Isroil-XAMAS ixtilofi: AQShda musulmon va yahudiylar tahdidga uchramoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Isroil va XAMAS o'rtasidagi urush davom etar ekan, AQShda ba'zi islomiy tashkilotlar, yahudiylar ibodatxonalari va hatto maktablar zo'ravonlik tahdidiga uchramoqda.

Amerika-Islom aloqalari kengashi (CAIR) Isroil-XAMAS urushiga munosabati bilan bog'liq zo'ravonlik tahdidlari tufayli so’nggi 20 yil ichida ilk bor yillik uchrashuvini noma'lum joyga ko'chirishga majbur bo'ldi.

“Mehmonxona bizga oʻlim tahdidlari, garajga bomba qoʻyish, binoga bostirib kirish kabi tahdidlar bo’layotganini maʼlum qildi. Bu tahdidlar tashkilotimiz Falastin inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlayotganidan g‘azablangan, musulmonlarga va Falastinga qarshi ekstremistlar tomonidan bo‘lgan”, - deydi tashkilot rahbari o’rinbosari Eduard Ahmad Mitchel.

Amerika yahudiylar qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, AQShning baʼzi sinagogalari Yaqin Sharqdagi urush bilan bogʻliq bomba tahdidlari tufayli onlayn va yuzma-yuz uchrashuvlarini toʻxtatishga majbur boʻlgan.

21-oktabr kuni Isaac Agree Downtown sinagogasi boshqaruv kengashi prezidenti Samanta Voll Detroytdagi uyida pichoqlab o’ldirilgan holda topilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Quddus nega musulmonlar uchun muqaddas?

Politsiya bu nafrat jinoyati ekanligi haqida dalil topmagan, biroq tergov davom etmoqda. Yahudiy yetakchilari qo‘shimcha ehtiyot choralarini ko‘rmoqda.

"Odamlar o’zlarining shaxsiy ma'lumotlari ko’rinmasligini ta'minlash uchun harakat qilishyapti. Hozir biz juda ham ehtiyotkor va kuzatuvchan bo'lishimiz kerak bo'lgan payt", - deydi Amerika yahudiylar qo’mitasi vakili Melani Pell.

Qo’rquv musulmon talabalar ta'lim oladigan ba'zi maskanlarni ham qamrab olmoqda, deydi Amerika Islom maktablari ligasi rasmiylari.

“Juma kuni Chikago hududidagi islomiy maktab jamoasiga nisbatan aniq tahdidlar bo’lgan va ular masofaviy taʼlimga oʻtishga qaror qilishdi. Xavfsiz muhit yaratish uchun kattaroq sinfdagi maktab o'qituvchilaridan o'zlarini qanday his qilishayotgani haqida so’rashmoqda”, - deydi tashkilot vakili Shaza Xon.

Yahudiy maktablari ham xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun qo’shimcha mablag' qidirmoqda.

“Sinmaydigan oyna va to’siqlar muassasalar o'rnatishi mumkin bo'lgan xavfsizlik choralaridan. Biz butun dunyo boʻylab diniy va siyosiy rahbariyatni antisemitizmni qoralashga, islomofobiyani qoralashga, nafratga asoslangan zoʻravonlik va nutqni qoralashga va ularni ragʻbatlantirmaslikka chaqiramiz”, - deydi yahudiylar faoli Den Mitzner.

Buni ham ko'ring AQShda musulmonlar va yahudiylar birdek sarosimada

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan yahudiylarning aytishicha, ularda yaqin o’tmishdagi mash’um bir voqea bilan bog’liq yangi xavotirlar o’rtaga chiqmoqda.

Shu hafta Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahridagi “Hayot daraxti” ibodatxonasida terrorchilar tomonidan otishma sodir etilganiga besh yil to'ldi. Xurujni sodir etgan shaxs o‘limga mahkum qilingan. Mitznerning aytishicha, rasmiylar jamoalar xavfsizligini ta'minlash uchun harakat qilmoqda.