AQShning ko'plab kichik shaharlarida politsiya idoralari yopilgan

Your browser doesn’t support HTML5

Qo’shma Shtatlar bo’ylab politsiyachilar yetishmayapti. Ayrimlar fikricha, qurolsiz qora tanlilar qayta-qayta o’ldirilishi politsiyaga va bu kasbga nisbatan salbiy qarashlarni kuchaytirgan. Bundan tashqari, kichik shaharlarda kam maosh politsiyaga odam yollashni qiyinlashtiradi.

Minnesota shtatining Gudhyu shahri aholisi - atigi 1300 kishi. Jinoyatchilik darajasi ham past. Shu yilning avgustida shahar kengashi politsiya boshqarmasini yopish uchun ovoz berdi.

“Hammasi boshqarma to’liq stavkaga yangi xodim yollashga harakat qilishidan boshlandi. Uch hafta davomida vakansiya e’loniga hech kim javob bermadi. Boshliq maoshni biroz ko’tarishni taklif qildi. Kengash rozi bo’lmagach, boshliq iste’fo berdi. Uning ketidan yarim stavkada ishlagan boshqalar ham”, - deydi sherif Marti Kelli.

Amerikaning kichik shaharlarida politsiyachilarni yollash qiyinligining sabablari ko’p. Birinchidan, bu joylarda politsiyachilarning oyligi o’rtachadan past. Shafqatsizlik haqidagi ayblovlar, norozilik namoyishlari, moliyani kesish haqidagi chaqiriqlar va pandemiya ham bu kasbga qiziqishni pasaytirgan.

Rays universitetida iqtisod professori Richard Boylan politsiya idoralarining yopilishi bo’yicha izlangan. Amerikada politsiyachilik modeli, deydi u, boshqa davlatlar bilan solishtirganda barqaror emas.

“Yaponiyada 47 ta prefektural politsiya bo’limlari bo’lsa-da, hammasini bitta agentlik boshqaradi. Fransiyada ikkita boshqarma bor. AQShda esa 18 mingta mustaqil boshqarma”, - deydi Boylan.

AQShda politsiyachilik federal huquqni muhofaza qilish organlari, shtat politsiyasi, sherif idoralari va shahar boshqarmalari o’rtasida bo’lingan. Har biri o’zini mustaqil boshqaradi.

Buni ham ko'ring AQShda politsiyadan norozilik xodim yollashni qiyinlashtirmoqda

Adliya Statistikasi byurosiga ko’ra, 2020-yilda mahalliy politsiya boshqarmalarining qariyb yarmida to’liq stavkada ishlaydigan politsiyachilar soni 10 nafardan oshmagan.

Richard Boylan izlanishi davomida shuni aniqladiki, 1972-2017 yillar oralig’ida, ya’ni 45 yilda Amerikaning kamida 521 shahrida politsiya idoralari yopilib ketgan. Uning aytishicha, bu tendensiya huquqni muhofaza qilish tizimidagi o’zgarishlarni aks ettiradi.

“Amerikada bir hududga bir necha politsiya bo’limlari javobgar. Biri yopilsa, uning ishini boshqasi bajaradi”, - deydi professor.

Qiziq bir fakt shuki, deydi Boylan, politsiya bo’limlari yopilishi jinoyatchilik ko’payishiga olib kelmagan. Gudhyu shahri rezidentlari ham katta farq sezmaganini aytadi, chunki okrug politsiyasi ishlab turibdi.

“Okrug politsiya boshqarmasi bizga yaqin. Xodimlar kelib, ko’chalarimizni kuzatishadi, patrul jo’natishadi. Politsiyasiz qolib ketganimiz yo’q”, - deydi Gudhyuda yashovchi Tara Marklevits.

Kichik shaharlarda politsiya idoralari yopilayotgan bo’lsa-da, Huquq-tartibot xodimlari jamg’armasiga ko’ra, bugun AQShda huquqni muhofaza qilish organlarida 800 ming odam ishlaydi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko’rsatkich.