Hisobot: Tolibon hukmi ostida o'g'il bolalar ta'limi ham zarar ko'rmoqda

  • Amerika Ovozi

6-dekabr kuni chop etilgan “Human Rights Watch” tashkiloti hisobotiga ko'ra, Tolibonning "qo'pol" ta'lim siyosati Afg'onistonda yosh qizlar va o'g'il bolalarga birdek zarar yetkazmoqda.

Tolibon qizlar va ayollarga o'rta maktab va universitetlarda o'qishni taqiqlagani uchun dunyo bo’ylab keskin tanqidlarga duchor bo’ldi. Huquq tashkilotining aniqlashicha, guruhning ta’lim siyosati o'g'il bolalarning ta'lim olishiga ham jiddiy putur yetkazmoqda.

Malakali o'qituvchilarning, shu jumladan, ayollarning ta’lim sohasidan ketishi, o'quv dasturidagi regressiv o'zgarishlar va jismoniy jazolarning kuchayishi maktabga borishdan qo'rquv va davomatning kamayishiga sabab bo’lgan.

Barcha ayol o'qituvchilar ishdan bo'shatilgani sababli ko'plab o'g'il bolalar malakasiz odamlar tomonidan o'qitilmoqda yoki umuman o'qituvchisiz sinflarda o'tiribdi.

Ota-onalarning shikoyat qilishicha, jismoniy jazo qo'llash keskinlashgan, jumladan, jazo sifatida o'g'il bolalarning sochini olish yoki mobil telefoni borligi uchun butun maktab oldida kaltaklash kabi holatlar yuz bergan.

Tolibon san'at, sport, ingliz tili va fuqarolik ta'limi kabi fanlarni yo'q qilgan.

Buni ham ko'ring Tolibon davrida ayollarni onlayn xo'rlash ham avjida

O’quvchilarning “Human Rights Watch” tashkilotiga aytishicha, maktab kunida dars bo'lmaydigan soatlar bor, chunki ularni to’ldirish uchun o'qituvchilar yetishmaydi.

Tolibon 2021-yilda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng tatbiq etgan qattiq choralar doirasida ayollarning ko‘p sohalarda ishlashini taqiqlab qo‘ydi va qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishini to‘xtatdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar agentligiga ko'ra, bir milliondan ortiq qiz shu taqiqqa tushgan. Biroq taxminlarga ko'ra, Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin ham sharoit yo'qligi va boshqa sabablarga ko'ra besh million atrofidagi qiz maktabga bormagan.

Bu taqiq Tolibonning xalqaro miqyosda tan olinishi yo'lidagi eng katta to'siq bo'lib qolmoqda.

Hukumatlar va BMT agentliklari Tolibonni qizlar va ayollarning ta’lim olishiga nisbatan kamsituvchi taqiqni to‘xtatishga, o‘g‘il bolalarning xavfsiz va sifatli ta’lim olish huquqlarini ta’minlashga undashi kerak, deyiladi hisobotda.

Bunga barcha ayol oʻqituvchilarni qayta ishga olish, oʻquv dasturini inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilish va jismoniy jazoga barham berish kiradi.

Buni ham ko'ring BMT: Ayollarni ezayotgan Tolibon tan olinmaydi

"Tolibonning ta'lim tizimiga aralashuvi bugungi kunda bolalarga zarar yetkazmoqda va Afg'oniston kelajagini xavf ostiga qo’yadi. Afg'onistondagi ta'lim inqirozini hal qilish uchun zudlik bilan va samarali xalqaro javob choralari zarur", - deydi hisobot muallifi Sahar Fetrat.