Breaking News

Adliya vaziri: Saylov natijasini o'zgartiradigan muammo yo'q


AQSh Adliya vaziri Uilyam Barr
AQSh Adliya vaziri Uilyam Barr

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, bu yilgi saylovlarda jiddiy muammolar kuzatilmagan. Vazirlik olib borgan tekshiruvlar saylov natijasini o'zgartiradigan darajada biror nuqson topmagan.

Prezident Donald Tramp buning aksini da'vo qilib turgan paytda, vazirlikning bunday xulosa bilan chiqishi Oq uy qarorlariga qanchalik ta'sir qiladi, hozircha mavhum. Tramp prezidentlikka qayta saylana olmagani va saylovda demokrat raqibi Jo Bayden yutganini hali tan olmagan.

Adliya vaziri Uilyam Barr yetakchi xalqaro axborot agentligi "The Associated Press"ga intervyu berar ekan, federal prokurorlar va Federal Qidiruv Byurosi agentlari muayyan holatlarni va shikoyatlarni tekshirganini aytgan.

"Bugungacha yig'ilgan ma'lumotlar saylov natijasini o'zgartira oladigan darajadagi isbot-dalillar emas", - deydi Barr.

Vazir Trampni himoya qilib tanilgan. Prezident unga ishonishini ta'kidlab keladi.

Saylovdan oldin Barr ham Tramp singari pochta orqali ovoz berishga shubha bilan qaragan edi. O'nlab million amerikaliklar shu tarzda saylovda qatnashdi.

O'tgan oy vazir saylov yuzasidan qilingan shikoyatlar birma-bir ko'rib chiqilishini e'lon qilgan edi. Natija tasdiqlanishidan oldin bu tekshiruvlar haqiqatni yuzaga chiqaradi, degan edi Barr.

Ko'plab prokurorlar va rasmiylar vazirning buyrug'ini qoralab, ayrimlari hatto ishdan ham ketgan edi. Ular nazarida hukumatning bunday ish tutishi demokratik saylov tartibiga zid bo'lgan. Natijani shtatlar tasdiqlamasdan turib, federal tizimning ularga gumon bilan qarab, yopiq tekshiruvlar olib borishi qonun ustuvorligiga qarshi, degan qarash teng tarqalgan.

Trampning bosh advokati Rudi Juliani deydiki, demokratlar "millionlab noqonuniy ovozlarni sistemaga tashlab, soxtakorlik bilan shug'ullangan".

Juliani yetakchiligida o'nlab shtatlarda sudga arz qilingan. Hozirgacha bu shikoyatlar birma-bir rad etib kelinmoqda. Birorta shtat prezident va uning yuristlari iddaolarini qabul qilmayapti.

Ma'muriyat yangilanish jarayoni rasman boshlangan va 30-noyabrdan binoan bo'lajak prezident Jo Bayden va bo'lajak vitse-prezident Kamala Harris eng yuqori darajadagi razvedka ma'lumotlari bilan ham kundalik ravishda tanishmoqda.

Barrning aytishicha, bugungacha barcha jiddiy da'volar elakdan o'tkazilgan. Adliya vazirligi mahalliy masalalarga aralashmaydi, deydi u.

Biror tekshiruv va tergov olib borish uchun jiddiy asoslar lozim, deydi vazir.

"Arzlarning aksariyati muayyan holatlar xususida bo'lib, sistematik muammo aniqlanmagan. Ta'siri va ko'lami tor masalalar".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG