AQSh Kongressida hisobot bergan rasmiylarga ko'ra, Afg'onistonga uzatilayotgan gumanitar yordam biror jihatdan Tolibonga quvvat bermasligini ta'minlash uchun zarur choralar ko'rilmoqda.
"Yordamimiz ko'zlangan insonlarga yetib borishini ta'minlash uchun qattiq harakat qilamiz. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi soliq to'lovchining pulini har jihatdan ehtiyot qiladi. Hamkorlarimizdan ham eng yuqori standartlarga ko'ra ishlashni talab qilamiz", - deydi Maykl Shiffer, tashkilot rahbarining o'rinbosari.
Afg'onistonga ajratilgan har bir dollarni nazorat qiladigan maxsus inspektor bu hafta Kongressga yo'llagan xatida Shveysariyada asoslangan Afg'on fondi iznidagi 3,5 milliard dollar qanday sarflanayotgani noma'lum ekanini bildirgan. Chunki, deyiladi maktubda, fond inspektorning surishtiruvlariga javob bermagan.
Bir yil oldin AQSh tashabbusi bilan joriy etilgan bu jamg'arma Afg'oniston xalqiga madad ko'rsatishi kerak edi, ammo shu kungacha bu yo'lda qanday qadam tashlagani mavhum.
BMTga ko'ra, bu yil Afg'onistonda taxminan 23,7 million odamga, mamlakat ahlining yarmiga favqulodda ko'mak zarur bo'ladi.
2021-yilning avgust oyida Tolibon hokimiyatni egallaganidan beri Amerika xalqidan Afg'onistonga qiymati 2 milliard dollardan ziyod gumanitar yordam uzatilgan.
"Tolibon buning huzurini ko'rmoqda", - deydi respublikachi kongressmen, Vakillar palatasida Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Maykl Makkol.
"Toliblar biz yordamni yetkazadigan nohukumat tashkilotlardan o'marib, o'z jangchilari va hokimiyatini kuchaytirish uchun foydalanmoqda".
Buni ham ko'ring Tolibon ko'knor yetishtirishni cheklaganMakkol deydiki, Kobuldagi tan olinmagan ma'muriyat nohukumat tashkilotlarga xohlagan talabini qo'yadi.
Shuningdek, deydi u, Tolibon AQSh ko'magini olish uchun soxta muassasalar ochib, mablag' u yerga tushishini ta'minlaydi, qolaversa BMT agentliklariga ham o'z odamlarini ishga joylashtirgan.
Maxsus inspektorning 2023-yilning kuzidagi tekshiruvi shunday holatlarni aniqlagan.
Makkol va boshqa qonunchilar Davlat departamentiga inspektor bilan hamkorlik qilish shartligini eslatib, Afg'onistonga atalgan yordam korrupsiyadan mutlaq xoli bo'lishi kerak, deya talab qilmoqda.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Tomas Uest deydiki, uning idorasi o'z vazifalarini sidqidildan bajarmoqda, Kongress ajratgan mablag' isrof qilinmayapti, Tolibonning cho'ntagiga tushmayapti.