Pokiston hukumati mamlakatda hujjatsiz yashayotgan afg'onlarga 1-noyabrgacha chiqib ketishni buyurgan. Bunday qochqinlar soni 1,7 million. Erondagi qochqinlar ham tazyiqlar ostida. Turkmaniston va O'zbekiston qochqinlarga ochiq emas. Tojikistondagi qochqinlar ham ertaga nima bo'lishini bilmaydi.
Vatanda esa afg'onlar ishsizlik va qashshoqlikdan noliydi. Tashqi dunyo ularga yopiq. Tashqaridan Afg'onistonga kirish qiyin.
Tolibon Afg'onistonning G'arbda muzlatilgan mablag'larini olish uchun siyosatni mutlaq o'zgartirishi kerak: jamiyat erkinlashishi kerak, xotin-qizlar o'qiy olishi, ishlashi va bemalol harakatlana olishi lozim; media hukumat iskanjasidan chiqarilishi zarur va yangi boshqaruv vujudga kelishi kerak, ya'ni Afg'onistondagi barcha siyosiy guruhlarni aks ettirgan, demokratik tizim.
Buni ham ko'ring Kobulda Tolibon-O'zbekiston muloqoti: tranzit shartlari, millionlab dollarlik yangi kelishuvlarToliblar bu yo'lda ketmayotgan ekan, deydi bu oy Rimda yig'ilgan diplomatlar, Afg'onistonga yordam cheklanganicha qoladi, Kobuldagi rahbarlar tan olinmaydi.
2021-yilning avgustidan beri, ya'ni Tolibon hokimiyatni egallaganidan buyon G'arb va Yaponiya afg'on xalqiga 6,3 milliard dollarlik madad uzatgan, asosan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar orqali.
18-oktabrda Kanada, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Norvegiya, Britaniya va AQShning Afg'oniston bo'yicha vakillari Italiyada maslahatlashdi.
Ular e'tirof etishicha, 29 milliondan oshiq afg'on qashshoqlik girdobida, favqulodda yordamga muhtoj.
Tolibondan gumanitar tashkilotlarga sharoit yaratish, ularning ishchilariga bosim o'tkazmaslik talab qilinmoqda.
Yaqinda zilziladan qaqshagan hududlarga Kanada, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Norvegiya, Britaniya va AQSh 33 million dollarlik ko'mak yetkazishga bel bog'lagan.
Bu hukumatlarga ko'ra, Afg'onistondagi bugungi makro-iqtisodiy inqirozda Tolibon aybdor. Xalqaro hamjamiyat donorlar va banklar bilan ishlash tizimini qayta ko'rib chiqishi kerak, deydi rasmiylar, toki Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi kabi moliyaviy institutlar yetakchilik qilsin, jarayonni tekshirib tursin.
Inson huquqlari ahvoli Afg'onistonda kun sayin og'irlashib, mamlakatning aksariyat qismida ayollar ko'chaga chiqmaydi. BMT maxsus vakillari mamlakatdagi vaziyatni o'rganishi uchun Tolibon ruxsat bergan, ammo o'zgarishlar qilish uchun iroda yo'q, deya kuzatadi mutaxassislar.
Rimdagi muloqot qatnashchilari Tolibonni ta'limdagi cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. Ilm olish - qiz va o'g'il bola uchun birdek uzviy huquq. Qizlarni maktabga yubormaslik insoniyat ravnaqiga zid harakatdir, deyiladi qo'shma bayonotda.
Bu boradagi tavsiya, talab va chaqiriqlarni yillardan beri eshitib kelayotgan toliblar Afg'oniston islomiy tamoyillar ostida yashayotganini, tashqi dunyo buni hurmat qilishi zarurligini aytadi.
Biroq dinshunoslar va ko'plab afg'on ziyolilari deydiki, bilim olish islomiy qadriyat va talabdir.
Kanada, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Norvegiya, Britaniya va AQSh Tolibonni yangi hukumat tuzib, unda boshqa siyosiy guruhlarga ham o'rin berishga undashda davom etmoqda.
Buni ham ko'ring Tolibon ikki yil ichida erishilgan "yutuqlar"ni ko'z-ko'z qildiAfg'onistonda afyun yetishtirish kamaygani, hosil 80 foizga pasaygani olqishlanmoqda. BMTning tegishli agentliklari bu sohada mamlakatda ishlay olayotgani ham ijobiy baholanadi.
Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar Afg'onistonda yaqqol sezila boshagan - qurg'oqchilik keng, ekinzorlar zararlagan, tuproq sifati buzilib ketgan.
Afg'oniston hamon terroristlar makoni, u yerdan turib terror xurujlari rejalanishi va amalga oshirilishi mumkin degan xavotir Rimdagi muloqotda bot-bot yangradi.
Kanada, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Norvegiya, Britaniya va AQSh barcha davlatlarni, jumladan Afg'onistonning qo'shnilarini qochqinlarga eshik ochishga, boshpana so'raganlarni qaytarmaslikka, vatanda hayoti xavf ostida qolganlarga madad ko'rsatishga chaqirmoqda. Qo'shnilarga ularning xalqaro majburiyatlari eslatilib, ulardan hujjatsiz afg'onlarni ro'yxatga olish va himoya qilish so'ralmoqda.
Rim uchrashuvi ishtirokchilariga ko'ra, xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, Tolibon shartlarni bajarmaguncha u bilan aloqani normallashtirmasligi lozim. Kobuldagi rahbarlar shartlarni biladi, deydi diplomatlar, ular bajarilmas ekan, hamkorlik kutmasin.