Prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp tomonidan vitse-prezidentlik uchun nomzod va sherik qilib tanlangan Jeyms Vens Respublikachilar partiyasining milliy qurultoyida vitse-prezidentlik nomzodini rasman qabul qildi.
Sobiq venchur kapitalist, ikki yildan beri Ogayo shtati vakili sifatida AQSh Senatida ishlab kelayotgan 39 yoshli Vens o'z chiqishida Trampning "Birinchi o'rinda Amerika" siyosatini qattiq qo'llab-quvvatlashini va vitse-prezident sifatida barcha amerikaliklarga xizmat qilishini ta'kidladi.
"Ogayo shtatining Midltaun shahri aholisiga, Michigan, Viskonsin, Pensilvaniya va Ogayo shtatlaridagi barcha unutilgan jamoalarga va xalqimizning har bir burchagiga shuni va'da qilaman. Men qayerdan kelganini hech qachon unutmaydigan vitse-prezident bo'laman", - dedi u oddiy oiladan chiqqaniga ishora qilib.
Vens Trampni olqishlash barobarida amaldagi Prezident Jo Baydenni keskin tanqid qildi.
"Jo Bayden mening butun umrim davomida Vashingtonda siyosatchi bo'lib kelgan, - dedi u. - Yarim asr davomida u Amerikani zaif va qashshoqroq qilish bo'yicha barcha siyosiy tashabbuslarga bosh-qosh bo'ldi".
Buni ham ko'ring Respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Vens haqida nimalar bilasiz?Unga ko'ra, Tramp to'rt yillik prezidentligi davrida Bayden butun umr qilgan ishdan yaxshiroq natija ko'rsatgan.
"Trampga yana to'rt yil muddat bersak, u yana nimalar qilishini tasavvur qiling", - dedi u.
Vens o'z nutqi nihoyasida yana bir bor barcha amerikaliklarga xizmat qilish ahdini eslab o'tdi.
"Men har bir amerikalikka, qaysi partiyaga mansubligingizdan qat'i nazar, borimni beraman", - dedi u.