Minnesota tub aholisi nikel konlariga qarshi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Iqlim o'zgarishining global ekologik ta'siriga qarshi kurash, afsuski, elektr transport vositalari, shamol turbinalari va elektr tarmoqlari uchun zarur bo'lgan tabiiy minerallarni qazib olishni talab qiladi. Bayden ma'muriyati Xitoy kabi boshqa mamlakatlar hukmronlik qiladigan qimmatli metallar ishlab chiqarish sohasini AQShda kengaytirishni maqsad qilgan. Ammo bunga mahalliy qarshilik vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Chikagodan 700 kilometr shimoli-g'arbda joylashgan Minnesotaning Tamarak shahrida “Talon Metals” kompaniyasi nikelning boy konlarini topgan.

"Bu eng yuqori darajali yoki men ish faoliyatim davomida ko’rgan eng yuqori sifatli nikel", - deydi kompaniya vakili Brayn Goldner.

Ushbu yuqori navli nikel konlari qazib olinadigan yoqilg'idan voz kechishda qo’l kelishi mumkin. Nikel elektr avtomobil akkumulyatorlarining asosiy komponenti bo'lib, unga talab oshib bormoqda. Ammo AQShda ehtiyojlarni qondiradigan darajada ishlab chiqarilmaydi, deydi Goldner.

"AQShda nikel konlari juda kam. Yagona faol nikel zaxirasi Michigandagi Igl konida. Tamarak ikkinchi bo'lishi mumkin. Bundan boshqa ko’zga tashlanadigani yo’q", - deydi ekspert.

Buni ham ko'ring Iqlim o’zgarishi oqibatlari Rossiya Arktikasida namoyon bo'lmoqda

Ammo “10 000 ta ko‘l vatani” deb ataladigan joyda nikel qazib chiqarish atrof-muhitga zarar yetkazishi haqida xavotirlar bor.

Yozning oxiriga borib yaqin atrofdagi ko'llar yovvoyi guruch bilan qoplanadi. Bu Ojibve tubjoy amerikaliklar uchun muqaddas, deydi qabilaning tabiiy resurslar bo'yicha direktori Kelli Eplgeyt.

"Bu madaniy o'ziga xosligimizning bir qismi. Mavjudlimiz sababi. Bizga suv ustida oziq-ovqat o’sadigan joyga ko’chish bashorat qilingan", - deydi u.

Agar kon ishga tushsa, yovvoyi guruch xavf ostida qoladi.

Chunki tog' jinslaridagi nikel sulfid havo va suv bilan aralashib, sulfat kislota hosil bo’ladi.

Kislota esa minglab kilometrga cho’zilgan Amerika suv oqimlariga qo’shilib, uni to'q sariq va jonsiz holatga keltiradi.

"Nikel qazib olish zararlari global miqyosda ma’lum. Ifloslanish bilan bog'liq xavflar yuqori", - deydi Eplgeyt.

Buni ham ko'ring AQSh kompaniyalari zararsiz atom energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini o'rganmoqda

"Afsuski, eski konlardan yomon xotiralar qolgan, lekin hozir unday emas. Zamonaviy konchilik butunlay boshqacha", - deydi “Talon Metals” kompaniyasi so’zlovchisi Jessika Jonson.

Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mahalliy aholining fikrlariga quloq tutmoqda.

"Jamiyatdan biz eshitgan asosiy tashvish shundaki, ular Minnesotadagi kabi nam muhitda nikelning qayta ishlanishni xohlashmayapti”, - deydi u.

Shu bois kompaniya qayta ishlanadigan rudani Shimoliy Dakotaga yuborish uchun yaqin atrofdagi temir yo'l liniyasidan foydalanmoqchi.

Ammo mahalliy aholini ishontirish uchun bu kam.

"Bizga faqat ma'lumot berildi va konning boshqacha yoki xavfsiz ishlashini aytishdi. Lekin biz katta tajribaning bir qismi bo'lishni xohlamaymiz. Birinchi navbatda bu ma'lumotlarning tasdig’ini ko'rishni xohlaymiz", - deydi jamiyat vakili.

Minnesotadagi yana ikkita nikel va mis konlari atrof-muhit muammolari tufayli to’xtab turibdi. Bu metallarga global talab esa o'sishda davom etmoqda.

"Bu minerallar qayerdandir kelishi kerak. Bu joy shu ishni qilish uchun juda yaxshi joy, chunki u mening orqa hovlimda joylashgan va bo’layotgan narsalarni kuzatib borishimiz, xavfsiz va mas'uliyatli tarzda bajarilishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin”, - deydi Jonson.
Rasmiylar kondan xavfsiz foydalanish yo’llarini ko’rib chiqar ekan, kompaniya bu yerda yangi nikel zaxiralarini topishda davom etmoqda.