Qo'shma Shtatlarda chet ellik talabalar har doimgidan ham ko'p

  • Amerika Ovozi

AQShda chet ellik talabalar soni oshib bormoqda, asosan Xitoy va Hindistondan

Xalqaro ta'lim instituti hisobicha, AQShda ayni damda 210 o'lkadan kelgan qariyb 1 million 60 nafar talaba bor.

Bu o'quv yilida chet ellik studentlar soni 12 foizga oshgan. Koronavirus pandemiyasi sabab xorijdan o'qishga kelayotganlar soni sezilarli darajada ozaygan edi yoki aksariyat hollarda onlayn darslar olinayotgan edi.

Hozirda vaziyat normallashib, Amerikaga talaba vizasi bilan kirib, mamlakat bo'ylab turli universitetlarda rang-barang sohalarda bilim olayotganlar har doimgidan ham ko'p.

Magistraturada o'qiyotgan chet elliklar 467 mingdan ziyod. 44 mingga yaqin xorijlik esa almashinuv dasturlarga va kurslarga qabul qilingan, ya'ni ilmiy daraja uchun emas, ko'nikmalarni charxlash uchun Amerikada.

Xitoy va Hindiston AQShda farzandlarni o'qitishda birinchi va ikkinchi o'rinlarda. Xorijlik talabalarning 53 foizi shu davlatlardan.

Kaliforniya - chet eldan eng ko'p talaba keladigan shtat

Xitoydan 290 mingga yaqin student b0'lsa, Hindistondan qariyb 270 ming.

Eng ko'p talaba keladigan 25 mamlakat orasida Markaziy Osiyoning biror respublikachi va hatto sobiq ittifoqdan biror davlat yo'q.

O'zbekistondan AQShda joriy o'quv yilida 1089, Qozog'istondan 2440, Qirg'izistondan 705, Tojikistondan 170, Turkmanistondan 299 talaba qayd etilgan.

Afg'onistodan Amerikada o'qiyotganlar soni 682, Rossiyadan 4913, Ukrainadan 2072.

Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidan studentlar soni oshib bormoqda.

Nyu-York, Massachusetts, Arizona, Illinoys, Indiana, Kaliforniya va Texas shtatlaridagi universitetlar va kollejlar chet elliklarni o'qitishda yetakchi.

Braun universiteti kampusi

Kaliforniya, Nyu-York va Texas eng katta sonda bunday talabalarga mezbon uchlikdir. Kaliforniyada 138 ming, Nyu-Yorkda 127 ming, Texasda esa 81 ming.

O'qish uchun mablag' bu studentlarga asosan shaxsiy manbalardan keladi. Deyarli 20 foiz hollarda Amerika oliy ta'lim maskanlari ularga stipendiya taklif qiladi. 19 foiz hollarda esa talabaning homiysi uning ish joyi.

Axborot texnologiyasi, matematika, muhandislik va biznes - xorijlik yoshlar Amerikada eng ko'p o'qiyotgan sohalar.

Chet elliklarga bilim berish AQShda ayni damda 335 ming odamni ish bilan ta'minlaydi va iqtisodga har yili 38 milliard dollar daromad keltiradi.