Mexiko shahrida AQSh va Meksika rasmiylari immigratsiya, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va boshqa umumiy muammolar haqida muzokara o'tkazdi. Bu orada AQShning chegarada devor qurililishini kengaytirishga qaror qilgani tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi.
AQSh va Meksika o'rtasida o’tkazilgan yuqori darajadagi xavfsizlik muzokaralarida bir qator sohalarda, jumladan, noqonuniy qurol va giyohvand moddalarga qarshi kurash bo’yicha erishilgan yutuqlar tilga olindi.
“Biz tergov, hibsga olish va ta’qib qilish, taqiqlash bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirmoqdamiz. Meksika rasmiylari AQShga olti yil oldingiga qaraganda 40 foizga ko'proq o'qotar qurollarni qidirish bo’yicha so'rovlarni yubormoqda. Bu huquqni muhofaza qilish organlariga qurol savdosini boshidan to'xtatish imkonini beradi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
AQSh Adliya vaziri Merrik Garland ham Sinaloa karteli rahbari va "El Chapo" Guzmanning o'g'li Ovidio Guzman Lopesning AQShga ekstraditsiya qilinishini olqishladi.
"Biz bu ishni adolat yo'lida jonlarini fido qilgan Meksika huquq-tartibot idoralari va harbiy xizmatchilarisiz amalga oshira olmagan bo’lardik”, - dedi u.
Buni ham ko'ring AQSh-Meksika chegarasi - migrantlarning o'lim maydoniMeksika Xavfsizlik vaziri Roza Rodriges Meksikada fentanil ishlab chiqarilmasligini qayd etgan holda, bu modda va uning xom-ashyosi noqonuniy savdosini cheklash bo'yicha yangi strategiyani e'lon qildi.
“Bozorni tartibga solish uchun kimyoviy xom-ashyolarni ishlab chiqaruvchi mamlakatlar yig'ilishini o'tkazamiz va hozirda sintetik giyohvand moddalarni olib, sotayotgan jinoiy tashkilotlarni ta’qib qilishni davom ettiramiz”, - dedi Meksika rasmiysi.
Ushbu yig’inda migratsiya ilk bor ikki tomonlama muzokaralarning asosiy kun tartibiga kirdi. Ammo Bayden ma'muriyatining chegara devorini kengaytirish bilan bog'liq so'nggi qarori tomonlar o’rtasida yangi savollarni o’rtaga chiqardi.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas siyosatda o'zgarish yo’qligini ta’kidladi.
"Bugun xabar qilingan qurilish loyihasi aslida 2019-yilda oldingi ma'muriyat davrida moliyalashtirilgan edi va qonun hukumatdan ushbu mablag'larni shu maqsadda ishlatishni talab qiladi", - dedi vazir.
Avvalroq Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador bu qarorni keskin qoralagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ikki tomonlama muzokaralar yakunlanishi arafasida esa Meksika Tashqi ishlar vaziri Alisiya Barsena biroz yumshoqroq ohangda gapirdi.
"Menimcha, vazir Mayorkas voqealarga oydinlik kiritdi. Lekin bu e'lonning ular tashrifi paytiga to'g'ri kelgani afsuslanarli”, - dedi u.
Mayorkasning ta'kidlashicha, samarali chegara xavfsizligi kompleks yondashuvni, jumladan, zamonaviy kuzatuv texnologiyasi va kirish portlarini modernizatsiya qilishni talab qiladi.