Pokistonning 70 foizi saylovga ishonmaydi

Saylovoldi chiqishlar, Karachi, Pokiston, 5-fevral, 2024

8-fevralda parlament saylovlari o'tadigan Pokistonda fuqarolarning 70 foizi jarayonga va tizimga ishonmaydi.

AQShda asoslangan "Gallup" tadqiqot markazi olib borgan so'rov natijalariga ko'ra, odamlar davlatning siyosiy-iqtisodiy ahvolidan, shuningdek, xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatdan xavotirda va norozi.

Besh yilda bir o'tadigan saylov aksariyat saylovchilar fikricha, quruq tomosha.

So'ralganlarning 88 foizi hukumatni korrupsionerlar tizimi deb biladi.

Umidsizlik darajasi misli ko'rilmagan darajada yuqori, deydi tadqiqotchilar.

"Gallup" so'rovi 2023-yilning sentabr-oktabr oylarida 100o kishi orasida o'tkazilgan.

Qariyb 241 million aholiga ega mamlakat yadroviy qurollari bilan Janubiy Osiyodagi muhim o'yinchi.

71 yoshli sobiq bosh vazir Imron Xon o'tgan yildan beri qamoqda. U yulg'ichlik, xalq pulini yeganlik, noqonuniy nikoh, davlat sirlarini oshkor etish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilib, kamida 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Imron Xon o'zini aybsiz deb ta'riflab, harbiylarni hokimiyatni o'yinchoq qilib olganlikda qoralaydi. Pokiston generallar qo'lida, deydi u. Tizim esa bosh vazirni nopok deb e'lon qilgan.

Markaziy saylov komissiyasi Imron Xonning "Tehriki-Ins0f" partiyasini saylovda qatnashishini man etgan. Oliy sud ham partiyaga qarshi qarorlarni ma'qullagan.

Sobiq bosh vazir Imron Xonning "Tehriki Insof" partiyasi tarafdorlari, Bunir, Pokiston, 5-fevral, 2024

Partiya a'zolari anchadan beri tekshiruv ostida. Minglab tarafdorlar shaharma-shahar namoyishlar qilib, liderlarini quvvatlamoqda.

Jarayonlar, deydi kuzatuvchilar, tizimga ishonchni yanayam yemirgan.

Imron Xon panjara ortida bo'lsa-da, nufuzi keng va uni olqishlaydiganlar salmoqli sonlarda ko'chada.

"Gallup" tahlilicha, yaqin kelajakda mamlakat yanayam beqarorlashishi mumkin. Pokistonga esa sarmoya va taraqqiyot zarur. Xorijiy investorlar kamaygan.

Parlamen kimning qo'liga o'tishidan qat'i nazar, islohotlar boshlanmasa, vaziyat og'irlashaveradi va buning regional ta'siri beqiyos, deyiladi hisobotda.

Harbiylar yuritayotgan muvaqqat hukumatga ko'ra, qonun ustuvor bo'ladi.

Axborot vaziri Murtaza Solangi deydiki, saylov risoladagidek o'tkaziladi, xalqaro hamjamiyat uni kuzatadi.

AQSh jarayonni yaqindan monitoring qilayotganini bayon etgan. Davlat departamenti ayrim hududlarda huquqbuzarliklarni qayd etgan.

“Pokiston xalqi o'z liderlarini erkin va adolatli tarzda tanlay olishi kerak. Fundamental huquqlar ta'minlanishi zarur. Saylovlar qo'rquvsiz va zo'ravonliksiz kechishini tilaymiz. Xalq kelajakni belgilashga haqli", - deydi Vedant Patel, departamenti so'zlovchisi.