Jo Bayden prezidentlikka shaylanar ekan, 30-noyabr kuni unga ilk bor eng oliy darajadagi maxfiy ma'lumotlardan iborat hisobot taqdim etildi. Davlat rahbari uchun maxsus kundalik maxfiy axborot.
Bu tahlilnoma qisqa va lo'nda bo'lib, eng dolzarb masalalarni o'z ichiga oladi. U milliy razvedka idorasi tomonidan uzatilgan informatsiyaga asosan Oq uydagi mas'ullar tomonidan hozirlanadi.
Bayden 2008-yilda vitse-prezidentlikka tayyorlanayotgan paytda Bush ma'muriyatidan shunday axborotnoma olgan. Shundan keyin sakkiz yil davomida Prezident Barak Obamaga taqdim etilgan ma'lumotlar bilan tanishgan. Endi esa ularni bo'lajak prezident sifatida bevosita o'qimoqda.
“Format va uslub odatda prezidentning shaxsiy talablariga qarab belgilanadi", - deydi razvedka haqida kitob yozgan Deyvid Pris. "U maxfiy ma'lumotlarni qay shaklda ko'rishni xohlasa, shunday berishadi, har kuni".
Obamaga, masalan, 10-15 betlik hisobot tayyorlangan. Har kuni nonushta paytda stoliga qo'yilgan. Keyinchalik prezidentning o'ta himoyalangan planshetiga yuborilgan.
Bu hujjatda odatda eng asosiy urg'u Amerikaga kim va nima tahdid solayotganiga beriladi. Xususan, kim qayerda AQShga qarshi hujum rejalayotgan bo'lishi mumkinligi, uni bartaraf etish uchun nima qilinayotgani hamda davlat xavfsizligiga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan omillar qayd etiladi.
Tartib shundayki, endi Bayden va bo'lajak vitse-prezident Kamala Harris inauguratsiyagacha Prezident Donald Tramp uchun tayyorlangan razvedja hisobotini o'qiy boshlaydi.
Tramp bu axborotni o'ta qisqa va vizual holda ko'rishni istashi uchun unga shunday taqdim etiladi.
“Tramp uzun hujjatlarni yoqtirmasligini, lo'nda bitilgan tahlil talab qilishini aytgan”, - deydi Pris.
Shuningdek, hozirgi prezident ko'proq eshitishni xohlaydi. Shu bois yozma holdagisini chetga surib, og'zaki ma'lumot oladi.
Bayden prezidentlikka nomzodlik paytida ham razvedka tahlili bilan tanishgan, lekin hozirgidek eng yuqori darajali ma'lumotlar bilan emas.
Markaziy Razvedka Boshqarmasining sobiq rahbari Mayk Morellga ko'ra, bo'lajak prezident bu agentlikning maxfiy amaliyotlari haqida bilishi shart. Chunki u qasamyod keltirishi bilanoq bu operatsiyalar ustidan nazorat vakolatiga ega bo'ladi va ular uchun javobgar hamdir.
1961-yilda Prezident Jon Kennedi razvedka hisobotlarini hovuz bo'yida dam olayotgan paytda o'qigani ma'lum. Undan keyingi prezident, Lindon Jonson, razvedka bilan kunning ikkinchi qismida tanishni ma'qul ko'rgan. Prezident Richard Nikson esa bu ishni milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Genri Kissinjerga topshirib, undan ma'lumotlar mag'zini so'ragan xolos.
2000-yilda Prezident Bill Klinton unga tayyorlangan tahlilnomalarni Jorj Bushga ishonib uzatgan. Vaholanki, saylov natijasi hali aniq bo'lmagan kunlar edi. Bush Amerika tarixida g'alaba qozongani e'lon qilinmasdan turib, eng yuqori darajali razvedkadan xabardor bo'lgan prezidentdir.
Bayden aslida ularni bir necha hafta oldinroq olishi kerak edi, deydi masala bilan tanish arboblar. Lekin Oq uy uning g'alabasini tan olmagani bu ish bois kechikdi.
Ammo ma'muriyat almashish jarayoni o'tgan hafta rasman boshlangani bois bu haftadan yangicha tartib amalda.
Yadroviy qurollanish va bunga intilishlar, Yaqin Sharqdagi jarayonlar, Afg'oniston, Xitoy va Rossiya - Bayden Oq uyda ish boshlaganida tashqi siyosiy chigalliklar ko'proq shu mavzular bilan bog'liq bo'ladi.
Bayden o'zi yashaydigan Delaver shtatidan ishlamoqda. Harris esa Vashingtonda vaqtincha idorada.
Markaziy Razvedka Boshqarmasining yana bir sobiq rahbari Maykl Heyden deydiki, odatda eng yuqori darajali razvedka bilan tanishishni boshlaganida bo'lajak rahbarni vahima bosishi tabiiy. Saylov paytida berilgan va'dalarni amalga oshirish qanchalik qiyin bo'lishini anglay boshlashadi, deydi u.
-
Amerika Ovozi
"Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.
Facebook Forum