Qozog'istonda prezident administratsiyasi rahbari endi bosh vazir

  • Amerika Ovozi

43 yoshli Oljas Bektenov oldin adliyani boshqargan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash agentligini

Oljas Bektenov - Qozog'istonning yangi Bosh vaziri.

Kecha Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev hukumatni tarqatib yuborgan edi.

"Amanat" partiyasi Bektenovni nomzod sifatida ko'rsatgan. U hokimiyatda qanchalik yangilik qila oladi, mavhum. Chunki uning ko'rinishi deyarli o'zgarmagan. Faqat to'rt vazir yangilangan, qolganlar joyida. Bosh vazirning vakolatlari ham o'sha-o'sha.

Yangi Moliya vaziri - Madi Takiyev. Akmaral Alnazarova - Sog'liqni saqlash vaziri, Chingiz Arinov Favqulodda vaziyatlar vaziri, Nurlan Baybazarov esa Iqtisodiyot vaziri etib tayinlangan.

43 yoshli Bektenov oldin adliyani boshqargan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash agentligini.

2023-yilning aprelidan beri u prezident administratsiyasining rahbari edi.

Qoozg'iston ham O'zbekiston kabi super-prezidentlik tizimi va administratsiya boshlig'i ikkinchi eng qudratli shaxs deb qaraladi.

O'zbekiston kabi Qozog'iston ham yulg'ichlik changalidagi davlat. Respublika qo'shnilaridan qolishmagan holda dunyodagi eng korrupsion tizimlardan biriga ega.

Tahlilchilarga ko'ra, hozirgi Qozog'istondan davom etayotgan bir o'zgarish - sistemanin oldingi rahbar Nursulton Nazarboyev odamlaridan tozalanib borayotgani.

Kechagacha bosh vazirlik qilgan Alixan Smailov nega ketdi, tushuntirilmagan. Smailov To'qayevga imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirgan.