Afg'onistonning Maymana shahrida "Yusra" radiosi efirda. Har kuni qator dasturlar bor.
Aqiba Sardash ertalabki eshittirishni olib boradi. Radioni butun Faryob viloyati tinglashi mumkin.
Stansiya olti oy oldin ochildi. Besh kishi ishlaydi. Aqiba bir necha vazifada.
Hamma ko'ngilli ravishda faoliyat yuritadi. Ayol jurnalistlarning aksariyati bugungi Afg'onistonda ishsiz.
"Tolibon nimaiki talab qo'ygan bo'lsa, qoidalar va qonunlar asosida qadam tashlaymiz. Ishimizni davom ettirayapmiz", - deydi Aqiba.
Radioning puli yo'q. "Yusra" oyiga 266 dollar topadi. U ikki xodimga oylik xolos. Qolganlar tekinga ishlaydi.
"Kimdir madad ko'rsatsa, faoliyatimiz kengayar edi. Yurtdoshlarimizga ko'proq ma'lumot uzata olar edik. Mablag'siz hozir bir amallayapmiz, lekin kelajak mavhum", - deydi G'ulom Muhammad Baromand, radio menejeri.
Boshqa tashkilotlarda ham shu ahvol. "Afkar Mardum" radiosi Faryobni qoplar va yoritar, kuniga 18 soat efirda edi.
Eshittirishlar qisqa va oz. Omma esa ko'proq efir xohlaydi.
Ovoz rejissyori Zabiulla Muhammadning oyligi 56 dollar.
"Mediada hozir mablag' qolmagan. Har yerda shunday. Ishlayotganimizdan mamnunmiz, albatta, lekin bu sohada oila boqa olmaysiz. Umid qilamiz, vaziyat yaxshilanadi, chunki biz Afg'onistonga kerakmiz", - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Feruz G'ofuriy "Afkar Mardum" boshqaruvchisi. Moliyaviy inqiroz davom etmoqda.
"Topganimiz ijaraga ketadi. Texniklarga haqini to'lash kerak. Borimiz shu", - deydi u.
Tolibon hokimiyatga kelganidan beri Afg'onistonda ommaviy axborot vositalari 43 foizga kamaydi. Minglab jurnalistlar ishidan ayrildi. Hukumat faqat diniy dastur berilishini istaydi. Ko'ngilochar programmalarga ruxsat yo'q.
Iqtisodiy vaziyat chatoq ekan, reklamadan ham daromad pasayib ketgan. Mahalliy telekanallar, radiolar birma-bir yopilmoqda.
Faryobda ahvol boshqa joylarga qaraganda yaxshiroq, deydi jurnalistlar. Mahalliy rahbarlar media zaruratini tushunayotgandek. Mablag' oz, ammo butkul to'xtamagan.
Oldingi hukumat davrida imkoniyat keng edi. Reklamachilar ko'p edi. Tolibon qaytdi va media degan narsa yo'qola boshladi.
Yordam bo'lmasa, hozirgi media ham boy beriladi.
"Yopilishga majbur bo'lishni xohlamaymiz. Ozgina bo'lsa ham madad kutayapmiz. Mediani qadrlaydiganlar bordir", - deydi G'ulom Muhammad Baromand, "Yusra" radiosi menejeri.
Bir paytlar jurnalistika va media bozor jadal rivojlana boshlagan Afg'onistonda muxbirlar va muharrirlar sadaqa so'rashni istamaydi, ammo professional quvvatlovdan umidvor.