Donald Tramp Respublikachilar partiyasi milliy qurultoyining so’nggi kunida prezidentlik uchun partiya nomzodligini rasman qabul qilib oldi. U o’z nutqini o’tgan hafta hayotini tugatishi mumkin bo‘lgan suiqasd qanday yuz bergani va o’sha payt nimalarni his qilgani haqidagi hikoya bilan boshladi.
"Men bugun kechqurun bu yerda bo'lmasligim kerak edi, - dedi Tramp minglab tarafdorlari yig’ilgan yig'in zalida. - Hamma joyda qon oqardi, lekin men o'zimni juda xavfsiz his qildim, chunki Xudo men tomonda edi".
O'zining shafqatsiz va tajovuzkor ritorikasi bilan mashhur bo'lgan 78 yoshli sobiq prezident bu gal yumshoqroq va mulohazali ohangni saqlashga harakat qildi.
"Jamiyatimizdagi kelishmovchilik va bo'linish tuzalishi kerak. Biz buni tezda davolaymiz. Amerikaliklar sifatida bizni yagona taqdir va umumiy taqdir bog'lab turadi. Biz birga ko'tarilamiz yoki parchalanib ketamiz", - dedi Tramp
"Men Amerikaning yarmi emas, butun Amerika uchun prezident bo'lish uchun nomzodimni qo'yyapman, chunki Amerikaning yarmi uchun g'alaba qozonish mumkin emas", - deya qo’shimcha qildi u.
Buni ham ko'ring AQShda suiqasdga urinish qanday yoritilmoqda?Trump demokratlar 2020-yilgi saylovda firibgarlikka qo’l urganini yana bir bor ta’kidladi. Janubiy chegaralardan kirib kelayotgan muhojirlar oqimining keskin o’sishida Bayden ma’muriyatini aybladi.
2021-yil 6-yanvarda AQSh Kapitoliysida bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olon haqida esa og’iz ochmadi. Shu kuni Tramp tarafdorlari demokrat Jo Baydenning g’alabasini tasdiqlash uchun yig’ilgan Kongress anjumanini zo’ravonlik bilan to‘xtatishga uringan edi. Tramp tartibsizliklarda qamoqqa olingan tarafdorlarini “garovga olinganlar” deb atagan.
Tramp nutqi davomida Bayden nomini deyarli tilga olmadi. Ko'pincha, uni "hozirgi ma'muriyat" iborasi bilan esladi.
Trampning murojaati Respublikachilar partiyasidan minglab konservativ faollar va saylangan amaldorlarni Viskonsin shtatiga jalb etgan to'rt kunlik milliy qurultoyning yakunida yangradi.
So’nggi pezidentlik bahsida demokratlar nomzodi, amaldagi prezident Jo Baydenning yaxshi qatnasha olmagani, o’tgan hafta Tramp joniga suiqasd uyushtirilishi hamda shundan ko’p o’tmay respublikachilar qurultoyining boshlanishi Trampni mamlakat bo’ylab barchaning diqqat markaziga chiqardi.
So’nggi voqealar ortidan 81 yoshli demokrat Baydenning poygadan chiqishini so’rayotgan tarafdorlari soni oshdi. Kongressdagi asosiy ittifoqchilar, donorlar va hattoki sobiq prezident Barak Obama Baydenning saylovda yutish imkoniyatini savol ostiga olgan. Bu bosimlarga qaramay, Bayden nomzodini qaytarib olish niyatida emas.
Ayni paytda Bayden koronavirusga chalingani uchun Delaverdagi uyida izolyatsiya qilingan holatda davolanmoqda.
Demokratlar ikkiga bo'lingan
Respublikachilar qurultoy doirasida o’zaro birdamlik ko’rsatgan bir paytda, demokratlar Bayden saylovda qatnashishi kerakmi yoki yo'qmi degan savol yuzasidan ikkiga bo'lingan.
Buni ham ko'ring J.D. Vens: Barcha amerikaliklar uchun xizmat qilamanTramp qurultoyda nutq so’zlagan kunning o’zida Baydenning saylov kampaniyasi bo‘yicha menejeri o‘rinbosari Kventin Fulks Miluokiga yaqin joyda paydo bo’lib, Bayden poygadan chiqmasligini qayta-qayta ta’kidladi.
"Men qo'pol bo'lishni xohlamayman, lekin bunga yana necha marta javob berishimni bilmayman, - dedi Fulks jurnalistlarga. – Saylovda Baydenni almashtirish rejasi yo'q".
17-iyul kuni o’tkazilgan so'rovga ko'ra, demokratlarning deyarli uchdan ikki qismi partiya Baydenning o’rniga boshqa nomzod ko'rsatishi kerak, degan fikrni bildirgan.
Trampga qarshi suiqasd urinishidan so’ng Miluokida xavfsizlik masalasiga e’tibor kuchaytirilgan.
So’nggi kunlarda Tramp qayerga bormasin, Xavfsizlik xizmati himoyachilari devori bilan qurshalgan holda yurdi.
Ayni paytda Tramp va uning jamoasi sobiq prezidentning jarohati yoki u olgan muolajalar haqida ma’lumot bermagan.
Tramp bir yarim soatlik nutqini “Amerikani yana buyuk qilamiz” degan so’zlar bilan yakunladi.