Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markaziga ko’ra, Amerikada yuqori dozali dorilar tufayli yuz berayotgan o'lim holatlariga, asosan, fentanil kabi sun’iy opioidlar sabab bo’lmoqda. Fentanilning ta’siri geroindan 50 baravar kuchli bo'lishi mumkin. AQSh huquq-tartibot idoralarining ta'kidlashicha, noqonuniy fentanil asosan Xitoydan keladigan arzon kimyoviy moddalardan tayyorlanadi va AQShga Meksika orqali olib kiriladi. Navbatdagi lavhada opiodlarga qaram bo’lganlar haqidagi noto’g’ri tasavvurlar va buning davolanish jarayoniga qanday ta’sir qilishi haqida hikoya qilamiz.
Lyup Xurtado giyohvandlik bilan bog’liq ijtimoiy izolyatsiya uni qanday uysizlikka yetaklagani haqida gapirib berdi.
“Noto’g’ri tushunchalar bor. Odamlar bizga ish topsang bo’lmaydimi, deyishadi. Yaqinimizdan o’tayotganlar doim shunaqa munosabatda bo’ladi”, - deydi u.
Xurtado hozir giyohvandlikka qarshi yordam guruhida maslahatchi bo'lib ishlaydi. Uning so'zlariga ko'ra, fentanilga qaram bo’lganlar isnod va ijtimoiy izolyatsiya tufayli yordam so’rashdan tortinadi.
"Dozani oshirib yuboradiganlar, ayniqsa, fentanilga mukkasidan ketganlar uchun isnod o’lim bilan barobar”, - deya qo’shimcha qiladi Hurtado.
Fentanilga qaram bo'lganlarni, ayniqsa uysiz bo’lsa, jamiyat ham qabul qilishi qiyin. Fotograf Melissa Vaks o'z uyi qarshisidagi bog'da yashagan giyohvandlarni eslaydi.
"Odamlar parkning o’zida vafot etardi. Jasadlarni qoplarda sudrab olib chiqishayotganini, urush-janjal va giyohvandlikka mukkasidan ketganlarni ko’rganman. Ikki farzandi bor ota-ona uchun bu yerdan maktabga borish dahshatli edi", - deydi u.
Sog'liqni saqlash bo'yicha maslahatchi Bred Fayngudning aytishicha, fentanilga qaramlik bilan bog'liq stereotiplarni o’zgartirish muhim.
"Agar biz qilayotgan ish odamlarga ko’proq aziyat bersa, ularga og'riq keltirsa, biz jamiyat sifatida ularni davolay olmaymiz. Davolanishga qiynalayotgan odamlar bilan ishlay olmaslik davom etadi", - deydi u.
Sog'liqni saqlash xodimi Duglas DeJou sobiq giyohvand. Uning aytishicha, giyohvandlikdan qutilish uchun jamiyat bag’rini ochishi kerak.
“Hech kim insoniy aloqasiz muvaffaqiyat qozona olmaydi. Bu odamlar, hech bo'lmaganda, insoniy munosabatga loyiq”, - deydi u.
Devorga osilgan mana bu fotosuratlar va yozuvlar fentanilga qaramlikdan davolanmaslikning halokatli oqibatini eslatib turadi.
“Fentanil qancha vaqtgacha bo'lishini bilmaymiz. Biz keyingi va undan keyingi dori nima bo'lishini ham bilmaymiz. Ular yangi to’lqin bo’lib keladi va odamlarga har-xil ta’sir qiladi”, - deydi jamoat faoli Stefani Prohaska.
Toza ignalarga bo'lgan talab o’rnini opioidlarning ortiqcha dozasini qaytaradigan to'plamlar egallamoqda. Fentanilning haddan tashqari dozasini kamaytirishga qaratilgan “Needle Exchange” dasturi Takoma davlat muassasalarida tez tibbiy yordam qutilari yoniga nalokson preparatlarini ham qo’ymoqda.
Facebook Forum