Breaking News

Trampning saylov natijasini o’zgartirishga urinishlari samara bermadi


Sudga shikoyatlar saylov natijasini o’zgartirmadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:44 0:00

AQSh Oliy sudi Donald Tramp yutqazgan to’rt shtatda prezidentlik saylovlari natijasini bekor qilish to’g’risidagi Texas shtati olg’a surgan shikoyat arizasini rad etdi. Trampning 3-noyabrdagi saylov natijasini sudlar orqali o’zgartirish sa’y-harakatlari shu tariqa yakun topdi deyish mumkin.

Oliy sud qarorida yozilishicha, Texas shtatida Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya va Viskonsinda ovoz berish qanday o’tkazilgani yuzasidan arz qilish va sudlashish vakolati yo’q.

Texas Bosh prokurori Ken Pakstonning shikoyat arizasini boshqa respublikachi prokurorlar, 126 nafar respublikachi qonunchi va Prezident Trampning o’zi ham yoqlagan edi.

“Oliy sud bu ishni ko’rib chiqishdan, to’rt shtatning saylov qonunlariga rioya qilmagani konstitutsiyaga muvofiqligi yoki muvofiq emasligiga baho berishdan bosh tortgani afsuslanarli”, - deydi Pakston.

“Oliy sud bizda pand berdi. Na aql bor, na jasorat”, - deb munosabat bildirdi Tramp “Twitter” sahifasida.

154 betlik shikoyatda prezidentlik saylovida keng ko’lamda g’irromlik kuzatilgani to’g’risidagi asossiz da’volar takrorlangan, to’rt shtat rasmiylari pandemiyadan foydalanib “konstitutsiyaga zid” ravishda ovoz berish talablarini yumshatganlikda ayblangan edi.

Tramp tarafdorlari poytaxt Vashingtonda norozilik namoyishi o’tkazishga hozirlik ko’rmoqda.

Prezident Tramp shu kungacha Jo Baydenning saylov g’alabasini bekor qilishga qaratilgan o’nlab sud ishlarini boy berdi. Bir necha shtatda ovozlar qayta sanaldi. Sudlarga shikoyatlar saylov natijasini o’zgarmadi.

Jo Bayden – saylov g’olibi. Ammo Tramp haligacha yutqazganini tan olgani yo’q.

“Hech qachon saylovda boy bermaganmiz”, - deydi u.

8-dekabr kuni barcha shtatlarda saylov yuzasidan shikoyat qilish muddati va auditlar yakunlandi. Elektorlar ro’yxati Kongressga yuborildi.

“Bu Prezident Trampning saylovda firibgarlik bo’lgani haqidagi yolg’on da’volariga, saylov natijasini sud orqali o’zgartirish harakatlariga ham nuqta qo’yishi kerak”, - deydi Chikago universitetida konstitutsion huquq bo’yicha professor Aziz Haq.

Oliy sud
Oliy sud

Shtatlar taqdim etgan natijani Kongress yakuniy deb tan olmoqda. Viskonsindan tashqari barcha shtatlar prezidentlik saylovi natijasini tasdiqlab bo’lgan.

Tramp yutqazgan yetti shtatda o’nlab sudlarga murojaat qildi. Bular – Arizona, Pensilvaniya, Jorjiya, Michigan, Viskonsin, Minnesota va Nevada.

Shu kungacha u bitta sud ishida g’alaba qilib, 40 dan ziyod ishda mag’lubiyatga uchradi. Jorjiya, Arizona, Viskonsin va Pensilvaniyada ayrim sud ishlari davom etmoqda. Yaqinda AQSh Oliy sudi Pensilvaniyada Bayden g’alabasini bekor qilish talabini ham rad etgan.

Adliya vaziri Bill Barr ham saylov adolatli o’tganini tasdiqladi. Ammo prezident tarafdorlari saylov rasmiylariga tahdid qilishda davom etmoqda. Respublikachi rasmiylardan biri toqati toq bo’lganini aytadi.

“Yetar! Janob prezident, siz bu tahdidlarni, aytilayotgan gaplarni nega qoralamaysiz”, - deydi Jorjiya rasmiysi Gabriel Sterling.

Tramp, shuningdek, saylov natijasini o’zgartirish va g’alabani o’ziga yozish uchun Jorjiya, Michigan va Pensilvaniyada mahalliy mutasaddilarga bosim o’tkazgan. Bu Amerika saylov tizimining zaif jihatlarini ochib berdi.

“Bu yilgi saylovdan saboq olib, tizimni shtatlar darajasida mustahkamlashga harakat qilamizmi yoki saylov tizimi qanchalik zaif ekanini bila turib chora ko’rmaymizmi? Buni vaqt ko’rsatadi”, - deydi professor Aziz Haq.

14-dekabr kuni saylov natijasiga qarab tanlangan elektorlar o’z shtatlarida yig’ilib, prezident va vitse-prezidentga yakuniy ovozni beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG