Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo'shilish muzokaralarini boshlash harakatida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Shu hafta Yevropa Ittifoqining Bryusselda boshlanadigan muhim sammitida Ukraina ittifoqqa rasmiy aʼzolik boʻyicha muzokaralarni boshlashi masalasi muhokama qilinadi. Vengriya Kiyevning a’zolik arizasiga veto qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

Bosqinchi Rossiya kuchlari bilan olishayotgan Ukraina kelajagini Yevropa bilan bog’lamoqchi. Shu hafta bo’lib o’tadigan anjuman Kiyevning bu ambitsiyalarni amalga oshirishda muhim rol o’ynashi mumkin.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning nomzodlik maqomini 2022-yilda, Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay tasdiqlagan edi.

Bryusselda payshanba kuni boshlanadigan ikki kunlik sammitda Yevropa Ittifoqi davlat rahbarlari Kiyev bilan rasmiy aʼzolik boʻyicha muzokaralarni boshlash yoki boshlamaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Ukraina rasmiylarining aytishicha, ular blok talab qilgan ko‘plab islohotlarni allaqachon yakunlagan.

“Buning evaziga biz ham Yevropa Ittifoqidan sheriklik, oʻzaro manfaatlar ruhida Ukrainaning saʼy-harakatlarini qadrlaydigan va mamlakatimizning qoʻshilish muzokaralariga yo’l ochib beradigan qaror qabul qilishini kutamiz”, - deydi Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

Bu yo'lda yagona to’siq Yevropa Ittifoqi a'zosi Vengriya. Unga ko’ra, Kiyev qo’shilishga hali tayyor emas va urushayotgan davlat bilan blokka qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlamaslik kerak.

Buni ham ko'ring Zelenskiy: Ukraina AQShga tayana olishi kerak

Vengriya rasmiylari Ukrainaning a'zolik arizasiga, shuningdek, blokning yillik byudjeti doirasida Kiyevga taklif qilingan 54 milliard dollarlik yordam paketiga veto qo'yish bilan tahdid qildi.

"Ular bizni qabul qilib bo'lmaydigan qarorga qo'shilishga harakat qilishayotgani aniq. Biz hech qachon milliy manfaatlarimizdan, suveren qaror qabul qilish vakolatlarimizdan voz kechmaymiz”, - dedi Vengriya Tashqi ishlar vaziri Piter Siyarto.

Tahlilchi Yan Bondga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan aʼzolik muzokaralarini boshlamasa, bu yanada jiddiyroq oqibatlarga olib keladi.

"Psixologik ta'sir juda katta bo'ladi, chunki bu Putinga dalda beradi, u G'arb Ukrainani o’zining bir qismi sifatida to'liq qabul qilmadi, deb o'ylaydi va bu Ukrainaga ruhiy jihatdan zarar yetkazadi. Chunki ular o'zlarining bir oiladek qabul qilishlariga umid qilgan”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina qurolli kuchlarini qutlamoqda

Yevropa Ittifoqi rahbarlari, shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar, jumladan, rus olmoslarini taqiqlash masalasini ham muhokama qilmoqchi.

Isroil-XAMAS urushi, shuningdek, Isroil tomonidan bosib olingan G'arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo'ravonlik harakatlarini amalga oshirgan yahudiylarga sanksiya qo'yish mavzulari ham kun tartibida.