Amerika rahbari Jo Bayden yaqin kunlarda Isroilga safar qilishi kutilmoqda, ammo aynan qachonligi aytilmayapti. XAMAS bilan urushayotgan davlatga tashrif buyurish, atrofdagi mamlakatlarda ham to'xtash AQSh prezidenti tomonidan Yaqin Sharqqa jiddiy signal bo'ladi. Vashington uchun dunyoning bu qismi naqadar muhim ekanidan darak, deydi rasmiylar.
Oq uyga ko'ra, Bayden avvalo yahudiy ommaga AQSh ularni qanchalik quvvatlashini shaxsan eslatib qo'ymoqchi.
Biroq ayni damda Isroil armiyasi G'azoga bostirish kirish ustida o'ylanmoqda. Mintaqa urush ichida qolib, unga qo'shni davlatlar, jumladan Eron ham aralashishi mumkin, degan xavotir hukmron. Arab davlatlari Vashingtonni uzoqni ko'zlab ish tutishga undamoqda.
Bayden nazarida XAMAS terrorist guruhdir va yo'q qilinishi kerak. Isroilda bu harakat 7-oktabrdan beri kamida 1400 kishini o'ldirgan, jumladan 30 amerikalikni. Isroil esa unga qarshi hujumlarda kamida 2400 falastinlikning yostig'ini quritgan. O'zaro xurujlar tinmayapti.
Bayden AQShning "CBS" kanaliga bergan intervyusida Isroilni G'azo sektorini bosib olmaslikka chaqirgan.
“Bu katta xato bo'ladi. XAMAS, ayniqsa uning eng ekstremistik elementlari Falastin xalqini aks ettirmaydi. Shunday ekan, Isroil G'azoni bosib olish to'g'ri ish bo'lmaydi", - deydi Amerika prezidenti.
Isroil G'azodan 2005-yilda chiqib ketgan. Undan keyin o'tgan saylovlarda XAMAS ko'pchilik ovozni olib, sektorda boshqaruvni qo'lga olgan.
Bayden XAMASga qarshi keskin choralarni quvvatlamoqda, ammo bunga G'azoni egallab olish kirmaydi.
Amerika hukumati Isroil G'azoni o'qqa tutayotganini qoralamayapti, ammo Misr va boshqa qo'shnilar orqali sektorga gumanitar yordam kiritishga ham chaqirmoqda. .
“Isroil xalqaro qonunlar doirasida ish tutishiga ishonaman. Demokratik tizim u. G'azogida begunoh insonlarga dori-darmon, oziq-ovqat va suv yetib borishi kerak", - deydi Bayden.
Misr Isroil harakatlaridan g'azabda va uni hamda uning eng yaqin hamkori AQShni adolatsiz urushda ayblamoqda. XAMASga nisbatan alamni yahudiy davlat yoppasiga norasida Falastin xalqidan olmoqda, deya qoralamoqda Prezident Abdul Fattoh al-Sissiy. Bu borada u AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga Qohiradagi uchrashuv paytida aytgan.
Binken deydiki, Isroil o'zini har qanday xavfdan va aynan XAMASdek yovuz kuchdan himoya qilishga haqli. Amerika bosh diplomatiga ko'ra, Isroil buni aybsiz fuqarolarning hayotini ehtiyot qilgan holda amalga oshirishi lozim.
Davlat kotibi o'tgan ikki kun ichida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Iordaniya va Falastin rahbarlari bilan ham muloqot qildi.
"Mojaro kengaymasligi kerak. Begunoh insonlar azob chekmasligi kerak. Falastin ahliga yordam berilishi kerak. Hammamizning mushtarak qarashlarimiz shu. Biz buning ustida ishlayapmiz", - deydi Blinken.
Oq uy Yaqin Sharqqa gumanitar ko'mak yetkazish ishlariga mas'ul etib, sobiq elchi Deyvid Satterfildni tayinlagan. Satterfild bugundan Isroilda.
Bayden ma'muriyati yahudiy davlatga talablar qo'ymaydi, deydi rasmiylar, ammo demokratik tizim sifatida Isroil fuqarolar hayotini asrash zaruratini his qiladi, ya'ni G'azodagi aholi manfaatlari uchun yo'l ochib berishi lozim.
Mutasaddilarning tan olishicha, AQSh o'z fuqarolarini G'azodan chiqarishga qiynalmoqda.