Jo Bayden yanvarda AQSh prezidenti sifatida ishga kirishganida u olg’a surayotgan rejalar nafaqat muxolifatchi respublikachilar, balki Demokratik partiyaning progressiv qanoti tanqidiga ham uchrashi mumkin.
Progressiv partiyadoshlari Baydenga uning g’alabasiga hissa qo’shishganini eslatishmoqda.
“Keyingi rejamiz quyidagicha: Bayden ma’muriyati va’dalarini bajarishiga ishonch hosil qilish. Yoshlarga, “Qora tanlilar hayoti muhim” degan harakatga, Amerika mehnatkashlariga bergan va’dalarini”, - deydi qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortez.
Bir necha progressiv siyosatchilar prezidentlikka harakat qilib, nomzodlikni qo’lga kirita olmagan. Ular o’z partiyasini tanqid qilgan.
“Biz ham respublikachilar, ham demokratlarni o’z ichiga olgan butun siyosiy tizim o’zgarishini xohlaymiz”, - degan edi senator Berni Sanders.
Bunday bayonotlar Demokratik partiyaning qadriyatlari xususida noqulay munozaralarni keltirib chiqargan.
“Demokratik partiya – progressiv partiya. Uning g’oyalari ko’pchilikka manzur. Sahnadagilar buni aytishni xohlamaydi”, - deydi senator Elizabet Vorren.
Jo Bayden o’z partiyasining turli qanotlarini birlashtirib, ishni bitiradigan prezident bo’lishini aytmoqda.
Nomzodlikni Baydenga boy bergan demokratlar esa progressiv g’oyalar kun tartibiga chiqqanini qayd etadi.
“Boylarga ikki foizlik soliq solish, bolalarni bepul bog’cha bilan ta’minlash kabi mavzular bir yil oldin tilga olinmas edi”, - deydi Vorren.
Ammo saylovda demokratlar Kongressda kutilganchalik ko’p o’rinlarni qo’lga kirita olmadi. Ayrimlar fikricha, bunga “politsiyaga mablag’ bermang” degan progressiv shiorlar sababchi.
“Demokratik partiyaning progressiv qanoti taklif etayotgan yo’nalishni xalq ma’qullaydimi? Saylovda ko’rdikki, Senatda demokratlar ko’pchilik o’rinni qo’lga kirita olmadi. Vakillar palatasida ham bir necha o’rin boy berildi. Bundan xulosa shuki, progressiv mavzular ehtimol ular o’ylaganchalik quvvatlovga ega emas”, - deydi tahlilchi Kapri Kafaro.
Ammo Jo Bayden kadrlarni tanlayotganda barcha tomonlar xohishini inobatga olayapti.
“Bayden o’z ma’muriyatiga odamlarni tayinlar ekan, ehtiyotkorlik bilan qarorlar qabul qilayapti. Partiyani birlashtirish zarurligini tushunadi. Buni lavozimlarga kimlar tanlanayotganiga qarab bilish mumkin”, - deydi siyosatshunos Molli Orurk.
Biroq bo’lajak prezident iqlim o’zgarishi, politsiya islohoti va sog’liqni saqlash bo’yicha yirik qonun loyihalarini istasa ham ular Kongressda ovozdan o’tmasligi mumkin.
“Kongressda ikki partiya orasida ovozlar nisbati deyarli teng bo’lgani uchun bunday loyihalarni ma’qullab, imzo uchun prezidentga yetkazish qiyin bo’ladi”, - deydi Kafaro.
Bayden ishga kirishganidan so’ng Trampning farmonlarini bekor qilishini, ammo yirik loyihalar ustida Kongress bilan til topishish kerakligini aytmoqda.
Facebook Forum