AQSh, Xitoy Vashingtonda harbiy hamkorlikni muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Pentagonda AQSh va Xitoy mudofaa rasmiylari muzokarada, 9-yanvar, 2023

8-9 yanvar kunlari AQSh Mudofaa vazirligida Xitoy delegatsiyasi bilan muzokaralar o'tgan. Pentagonning tasdiqlashicha, ikki davlat harbiy hamkorlikni jonlantirmoqda.

Vashington va Pekin Tayvan erkinligi va Janubiy Xitoy dengizi kimniki ekani yuzasidan ziddiyatda, qolaversa, Bayden ma'muriyati kommunist rejimni uning xavfsizligiga bevosita tahdidlarda ayblaydi.

Prezident Jo Bayden va Prezident Si Zinpin o'tgan yili AQShda ko'rishib, muloqot qilgan. Sog'lom raqobat qilishga kelishilgan, tomonlar bir-biriga dushman sifatida qarashni xohlamasligini bildirgan.

Buni ham ko'ring Xitoy rahbari bilan ko'rishgan Bayden uni diktator deb atadi

Bu haftadagi muzokaraga Pentagondan Mudofaa vazirining Xitoy, Tayvan va Mongoliya bo'yicha muovini Maykl Cheyz, Pekindan esa xalqaro harbiy hamkorlik bo'yicha mas'ullardan general-mayor Song Yanchao yetakchilik qilgan.

Xitoy bayonotiga ko'ra, maqsad - Amerika bilan muntazam aloqa qilish, toki tushunmovchiliklar chiqib, mojaroga yetaklamasin.

Pentagonga ko'ra ham muddao harbiylar orasida effektiv kommunikatsiyani yo'lga qo'yish, toki hech kim biror masalani noto'g'ri tushunib, egri yo'ldan bormasin va barqarorlik ta'minlansin.

O'tgan oy AQSh bosh harbiysi, general Charlz Braun va Xitoy bosh harbiysi, general Liu Jenli ham virtual muloqot qilgan.

Xitoy Mudofaa vazirligining qays etishicha, tomonlar "tenglik va o'zaro hurmat" tamoyillariga asoslangan holda qadam tashlashga kelishgan.

Buni ham ko'ring Bayden va Si San-Fransiskoda muloqot qildi

Pekin Vashingtonni Janubiy Xitoy dengizida "provokatsion harakatlar" qilmaslikka va boshqa davlatlarga ham bunday ishlar qilishida yordamlashmaslikka chqirgan.

Xitoy AQShdan Tayvanni qurollantirmaslikni so'ragan. Amerika o'zining "yagona Xitoy" prinsipiga sodiq qolayotgan bo'lsa-da, Tayvandagi demokratik tuzumni quvvatlab, uni himoya qilishga shay ekanini eslatadi. Pekin bundan norozi.

"Qo'shma Shtatlar dengiz va havodagi masalalarning ildizini chuqur anglab, o'z kuchlarini qattiq nazorat qilishi va muammolarni bo'rttirmasligi kerak", - deyiladi Xitoy Mudofaa vazirligi bayonotida.

AQSh rasmiylari harbiy hamkorlik bilangina oradagi kelishmovchilar barham topmasligini tan oladi.