Prezident Jo Bayden Isroilga qo'shimcha 26 milliard dollarlik yordam ko'rsatish to'g'risidagi qonunni imzoladi. Bu qonun Isroilda 1200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo'lgan va G'azoda 34 000 dan ortiq tinch aholini halok qilgan Isroil-XAMAS urushi boshlanishidan olti oy o’tib qabul qilindi.
Isroil tashqi ishlar vaziri AQSh qonunchilariga xavfsizlik yordami to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, uni “ittifoqimiz mustahkamligining yaqqol dalili” deb atadi.
Qonun Demokratik partiyaning ba’zi qonunchilari e’tirozi bilan qabul qilindi. Ayni paytda ma’muriyat Amerika qurollari hamkorlar tomonidan xalqaro va AQSh qonunlariga qanchalik rioya qilingan holda ishlatilayotgani ustidan tekshiruv o’tkazmoqda.
Agar AQSh harbiy yordami inson huquqlarining buzilishiga hissa qo’shganiga doir ishonchli dalillar topilsa, Vashington yordamni to’xtatish masalasini ko’rib chiqishi mumkin.
Buni ham ko'ring AQSh Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam beradiIsroil mart oyida NSM-20 muvofiqligini kafolatladi. Davlat departamenti 8 maygacha Kongressga Isroilning kafolatlarini ishonchli deb topadimi yoki yo‘qmi, hisobot berishi kerak.
Isroilning Falastindagi xatti-harakatlaridan norozi faollar Isroil Mudofaa kuchlarini "harbiy jinoyatlarni tizimli tarzda" amalga oshirganlikda ayblab, AQShni qurol-yarog' uzatishni to'xtatishga chaqirdi.
Chorshanba kuni e'lon qilingan hisobotda Milliy xavfsizlik memorandumini qo'llash bo'yicha mustaqil ishchi guruh Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatining Isroil Amerika qurollaridan AQSh va xalqaro qonunlarga to'liq mos ravishda foydalanayotgani haqidagi da’volarini shubha ostiga oldi.
Buni ham ko'ring G'azoda ommaviy qabrlar topilmoqdaIsroil kuchlari uchun cheklovlar
Shuningdek, AQSh Davlat departamenti G‘arbiy Sohildagi inson huquqlari buzilishida ayblangan Isroil harbiy bo‘linmalariga yordamni cheklash masalasini ko’rib chiqmoqda.
Agar AQSh cheklovlarni joriy qilsa, bu Isroil harbiylariga yordam berish bo’yicha e’lon qilingan ilk taqiq bo’ladi.
Bosh vazir Netanyaxu ijtimoiy tarmoqdagi postida yozishicha, Isroil qo‘shinlari XAMASga qarshi kurashayotgan bir paytda bunday cheklovlar qo’yilishi “bema’nilik cho‘qqisi va ma’naviy pastkashlik” bo‘ladi.
AQSh yordamini cheklash "ramziy ahamiyatga ega”, - deydi Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Sara Xarrison.
“Ammo bu jang maydoniga hech qanday ta'sir ko'rsatmaydi. Isroil o'z mablag'lari hisobidan Amerika qurollarini sotib olishi va ularni ushbu bo'linmalarga berishi mumkin”, - deya qo'shimcha qiladi u.