Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Ogayo shtatidan senator Jeyms Deyvid Vensni o‘zining vitse-prezidentlik uchun nomzodi deb e’lon qildi.
“Uzoq mulohazalardan so‘ng va boshqalarning ulkan iste’dodini qadrlagan holda, Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti lavozimini egallashga eng munosib odam Ogayo shtatidan senator J.D.Vens ekani haqida qaror qildim”, — dedi Tramp o’zining "Truth Social" deb nomlangan ijtimoiy tarmog'idagi postida.
39 yoshli Vens 2016-yilda chop etgan “Hillbilly Elegy” nomli bestseller memuari bilan tanilgan. U 2022-yilda Senatga saylangan va “Amerikani yana buyuk qilish” dasturi, xususan, savdo, tashqi siyosat va immigratsiya masalalari bo‘yicha sobiq prezidentning eng ishonchli himoyachilaridan biriga aylandi.
Ammo u siyosatda tajribaga ega emas va kutilmaganda vitse-prezidentlikka nomzod sifatida Trump chiptasida paydo bo’ldi.
Buni ham ko'ring Tramp Miluokida. Respublikachilar qurultoyida qatnashadiShanba kungi mitingda Trampga suiqasd uyushtirishga urinish kampaniyani larzaga solib, mamlakatda hammaning e’tiborini Tramp saylov kampaniyasiga va shu hafta Miluokida bo’lib o’tayotgan respublikachilar qurultoyiga qaratdi.
Huquq-tartibot idoralari hozircha otishma sabablarini aniqlagani yo’q. Voqea ortidan Trampning sodiq tarafdorlari ancha faollashgani aniq. Vens konservativ ommaviy axborot vositalarida Tramp siyosatining faol targ’ibotchisiga aylangan. U 2028-yildagi navbatdagi prezidentlik saylovida Trampning vorisi sifatida ham ko’riladi.
Vensning shon-shuhrati Trampniki kabi kutilmaganda o’sib bordi. Sobiq prezident siyosiy faoliyatining dastlabki bosqichlarida u Trampni “firibgar”, “ma’naviy falokat” va “Amerika Gitleri” deb keskin tanqid qilgan.
Ammo Tramp prezidentlikka kelgach, ko'plab respublikachilar singari Vens ham o'z qarashlari ohangini o'zgartirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zining noto‘g‘ri ekanligi Trampning lavozimdagi faoliyatini ko’rib anglagan va uning eng qat’iy himoyachilaridan biriga aylangan.
"Men uni yaxshi prezident bo'ladi deb o'ylamagandim, - dedi Vens yaqinda “Fox News” kanaliga bergan intervyusida. - U zo'r prezident bo’ldi. Uning ikkinchi muddatga saylanishiga ishonch hosil qilish uchun ko'p mehnat qilayotganimning sabablaridan biri ham shu".
Buni ham ko'ring Tramp yig'inidagi otishma suiqasdga urinish sifatida tergov qilinmoqdaVens 2022-yilda Senatdagi ochiq o‘rin uchun kechgan kurashda Trampning qo’llab-quvvatlovini oldi va murosasiz kechgan saylovda demokrat nomzodni mag’lub etib, senator sifatida saylandi. U Trampning o‘g‘li kichik Donald bilan yaqin ekani aytiladi.
Vens endi Trampning sodiq himoyachisi sifatida sobiq prezidentga qarshi ochilgan jinoiy ishlar va fuqarolik hukmlarining qonuniyligiga e'tiroz bildirib keladi va hatto 2020-yilgi saylov natijalarini shubha ostiga olgan.
Senator sifatida Vens boshqalar bilan ishlashga tayyorligini ko'rsatdi. U va Ogayo shtatining katta senatori, demokrat Sherrod Braun shtat uchun muhim bo'lgan bir qator masalalar bo'yicha hamkorlik qildi. Jumladan, Intel Ogayo markazida qurayotgan 20 milliard dollarlik chip zavodini moliyalashtirish va yo'l xavfsizligi qonunchiligini joriy qilish bo’yicha ikki senator o’z ovozlarini birlashtiridi.