Muzokarachilar Isroil-Xamas o’rtasida sulh ehtimolini muhokama qilar ekan, avvalgi mojarolarda yaqinlarini yo'qotgan bir guruh isroillik va falastinliklardan iborat "Ota-onalar oilaviy forumi" nodavlat tashkiloti murosani to’qnashuvlarni to’xtatishning yagona yo’li, deb hisoblamoqda.
Isroil va Xamas o'rtasidagi urush beshinchi oyga yaqinlashar ekan, sulhga erishish bo’yicha umidlar kuchaymoqda. Bir necha yillik mojarolarda yaqinlarini yo'qotgan 700 ga yaqin isroillik va falastinliklarni o’zida jamlagan Ota-onalar oilaviy forumi tomonlarni o’zaro murosa qilishga chaqirmoqda.
“Biz 700 dan ortiq oilalardan iborat guruhmiz. A’zolarning barchasi mojaroda yaqin qarindoshini yo‘qotgan. Biz zo‘ravonlik qilmaslik, yarashuv va ishg‘olni tugatish uchun harakat qilamiz”, - deydi tashkilot vakili Robi Damelin.
Damelin va tashkilotning boshqa a'zolari qarshi tomonni ham tushunish kerak, deydi.
“Biz tushunishga harakat qilamiz. Nima uchun odamlar 7-oktabr kungi voqealarni sodir qiladigan darajaga yetib boradi? Agar siz G‘azoda o‘sgan 12-14 yoshli bola bo‘lsangiz va har ikki yilda urush va bombalar yog’ilsa; boshpanangiz bo’lmasa, qochish uchun hech qanday yo'l va umid bo’lmasa, siz qanday inson bo’lib ulg’ayasiz?”, - deydi Damelin.
Falastinlik Bassam Aramin ham zo'ravonliklarga chek qo'yishga chaqirmoqda.
“Qasos olish oson, lekin u hech qachon hech narsani hal qilmaydi. Siz shunchaki boshqa qurbon yaratasiz. O‘zingizni qotilga aylantirasiz, qon to‘kilishi davom etadi. Biz bu zo‘ravonlikni, qon to‘kilishini to‘xtatishimiz kerak”, - deydi u.
Buni ham ko'ring Netanyaxu Falastin mustaqilligini bir tomonlama tan olish harakatlariga qarshiIsroilning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning yarashuv sa’y-harakatlari haqidagi savoliga javob bermadi.
Fevral oyida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin davlatining tashkil etilishiga qarshi ekanini aytgan edi.
“Isroil xalqi va uning saylangan vakillari bugun har qachongidan ham birdam. Knesset bir tomonlama Falastin davlatini tashkil qilishga oid har qanday urinishlarga qarshi ekanini ko'pchilik ovoz bilan ma’lum qildi. Bunday urinish faqat Isroilni xavf ostiga qo'yadi va barchamiz intilayotgan haqiqiy tinchlikka to'sqinlik qiladi”, - dedi u.
Dunyo bo'ylab norozilik namoyishlari o'tkazilmoqda. Ko'pchilik jangovar harakatlarni to'xtatishni hamda G'azo va G'arbiy Sohildagi bosqinni tugatishni talab qilmoqda.
Ota-onalar oilaviy forumi a'zolari esa zo'ravonlikka chek qo'yishni xohlamoqda.
Buni ham ko'ring BMT: G'azoda sog'liqni saqlash tizimi barbod bo'ldi“Bir-birimizni yoqtirsak ham, yoqtirmasak ham, bu yerni baham ko'rishimiz kerak. Hech kim yo'qolib ketmaydi. Ikkalamiz ham yashash huquqiga egamiz. Uni bir yoki ikkita davlat, hatto beshta davlat bo’lsa ham, bo'lishishimiz kerak. Aks holda, xuddi shu yerda katta qabristonni bolalarimiz, oilamiz va xalqimiz bilan baham ko‘rishga majbur bo’lamiz. Demak, yonma-yon yashash o‘zimizga bog‘liq”, - deydi Aramin.
7-oktabr kuni Xamas Isroilga bostirib kirib, 1200 kishini o'ldirib, 240 dan ortiq odamni garovga olishi ortidan Isroil G’azoga urush ochgan edi.
Isroil hujumi natijasida shu paytgacha 30 000 dan ortiq falastinlik halok bo’ldi.