Lukashenko: Rossiya kerakli atom qurollarini Belarusga ko'chirib bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Rossiya rahbari Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Sankt-Peterburg, 23-iyul, 2023

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko so'zlariga ko'ra, bu davlatning eng yaqin hamkori Rossiya uning hududiga taktik yadroviy qurollarni ko'chirib bo'lgan.

Bunday bayonotlar Polsha va boshqa yaqin mamlakatlarda xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlar yanada kuchaytirgan.

Lukashenko atom arsenali haqida Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining Sankt-Peterburgdagi yig'inida so'zlagan. Belarus prezidenti qancha qurol ko'chirilgani va qayerga joylashtirilgani haqida og'iz ochmagan.

Taktik qurollar deganda jang maydonida ishlatiladigan vositalar nazarda tutiladi. Ular odatda qisqa maasofani nishonga oladi.

Buni ham ko'ring Belarus: Atom qurollari ishga solinsa, G'arb aybdor

Rossiya shu paytgacha bu haqda qilgan bayonotlarida Belarusga olib boriladigan qurollarni uning o'zi nazorat qilishini bildirgan.

Lukashenko deydiki, Belarusning bunday hamkorlikdan maqsadi - o'zini Polsha agressiyasidan himoya qilish. Minsk NATO a'zosi bo'lmish Polshaga tahdid manbai sifatida qaraydi.

Polsha - Ukrainaga yordamlashib kelayotgan davlat. Rossiya va uning ittifoqdoshi Belarusni agressor deb hisoblaydigan Varshava Kiyevga qurol uzatmoqda, shuningdek, uni gumanitar va siyosiy jihatdan quvvatlamoqda.

Ukrainaga bosqinchilik qilayotgani uchun Rossiya va uning sheriklarini sanksiyalar orqali jazolayverish kerak, deydi Polsha diplomatlari.

Rossiya Ukrainaga shimoldan Belarus orqali kirgan. Biroq Belarus qurolli kuchlari bu urushda ishtirok etayotgani yoki shu paytgacha hissa qo'shgani haqida ma'lumot yo'q.