Bir necha oylik taxminlar va bashoratlar ketidan Donald Tramp bir yarim yildan beri senatorlik qilayotgan Jey Di (Jeyms Deyvid) Vensni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanladi va bu haqda respublikachilarning Miluokidagi qurultoyida e’lon qildi.
Tramp Vensni ushbu lavozimga eng loyiq inson deb atadi.
39 yashar siyosatchi Iroqda harbiy xizmatda bo’lgan, Ogayo universitetida siyosatshunoslik va falsafadan ta’lim olgan, so’ng nufuzli Yel universitetida huquqshunoslikdan doktorlik darajasini yoqladi.
“Sobiq prezident Tramp ko’z ostiga olgan da’vogarlar orasida, mening nazarimda, aynan senator Vensni Prezident Trampning “Amerikani buyuk qilish” haqidagi falsafasiga eng mos va eng yaqin odam deb bilaman”, - deydi tarixchi Joel Goldstayn.
Unga ko’ra, odatda prezidentlikka nomzodlar o’zlari jalb qila olmaydigan saylovchilarni o’ziga qarata oladigan odamlarni vitse-prezidentlikka nomzod qilib oladi. Vens bundan mustasno, deydi Goldstayn.
“O’ylashimcha, Prezident Tramp Vens saylovga chiqmasligi mumkin bo’lgan saylovchilarni jonlantiradi, dunyoqarashi o’zinikiga o’xshagan odamlarni o’ziga qaratadi deb umid qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi olim.
Vens 2016-yilda xotiralari bitilgan kitob bilan ilk bor ommaga tanilgan. Unda bolaligidagi qashshoqlik, Ogayo shtatida joylashgan ona shahri Midltaundagi sanoat va iqtisodiy tanazzul ta’riflanadi.
Vensning ota-onasi juda erta ajrashib ketadi, uni onasi tomondan buvasi va buvisi katta qiladi, onasi esa giyohvand moddalar ta’siriga tushib qoladi.
Oliy ta’lim olganidan so’ng Vens Silikon vodiysida tadbirkor Piter Til qo’lida ishlaydi. Vens o’z nomzodini Senatga qo’yganida Til uning saylov kampaniyasini qo’llab-quvvatlab, 10 million dollar xayriya qiladi.
Vens Trampning ashaddiy tanqidchisidan ashaddiy tarafdoriga aylanadi. Vitse-prezidentlikka da’vogarlar orasida eng tajribasizi.
Vens gomoseksual munosabalarga qarshi, Ukrainaga pul va qurol berilishiga qattiq e’tiroz bildirib keladi, abort masalasini har bir shtat mustaqil hal qilishi kerak degan fikrda.
Tramp joniga suiqasddan bir necha soat o’tib, Vens Bayden kampaniyasining Trampga qarshi ritorikasi bunga sabab bo’lganini aytdi.