Din

Quddus - uch dinning muqaddas shahri

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar Quddusni o'zlarining muqaddas shahri deb biladi. Ushbu tarixiy shaharda qanday diniy obidalar bor va ularning ahamiyati nimada?

Tarixiy Quddus shahri va uning muqaddas diniy maskanlari Isroil-Falastin mojarosida markaziy o'rin tutadi. Har ikki tomon Quddusni o'ziniki deb da'vo qiladi.

Quddus diniy maskanlarining eng ko'zga ko'ringan ramzi bu oltin gumbaz bo'lib, u "Qubbat us-Saxra" deb ataladi. Gumbaz musulmonlar Al-Aqso masjidi yoki Haram ash-Sharif deb ataydigan, yahudiylar tomonidan esa “Maʼbud togʻi” nomi bilan maʼlum boʻlgan 35 gektarlik kenglikda joylashgan majmuaning bir qismidir.

Qoya gumbazi Ummaviylar xalifasi Abdulmalik bin Marvon tomonidan milodiy 7-asrda qurilgan. Ko'pchilik bu gumbazni Masjid-i Aqso deb biladi, lekin aslida u masjidga tegishli emas. Bu hozir Quddusning o'ziga xos belgisi hisoblangan hududda qurilgan birinchi mashhur musulmonlar yodgorligidir.

Hadislarga ko‘ra, Islom payg‘ambari Me’roj kechasida Makkadan bu yerga sayr qilib, so‘ngra arshi a’loga yo’l olgan.

Buni ham ko'ring Oslo tinchlik kelishuvining 30 yilligi. Boy berilgan imkoniyatlarni xotirlab

Isroil rivoyatlariga ko'ra, bu yerda Ibrohim payg'ambar o'g'li Ishoqni qurbon qilmoqchi bo'lgan. Islom an'analariga ko'ra esa, bu voqea Makka chekkasida sodir bo'lgan va Ibrohim payg'ambarga o'g'li Ismoilni qurbon qilish buyurilgan.

Yahudiylar orasida Ma'bud tog'ining muqaddasligi bilan bog'liq boshqa ko'plab rivoyatlar mavjud.

“Qubat as-Saxro”dagi bitiklarga koʻra, u musulmonlar Quddusni egallaganidan 55 yil oʻtib, milodiy 691-692-yillarda qurilgan. Ushbu fathdan oldin Quddus Vizantiya imperiyasining bir qismi bo'lgan va aholisining ko'pchiligi xristian edi.

“Britannica” ensiklopediyasiga ko'ra, bu gumbazni qurishdan aniq maqsad nima bo’lgani noma’lum. Chunki u masjid sifatida ishlatilmaydi.

Xuddi shu majmuada, Qoya gumbazi janubida, kumush gumbazli Al-Aqso masjidi joylashgan. Lekin musulmonlar majmuaning barcha binolarini Al-Aqso masjidi yoki "Haram ash-Sharif" deb atashadi.

Musulmonlar fikricha, Al-Aqso masjidi Ka’ba va Madinadagi Payg‘ambar masjididan keyin Islomda uchinchi eng muqaddas joy hisoblanadi. Besh ming kishiga mo‘ljallangan bu masjidning qurilishi VIII asrda yakunlangan.

Xristianlar Quddusni Iso tug'ilgan muqaddas zamin deb bilishadi va ularning ko'plab tarixiy va muqaddas cherkovlari shaharning qadimiy hududida joylashgan. Shunday qilib, Sharqiy Quddusning qadimiy shahri nasroniylik, yahudiylik va islom uchun muqaddas hudud bo’lib, bu uch din izdoshlari uchun diniy ahamiyatga ega.

Buni ham ko'ring G'arbiy sohil Yaqin Sharq tangligini yanada kuchaytirmoqda

Ma'bud tog'i deb ataladigan majmuaning g'arbiy tomonida yahudiylar sajda qiladigan va ziyoratchilar tashrif buyuradigan "Yig'i devori" bor. Yahudiylarning tarixiy an'analariga ko'ra, bu devor va uning atrofidagi binolar buyuk "Ma'bud tog'i" ibodatxonasining qoldiqlaridir. U Sulaymon payg'ambar tomonidan qurilgan. Bu yerda yahudiylarning muqaddas ibodatxonalari bo’lgan. Ular avval bobilliklar, keyinroq vizantiyaliklar tomonidan vayron qilingan.

Bu devor Qoya gumbazi va Al-Aqso masjidini o'z ichiga oluvchi kattaroq majmuaning bir qismi hisoblangani uchun arablar va yahudiylar o'rtasida devorga kirish va uni boshqarishga oid kelishmovchiliklar bor.

1967-yilgi arab-isroil urushida Isroil Sharqiy Quddus va Eski shaharni Iordaniyadan tortib oldi. Shundan soʻng yahudiylar Birlashgan Quddusni Isroil poytaxti deb eʼlon qildi. Isroilning bu tashabbusi xalqaro miqyosda tan olinmagan. Lekin sobiq prezident Donald Tramp maʼmuriyati davrida AQSh Quddusni Isroil poytaxti deb tan oldi va oʻz elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga koʻchirdi.

Sharqiy Quddus Isroil nazorati ostiga o’tgach, Al-Aqso masjidi kelishuv asosida Iordaniya tomonidan boshqariladigan tashkilotga topshirildi. Qubbat us-Saxro ham, Aqso masjidi ham ushbu vaqf tarkibiga kiradi.

Majmua atrofiga Isroil xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan. Xristianlar va yahudiylar ham bu yerga kirishlari mumkin; ammo kelishuvga ko'ra, majmuada faqat musulmonlar ibodat qilish huquqiga ega. O'tmishda yahudiylarning ibodat qilish uchun majmuaga kirishi oqibatida Isroil kuchlari va falastinliklar o'rtasida ko’plab shiddatli to'qnashuvlar yuz bergan va bu masala Quddus-Falastin mojarosida keskinlik sabablaridan biri bo’lib kelmoqda.