Amerikalik mintaqashunos Pol Gobl nazarida Qozog'iston Markaziy Osiyodagi eng ilg'or mamlakat, ayniqsa siyosiy-iqtisodiy jihatdan. Qirg'iziston, Gobl fikricha, eng zaif tizim. Tojikiston va Turkmaniston, deydi u, hamon eski tizimlar boshqaruvida va rahbariyat tabiati o'zgarmayotganiga qarab hali ancha payt shu tarzda yashaydi, deb xulosa qilish mumkin.
"O'zbekiston aslida Sovet Ittifoqidan chiqmagan, ittifoq undan chiqqan edi. Hozirgi prezident uni yangi davrga olib kirdi, ammo jarayonlar qiyin kechmoqda, istiqbolni taxmin qilish qiyin. Shavkat Mirziyoyev va'da qilgan o'zgarishlar qanchalik progressiv ko'rinmasin, amalda qanday aks etishi mavhum", - deydi Gobl.
Amerikalik yana bir ekspert, Ariel Koen deydiki, Markaziy Osiyo respublikalari kelajagiga 1990-yillarda ishonch past bo'lgan.
Buni ham ko'ring Ozarbayjon, O'zbekiston elchilari Vashingtonga hamkorlikni tushuntirdi"Bular davlat bo'la olmaydi, qulaydi, uzoqqa bormaydi, degan qarashlar keng edi. Ammo bunday bo'lmadi. Hozirga kelib, ular nafaqat real davlatlar, balki mintaqa sifatida ham oyoqqa turmoqda. Mashaqqatli yo'lda, ammo Markaziy Osiyo bugun ulkan maqsadlar sari harakat qilayotgan, global maydonda faollashayotgan, dunyoga ochiq, biznes va iqtisodiy imkoniyatlarga to'la region", - deya sharhlaydi Koen.
AQShning O'zbekiston va Qozog'istondagi sobiq elchisi Jorj Krol nazarida mintaqa hozirgacha ham ko'p jihatdan eskicha o'ylaydigan va eskicha mexanizmlarga asoslangan tuzumlar qo'lida.
"Amerika buni yaqindan biladi, chunki ular bilan ishlab keldi, - deydi iste'fodagi diplomat. - Yaltillagan har narsa ham oltin emas, degan gap bor. Jarayonlarni real baholash kerak".
Islohotlar qog'ozdan hayotga o'tishini ta'minlash kerak, deya undaydi Krol.
Bir narsa aniqlashgan, deydi u, bu mamlakatlarning birortasi hech kimning ukasi bo'lishni xohlamaydi, xususan Rossiyaning, hatto Turkiyaning. Ularga aql o'rgatish bilan biror yutuqqa erisha olmaysiz.
O'tgan yetti yilda Markaziy Osiyoning to'rt mamlakatida rahbarlar yangilandi, O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va Turkmanistonda. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hozir sobiq ittifoq hududida eng uzoq davrdan beri hokimiyatda o'tirgan shaxs.
Krol pragmatik yondashuvni targ'ib qiladi. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda ta'kidlashicha, Markaziy Osiyoda demokratik qadriyatlarga e'tibor hali ham past va kuchli irodasiz G'arbning bu boradagi harakatlari samara bermaydi.
Koen deydiki, Markaziy Osiyoda ta'limga, aynisa aniq fanlar va texnologiya yo'nalishida mutaxassislarni tayyorlashga e'tiborni kuchaytirish kerak. Qozog'iston, uning tahlilicha, bu sohada oldinda.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo ramsfeldchilari: Birlashgan o'zar, birlashmagan to'zarAlmatidagi Turon universitetidan Guljanat Tayauova hozirgi islohotlarni tushuntirar ekan, G'arb me'yorlari o'zlashtirilishi kerak, deydi.
