Oktabr oyidan beri Rossiyada noqonuniy hibsda saqlanayotgan jurnalist Alsu Kurmasheva jasorati va qat'iyati uchun taqdirlandi.
“Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi tatar-boshqird xizmati muharriri Kurmasheva “xorij agenti” sifatida ro’yxatdan o’tmaganlikda va Rossiya harbiy kuchlari to’g’risida yolg’on ma’lumot tarqatganlikda ayblanmoqda.
Pragada istiqomat qiluvchi asli rossiyalik va hozirda AQSh fuqarosi bo’lgan jurnalist 2023-yilning may oyida kasal onasiga qarash uchun Rossiyaga borgan edi. Uyiga qaytmoqchi bo‘lganida, rasmiylar uning pasportlarini olib qo‘ygan.
“Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosining bosh tashkiloti AQSh Global Mediya Agentligi (USAGM) 47 yoshli Kurmashevani jurnalistikadagi yuksak mahorati va jasorati uchun “Devid Berk” nomidagi mukofot bilan taqdirladi.
"Men hamkasbimiz Alsuning favqulodda qurbonliklari va fidoyiligini e'tirof etgani uchun USAGMga minnatdorchilik bildirmoqchiman", - dedi “Ozodlik” radiosi prezidenti Stiven Kapus.
"Alsuni ozod qilish vaqti yetib keldi", - deya qo’shimcha qildi u.
Mukofot hozirda AQSh Global Mediya Agentligi deb ataluvchi Teleradiokompaniya boshqaruv kengashining birinchi raisi, yangiliklar bo’limi rahbari Devid Berk nomi bilan atalgan. Har yili USAGM media tarmoqlaridagi jurnalistlar, shuningdek, “Amerika Ovozi” jurnalistlari mazkur mukofot bilan taqdirlanadi.
Buni ham ko'ring Rossiyadan qochgan jurnalistlarning taqdiri"Matbuot erkinligiga tahdidlar kuchayayotgan bir paytda, bu yilgi “Berk” mukofotlari erkin matbuotga muhtoj auditoriyaga xolis va haqqoniy ma’lumot yetkazishdagi jasorat va qat'iyatni aks ettiradi", - dedi USAGM bosh ijrochi direktori Amanda Bennett.
“Ozodlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlashda dunyo bo‘ylab insonlarni birlashtirish, jalb qilish va xabardor qilish uchun tinimsiz mehnat qiladigan, ko’p hollarda o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, ishiga fidokorona yondashadigan bu ajoyib jurnalistlar bilan birga ishlash men uchun sharafdir”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Kurmasheva ishida jurnalist va uning hamkasblari Rossiya tomonidan unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. AQSh hukumati uni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. Agar jurnalist aybdor deb topilsa, 15 yilgacha qamalishi mumkin.
Hozirda Kurmasheva kamida iyun oyiga qadar tergov qamoqxonasida hibsda saqlanadi.
"Bir oila parokanda bo’ldi", - deydi Kapus Kurmashevaning eri Pavel Butorin.
Ularning ikki nafar farzandi bor. Butorin “Amerika Ovozi” bilan hamkorlikda ishlovchi “Ozodlik” radiosining rus tilidagi “Hozirgi vaqt” telekanali rahbaridir. U Kurmashevaga berilgan mukofotni uning nomidan qabul qildi.
“Biz Alsu jinoyatchi emasligiga aminmiz. U “Ozodlik” radiosidagi faoliyati va Amerika fuqaroligi tufayli panjara ortida. Rossiya Alsuni reportajlari tufayli nishonga olayotganini ochiq-oydin bildirdi”, - dedi Butorin o‘z so‘zida.
Buni ham ko'ring Rossiyada mustaqil nashrlar yopilar ekan, 20 yillik ishlari arxivga aylanadiShuningdek, Butorin Kurmashevaning nohaq qamalganini aytib, AQSh hukumatidan uni qo’llab-quvvatlashni so’radi, toki bu jurnalistning ozod etilishi uchun yana bir sabab bo’lishi mumkin.
“AQSh hukumati ikkilanmasdan Alsuni nohaq hibsga olibgan deb e’lon qilishi va uni ruslar changalidan tezroq qutqarish choralarini ko’rib chiqishi kerak”, - dedi Butorin.
AQSh Davlat departamenti Kurmasheva masalasini ko'rib chiqayotganini bildirdi. Erkin matbuotni himoya qilish guruhlari esa Davlat departamentining hali ham bir qarorga kelmaganidan taajjubda.
“Biz hamkasbimizning nohaq hibsga olinganini hali ham e’lon qilishmaganidan juda hayratdamiz”, - deydi Milliy press-klub prezidenti Emili Vilkins Vashingtondagi tadbirda.
"Biz uning muxbir ekanligini, u hech qanday yomon ish qilmaganini, jurnalistika jinoyat emasligini bilamiz. Shuningdek, “nohaq hibsga olindi” deya himoya qilish shunchaki so'z emasligini bilamiz. Bu uning tezroq ozodlikka chiqishiga katta yordam beradi”, - dedi Vilkins.
Kurmashevaning ishi, 2023-yil mart oyidan beri qamoqda saqlanayotgan yana bir amerikalik jurnalist – “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovich ishi – Rossiyada matbuot erkinligining haqiqiy ahvolini yaqqol ko'rsatadi.
Gershkovichni josuslikda ayblab hibsga olishgan. Biroq u ishlayotgan jurnal va AQSh hukumati bu ayblovni rad etib, uni nohaq qamalgan deb e’lon qilgan.
Rossiya hukumati shu kungacha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatda ishlash huquqini olgan Gershkovichga qo‘yilgan ayblovlarni tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim etmagan.
Buni ham ko'ring Rossiya hukumati "internetni tozalamoqda"Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi ham “Amerika Ovozi”ning izoh so’rab yozgan elektron xatiga javob bermadi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxirida Rossiyada 22 jurnalist qamoqqa olingan, ularning 12 nafari xorij fuqarosi; Gershkovich va Kurmasheva ham shular jumlasidan. Bu raqamlar Moskva jurnalistlarni qamashda dunyoda 4-o’rinda turishini, Rossiya jurnalistlari o’z kasbi tufayli jiddiy xavf -xatarlarga duch kelishini ko’rsatadi.