalishda bir-necha muhim voqealar kuzatildi. 14-sentyabr kuni Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvining beshinchi sammiti o‘tkazildi. 15-sentyabr kuni mintaqa transchegaraviy daryolar suvi taqsimoti va Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini belgilaydigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlat rahbarlarining navbatdagi kengashi bo‘lib o‘tdi. 19-sentyabr kuni Markaziy Osiyo davlat rahbarlari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida qatnashib, birin-ketin ma’ruza qildi. AQSh Prezidenti Jozef Bayden bilan “C5+1” formatida muloqot o‘tkazdi. 29-sentyabr kuni esa, "Markaziy Osiyo - Germaniya" formatida davlat rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bir tarafdan, “C5+1” formatida yana bir, Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan bo‘lgan Germaniya bilan muloqot maydoni paydo bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tarafdan "Markaziy Osiyo - AQSh" muloqotlari prezidentlar darajasiga ko‘tarildi.
Tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyon fikricha, Markaziy Osiyo bilan “C5+1” formatida muloqot olib borayotgan davlatlar ichida AQSh alohida o‘rin tutadi.
"AQSda davlat rahbarlarining “C5+1” formatida uchrashishi, juda katta yutuq, deb o‘ylayman. Chunki Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng AQSh o‘z siyosatida Markaziy Osiyoga e’tiborni kamaytirgan edi. Jahonda kuzatilayotgan jarayonlar fonida AQSh bilan maslahat uchrashuvi o‘tkazilishi juda muhim… Shunday qilib, Markaziy Osiyo BMT Xavfsizlik kengashining 60 foiz ishtirokchilari bilan maslahat kengashlariga ega bo‘ldi",-deydi Sherali Rizoyon.
Your browser doesn’t support HTML5
Bugunga qadar Markaziy Osiyo davlatlari jahonning o‘nga yaqin qudratli davlat yoki ittifoqlari bilan “C5+1” formatidagi muloqot maydoniga ega bo‘ldi.
Birinchi bo‘lib, 2004-yilda Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p tomonlama hamkorlik formatini yo‘lga qo‘ygan. 2007 yilda Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya bilan ham aynan shunday mexanizmda uchrashuvlar boshlangan. 2015 yilda AQSh bilan Markaziy Osiyoning besh davlati orasida ham shunday shaklda uchrashuvlar yo‘lga qo‘yildi. 2018 yilda Hindiston, 2020 yilda Rossiya va Xitoy bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham shu shakldagi uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, 2022 yilda Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan ham Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda uchrashuv o‘tkazdi. Joriy yil “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va Germaniya muloqot maydoni yaratildi. Tahlilchilar fikricha, dunyoning yetakchi davlat va ittifoqlari Markaziy Osiyoga yaxlit bir mintaqa sifatida qaramoqda. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari siyosatida, hatto tashqi siyosatida ham muvofiqlashtirish kuzatilmaydi. Aksincha, mintaqadagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha birdamlik yo‘q. Jumladan, iqtisod, xavfsizlik hamda suv-energetika kabi mintaqa uchun eng muhim bo‘lgan masalalarda davlatlar turli pozitsiyalarda qolmoqda.
Mintaqa davlatlaridan ikkitasi – Qozog‘iston va Qirg‘iziston "Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi"ga to‘laqonli a’zo. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston esa, bu iqtisodiy birlashmaga a’zo emas. Shuningdek, mintaqaning uch davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston "Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti"ga a’zo. O‘zbekiston va Turkmaniston mazkur tashkilotga a’zo emas. Birinchisi iqtisodiy va ikkinchisi xavfsizlik sohalariga yo‘naltirilgan har ikki tashkilotga norasmiy tarzda Rossiya yetakchilik qilishi aytiladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston 2012 yili "Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti"dan chiqishga qaror qiladi. Ammo sof mintaqaviy tashkilotlarda ham Markaziy Osiyo davlatlarining birdamligi kuzatilmaydi. Masalan, Qirg‘iziston 1993 yili Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining tashabbus va irodasi bilan tashkil etilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlat rahbarlari kengashidagi faoliyatini 2016 yili to‘xtatib qo‘yadi. Bunga mintaqa transchegaraviy daryolariga oqimning quyi davlatlari oziq-ovqat ta’minoti va ekologiya muvozanati manbasi sifatida, yuqori davlatlar esa, yashil energetika manbasi sifatida qarashi sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, mintaqada suv zaxiralaridan foydalanish masalasida barcha ishtirokchilarning manfaatlarini hisobga oladigan yagona pozitsiya muvofiqlashtirilmagan.
Buni ham ko'ring AQSh-Markaziy Osiyo: C5+1 muloqoti bo'yicha fikrlar qanday?Shuningdek, Afg‘onistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olgan Tolibon (Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyati taqiqlangan) tashkilotiga nisbatan ham mintaqa davlatlarining pozitsiyasi turlicha. Mintaqaning Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan uch davlatidan ikkitasi – O‘zbekiston va Turkmaniston toliblar bilan muloqotga kirishgan, uchinchi davlat – Tojikiston esa, Tolibonga nisbatan qat’iy e’tiroz pozitsiyasida qolmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya- Ukraina urushi masalasida o‘zaro bir-biriga yaqin pozitsiyani tutdi. Mintaqaning barcha besh davlati mazkur urushga nisbatan neytral pozitsiyada qolmoqda.
Siyosatshunos Sherali Rizoyonning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari terroristik va ekstremistik tashkilotlarga nisbatan ham pozitsiyalarini muvofiqlashtirishi lozim.
Tojikistonlik rasmiy tahlilchilar ham mintaqa davlatlari tashqi siyosatini muvofiqlashtirgan holda olib borishi lozimligini ta’kidlaydi.
"Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi siyosati o‘zaro muvofiqlashtirilgan bo‘lishi kerak. Ichki siyosatda masalalar ko‘rsatilsin va barcha davlatlar o‘z tashqi siyosatida shu narsalarni e’tiborga olsin. Ya’ni bu besh davlatning tashqi siyosati muvofiqlashtirilgan, muvozanatli va integratsiyalashgan bo‘lishi kerak. Bunda barcha besh davlatning manfaatlari hisobga olingan bo‘lishi kerak",-deydi Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi axborot ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Zubaydullo Davlatov.