O'zbekiston iqlim bo'yicha global muhokamalarda qatnashadi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston rahbariyatiga ko'ra, iqtisodiyotni yashillashtirish, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va bu borada mamlakat yuzlashayotgan masalalarni global sahnaga olib chiqish - muhim vazifalar

O‘zbekiston 1-2 dekabrda Dubay shahrida o‘tadigan xalqaro sammitda qatnashadi. BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konventsiyasi bo'yicha 28-konferentsiyasida ishtirokchilar bu masalalarga nisbatan siyosatlarini tushuntiradi.

O‘zbekiston mintaqaviy va global darajada o'z taklif va tashabbuslarini ilgari suradi, deya bildirmoqda Mirziyoyev ma'muriyati.

Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati tomonidan SOR-28 raisi sifatida ilgari surilayotgan muhim tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Toshkent nazarida, bu forum iqlimdagi salbiy o‘zgarishlarning oqibatlarini yumshatish, bu xususdagi strategiyalar va yashil energetikaga o‘tishni moliyalashtirish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarni birlashtirish yo'lida muhim ahamiyatga ega.

Buni ham ko'ring Bayden iqlim himoyasi bo'yicha nimalar qilyapti?

"Iqlim o‘zgarishi muammosi Orol dengizining qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik inqirozni boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng o‘tkir muammolardan biriga aylanmoqda", - deyiladi prezident matbuot xizmati chiqargan bayonotda.

Unga ko'ra, O‘zbekistonda "iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish hamda qayta tiklanuvchi energetika ulushini oshirish choralari ko‘rilmoqda".

Bu hafta, ya'ni 13-17 noyabr kunlari Samarqandda 130 dan ortiq davlat delegatsiyalari BMTning Cho‘llashishga qarshi kurashish konventsiyasi bajarilishini ko‘rib chiqadi.

Kelgusi yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumi o‘tishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo hukumatlarining iqlim bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlari yuzasidan BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi loyihasi muhokama qilinadi.