"Tizimimiz ustida hali ko'p ter to'kishimiz kerak. Orqada qolib ketganimizni o'zimiz ham sezamiz. Lekin 30 dan oshiq universitetimiz hozirda dunyo reytinglaridan joy olgan. Bir nechasi mintaqaning eng kuchli ta'lim maskanlaridir", - deydi Tayauova.
Bitiruvchilar ingliz tilini bilishi, jahon talablariga javob berishi shart, deydi ayni damda AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida malaka oshirayotgan olima.
Lotin alifbosidagi qozoq tiliga o'tish va moslashish qiyin kechmoqda. Biroq har sohada davlat tilini o'zlashtirish lozim, aks holda mamlakat rivojlana olmaydi, deydi Tayauova.
Yaqingacha Oq uyda Markaziy Osiyo bilan aloqalarga bosh-qosh bo'lgan Erik Rudenshiold mintaqa mutaxassislari va siyosatchilari shu kunlarda bot-bot tilga oladigan "dekolonizatsiya" tushunchasiga urg'u beradi.
"Hech kim qadim zamonga qaytishni xohlamaydi, ya'ni bu mamlakatlar buyuk o'tmishidagi xonlik va imperiyalarni tiklash ilinjida emas. Ular oldinga qarab ketmoqda, taraqqiyot yo'lini belgilab olgan", - deydi Rudenshiold, hozirda Vashingtondagi Kaspiy siyosat markazida tadqiqotchi.
U ham milliylik, ayniqsa tilning rolini yuqori baholaydi. Sovet Ittifoqiga xos markazlashgan sistemadan mustaqillik tomon harakatlanish o'tgan uch o'n yillikda bag'oyat og'ir kechdi, deydi Rudenshiold.
Buni ham ko'ring AQSh-Markaziy Osiyo: C5+1 qanday davom etadi?Erkinlik va oshkoralik nima ekanini anglash, huquq-tartibot va adliyani isloh qilish - boshqaruv o'zgarishga yo'l bergan taqdirda ham jarayonlar juda murakkab, deydi u.
Markaziy Osiyo aholisining aksariyati hozir mustaqillikdan keyin tug'ilgan insonlar. Rudenshiold nazarida mana shu avlod mintaqani yangilaydi, kelajak uning zimmasida.
Rossiya Ukrainaga 2014-yilda bostirib kirganidan keyin avj olgan multivektorli tashqi siyosat, bu mutaxassis fikricha ham aslida Qozog'istonda boshlangan. Oldingi prezident Nursulton Nazarboyev va hozirgi rahbar Qosim-Jo'mart To'qayev, deydi Rudenshiold, mustaqillik va suverenitet naqadar nozik va qaltis masala ekanini ular azaldan chuqur tushungan.
Amerikaning sobiq rasmiysi tahlilicha, O'zbekiston va Qozog'istonda bosh qomuslar yangilangani ham progressdan darak.
"Mintaqada bugun ziddiyat yoki raqobat emas, birdamlik ruhi hukmron. Bu - yangi. E'tibor mintaqaviy masalalarda, global muammolar yechimida uning hissasi va roli xususida. Bular - yangi", - deydi Rudenshiold.
U Qirg'izistonga ham umid bilan qaraydi. Fuqaro jamiyati, nohukumat tashkilotlar, ayniqsa bu respublikada hamon eng katta nufuzga ega, deydi Rudenshiold, ular Qirg'izistonni oldinga yetaklaydi.
Pol Gobl deydiki, Turkmaniston - mintaqaning eng yopiq mamlakati. Aslida mintaqaning eng rivojlangan, mustahkam qismi bo'la oladigan o'lka, deydi u, "afsuski, shuncha potensiali bilan alohisi dunyodan uzilgan, qashshoqlik keng qanot yozgan va qo'rquv ichida".
Tojikistondagi vaziyatni bu mutaxassislar o'zaro muhokamada deyarli tilga olmadi, chunki Emomali Rahmon davrida respublika yangi davrga kira olmasligi aniq. Biroq u yerdagi jarayonlardan ham aslo ko'z uzmaslik kerak.