Millionlab afg'onlar giyohvandlikdan aziyat chekmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Hukumat 20 yil davomida taqdim etgan davolash dasturlari va Tolibonning koʻknori yetishtirishga qo’ygan taqiqlariga qaramay, Afgʻonistonda afyunga qaramlik darajasi oshib bormoqda. Giyohvand moddalarga qaram bo'lgan ba'zi afg'onlar Tolibon noqonuniy giyohvand moddalarni sotish va sotib olishga qarshi qattiqroq kurash olib borishi kerak, deydi.

Muzamal Shoh to'qqiz yildan beri geroin, afyun, metamfetamin va gashishga qaram.

U boshqa giyohvandlar bilan birga Afg'onistonning Jalolobod shahridagi ochiq maydonda yashaydi. Uzoq vaqtdan beri oilasini ko’rmagan.

Xotini va uch farzandini yolg’iz va hech qanday yordamsiz tashlab ketgan.

"Bu men uchun juda og'riqli, chunki bolalarimdan uzoqda bo'lganimda bir kecha 10 yilga teng. Men o'z xohishim bilan turmush qurdim; bu sevgi nikohi edi. Ammo afyun va giyohvandlik tufayli hech qachon haqiqiy oilaviy hayotni yoki balog'at yoshini tatib ko'rmaganman”, - deydi u.

O'tgan yilga qadar Afg'oniston dunyodagi eng yirik ko'knori ishlab chiqaruvchi mamlakat bo’lgan. Ammo Tolibon afyun yetishtirishga taqiq qo’ygach, hududlarda ko’knori ekish 95 foizgacha qisqardi.

Buni ham ko'ring Tolibon ikki yil ichida erishilgan "yutuqlar"ni ko'z-ko'z qildi

Shunday bo'lsa-da, mamlakat yuqori darajadagi giyohvandlik muammosidan aziyat chekmoqda va Afg'oniston bo'ylab giyohvand moddalarga qaram bo'lgan 4 millionga yaqin odam bor. Afg‘onistonlik mutaxassislarning aytishicha, kasallik bilan kurashayotganlarga yordam berish uchun ular haqida yetarli ma’lumot yo‘q.

“Hech qanday yordam yo'q, shuning uchun giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchilar soni haqida tadqiqotlar ham yo'q. Giyohvandlar yoki jamiyatda qancha giyohvandlar borligi haqida hech qanday ma’lumot yo'q. Biz giyohvandlikning sabablari haqida bilmaymiz. Agar ma'lumot yoki raqamlar bo'lmasa, bu jamiyatimizga zarar keltirishda davom etadi", - deydi giyohvandlikni davolash bo’yicha mutaxassis Axtar Muhammad Totaxayl.

Narkotiklarni davolash markazlarining yarmidan ko'pi uch yil avval Tolibon hokimiyatni egallab olganidan so'ng yopilgan va mablag' yetishmasligi bois ular hanuz yopiq.

Jaloloboddagi davolash markazlariga yotqizilgan Yusuf Xon kabi giyohvandlikka chalingan odamlar kerakli yordamni olishayotganini aytadi. Xon hozir qaramlikdan qutilish yo’lida.

“Juda afsusdaman. Bizning hayotimiz endi boshlandi. Giyohvand moddalarni iste'mol qilganimizda o'likdek bo’lganmiz. Bizning vijdonimiz, his-tuyg'ularimiz o'lik edi”, - deydi u.

Muzamal Shoh Tolibon ko‘proq davolash markazlarini ochishini istaydi. Shuningdek, u ko‘knori yetishtirishni taqiqlashdan tashqari, giyohvand moddalarni sotib olish va sotishni ham to‘xtatish kerak, deb hisoblaydi.

“Agar ular kontrabandachilar va narkotik sotuvchilarni qo'lga olsa, hech kim giyohvand modda iste'mol qiladigan joyga bormaydi. Hech kim bunday joylarga borishni xohlamaydi. Ular giyohvand moddalarni iste'mol qila olmaydi", - deydi Muzamal.

Buni ham ko'ring Internetda kuchli sintetik dorilarning noqonuniy savdosi avjida

U va giyohvand moddalarga qaram bo‘lgan boshqa odamlarning aytishicha, Tolibon ko‘knori yetishtirishni to‘xtatishga urinayotganiga qaramay, giyohvand moddalarni hamon osonlikcha topish mumkin.