Pentagon: AQSh yordamisiz Ukraina Rossiyaga boy beradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kongress huzurida, 31-oktabr, 2023

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kongress huzurida so'zlar ekan, qonunchilarni ogohlantirdi: Ukrainaga yordam berilmasa, Rossiya ustun keladi, Kiyev urushda boy beradi.

Ostin va Davlat kotibi Entoni Blinken Senatning Davlat xarajatlari bo'yicha qo'mitasida hisobot berib, Bayden ma'muriyati Ukraina, Isroil va chegara xavfsizligi uchun nega 106 milliard dollar so'rayotganini tushuntirdi.

"Bizning quvvatlovimizsiz Putin maqsadiga yetadi", - dedi Ostin.

Uning senatorlarga aytishicha, Rossiya rahbari Ukraina va sobiq ittifoqning boshqa mamlakatlarini hamon rus yeri deb hisoblaydi va eski imperiyani tiklashga bel bog'lagan.

"Ukrainaga yordamni to'xtatish Putinga kuch berib, nimaiki ko'zlagan bo'lsa, unga yaqinlashtiradi".

Buni ham ko'ring Xorijdagi urushlar Bayden uchun saylovoldi sinovi

106 milliard dollarning 61,4 milliardi Ukraina uchun. Ostin va Blinken deydiki, bu mablag' aslida AQSh xavfsizligi uchun sarflanadi, uzoqni ko'zlash lozim. Ukrainaga so'ralayotgan pulning yarmi evaziga Amerika o'z qurollarini ham yangilaydi.

Kongress Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Kiyevga 113 milliard dollarlk yordam bergan. Ayni damda Bayden ma'muriyati iznida oldin ajratilgan 5,5 milliard dollar bor.

Demokratlar va respublikachilar orasida Bayden taklifini yoqlovchilar ko'p, ammo Vakillar palatasi liderlari, jumladan yangi spiker Mayk Jonson qarshi, ayniqsa Isroil va Ukraina uchun pulni bir hujjatda berishga.

Ostin deydiki, ko'mak o'z vaqtida uzatilmasa, Ukraina qo'shinlari jang qilolmaydi, qishda Rossiya qo'li baland kela boshlaydi.

Rossiya qo'shini ayni damda sharqdagi Baxmut shahri atrofini o'rab olgan. Ukraina armiyasi qonli to'qnashuvlarga shaylanmoqda.