Breaking News

AQShda politsiyani qanday isloh qilish bo'yicha yana bahslar boshlanyapti


Prezident Jo Bayden huquq-tartibot organlari tomonidan ortiqcha kuch ishlatilishi holatlarini o’rganish uchun milliy komissiya tuzilishini aytmoqda. Saylov kampaniyasi paytida u irqiy tenglik masalasiga diqqat qaratishga va’da bergan edi.

“Fikrimcha, Bayden prezidentligining birinchi 100 kunida jinoiy adliya tizimi islohoti tomon qadamlar tashlanadi”, - deydi “National Urban League” fuqaro huquqlari tashkiloti rahbari Mark Moriel.

Uning aytishicha, politsiya javobgarligini oshirish, yagona standartlarni belgilash va politsiyachilar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklar ma’lumot bazasini yaratish lozim.

Federal miqyosda bunday choralar ko’rish talablari irqiy tengsizlikka qarshi o’tgan yilgi namoyishlar paytida baland yangragan. Ularga Jorj Floyd ismli afro-amerikalikning politsiya qo’lida halok bo’lgani turtki bergan. Floydning bo’yniga oyog’i bilan bosib turgan politsiyachi qotillikda ayblangan.

Ana shunday hollarda politsiya xodimlariga jazo berishni ko’zda tutgan “Floyd nomidagi politsiyada adolat 2020” qonun loyihasi o’tgan yili Kongressda ovozdan o’tmagan. Huquq faollari uni qayta ovozga qo’yishga chaqirmoqda.

Bayden saylov kampaniyasi paytida mahalliy politsiya dasturlarini ko’paytirish uchun 300 million dollar ajratishni ham taklif qilgan. Mablag’ o’z jamoalaridagi irqiy xilma-xillikni aks ettiruvchi politsiya kuchlarini tuzishga va’da beradigan hududlarga berilishi ko’zlangan.

Ammo huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bunday tashabbuslarga xavotir bilan qaramoqda.

“Soha yetakchilari Bayden saylanganidan so’ng quloqqa chalinayotgan takliflardan norozi”, - deydi Bill Jonson, Politsiya tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi direktori.

241 ming huquq-tartibot xodimlarini o’z ichiga olgan bu lobbichi guruh Oq uydan tuzilayotgan komissiyaga oddiy politsiyachilarni ham kiritishni, islohotlar bo’yicha ularning ham fikri inobatga olinishini so’ramoqda.

Aytish joiz, 1994-yilda jinoyatchilikka qarshi qonunning mualliflaridan biri Jo Bayden edi. Uning asosida Amerika bo’ylab politsiya boshqarmalari hamda qamoqxona tizimi kengaygan. Sobiq prezident Bill Klinton imzolagan bu qonunni fuqaro huquqlari tashkilotlari haligacha tanqid qiladi.

E’tibor nimada?

Oq uyga harakat qilayotganda Bayden politsiya zobitlari, kasaba uyushmalar va huquq himoyachilarini Oq uyda bir davraga to’plashga so'z bergan.

“Qora tanlilar hayoti ham muhim” harakati prezident va vitse-prezident bilan uchrashishni so’ragan, haligacha javob olmadik. Prioritetlarimizni muhokama qilishni istaymiz”, - deydi tashkilot asoschilaridan biri Patris Kulors.

Politsiyani afro-amerikaliklarga nisbatan shafqatsiz muomalada ayblayotgan ushbu hakarat o’tgan yilgi namoyishlarni tashkillashtirgan edi.

Yana bir xavotir shuki, asosiy e’tibor hozir koronavirus va iqtisodda, adliya tizimi islohoti hukumat uchun prioritet emas.

Afro-amerikaliklar o’tgan yili prezidentlik saylovining saralash bosqichida katta sonda Baydenga ovoz bergan, xususan Jorjiya shtatida.

“Harakatni davom ettirmasak, biror ish amalga oshmaydi. Huquq-tartibot tizimida o’zgarishlar bo’lsin desak, Oq uyga ham, Kongressga ham bosimni davom ettirish lozim”, - deydi “National Urban League” fuqaro huquqlari tashkiloti rahbari Mark Moriel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG