Breaking News

Pompeo Tramp ikkinchi muddatga qolishini bashorat qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo u boshqarayotgan vazirlik prezidentlikka saylangan Jo Baydenning komandasi bilan hamkorlikka tayyor emasligini bildirmoqda. Uning aytishicha, Donald Trampning saylov natijasi bo’yicha sudga shikoyatlari ko’rib chiqilishi uchun vaqt kerak va barcha qonuniy ovozlar sanalishi lozim.

Baydenning jamoasi bilan ishlaysizmi deb so’ralganda, Pompeo “Tramp prezidentligining ikkinchi muddatiga silliq o’tamiz”, deya javob berdi.

“Voqealarni dunyo kuzatib turibdi. Barcha ovozlar sanaladi. Jarayon tugaganidan keyin elektorlar tanlanadi. Tartib shunday va bu konstitutsiyada aniq belgilangan”, - dedi Pompeo Davlat departamentida o’tgan matbuot anjumanida.

Tramp 3-noyabrda o’tgan saylovda mag’lubiyatini tan olmasligi xalqaro sahnada AQShni obro’sizlantirmaydimi, degan savolni Pompeo “bema’ni” deya rad etdi.

Qo’shma Shtatlar doimo xorijiy davlatlarda saylovlar erkin va adolatli o’tkazilishiga, mag’lub tomon natijani tan olishiga chaqirib kelgan.

Bosh diplomatga ko’ra, AQSh butun dunyoda saylovlar erkin, adolatli va xavfsiz o’tishi uchun chuqur qayg’uradi. Buni ta’minlash uchun “mening xodimlarim o’z hayotini xavf ostiga qo’yadi”, dedi Pompeo diplomatlarga ishora qilib.

Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Eliot Engel Pompeoning izohlarini tanqid qilmoqda.

“Pompeo saylov qonuniy o’tganini shubha ostiga oluvchi asossiz va xavfli hujumlarga qo’shilmasligi lozim. Barcha rasmiylar saylovda firibgarlik bo’lgani haqidagi soxta da’volardan voz kechishi, Umumiy xizmatlar boshqarmasi o’tish davri silliq kechishi uchun zarur mablag’ni ajratishi, Davlat departamenti ham tayyorgarlikni boshlashi kerak”, - deyiladi Engel chiqargan bayonotda.

Bayden yetarlicha shtatlarda Trampdan ko’proq ovoz yig’ib, Saylov kollegiyasida ustunlikka erishdi. Ammo uch shtatda g’olib hali e’lon qilinmagan. Trampning ovozlar soni bo’yicha raqibiga yeta olmasligini hisobga olgan holda, Bayden yakuniy hisobda g’olib deb topilishi kutilmoqda.

Har bir shtat g’olib kim ekanini tasdiqlagach, saylov natijasi rasmiy hisoblanadi. 14-dekabr kuni esa elektorlar prezidentga ovoz beradi. Tramp kampaniyasi bir necha shtatda soxtagarchilik yuz berganini da'vo qilib, sudga arz qilgan.

Bir asrlik an’anaga zid ravishda Donald Tramp haligacha Jo Baydenga qo’ng’iroq qilib, mag’lubiyatini tan olgani va tabriklagani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG