Tramp va respublikachilar: Tashqi siyosatga doir tafovutlar

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Donald Tramp

Sobiq prezident Donald Tramp o’tgan oy AQShda Isroil rahbari Benyamin Netanyaxuni qabul qildi.

“Hech bir prezident Isroilga menchalik yordam bermagan”, - deya maqtandi Tramp.

Sobiq prezident XAMAS 7-oktabr hujumlarini osonlikcha amalga oshirganini aytib, Netanyaxuni xavfsizlik sohasida zaifligi uchun tanqid qilgan edi. Prezidentligi davrida kutilmagan qarorlar bilan tashqi siyosat yuritgan Tramp respublikachi partiyadoshlari bilan yakdil emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-avgust, 2024 - XAMAS, AQSh saylovlari

“Batafsil ma’lumotlar bayon qilinmagani Trampga yangi muddat ostonasida bir joyda to’xtab qolmay siyosatni o’zi istaganday shakllantirish imkonini beradi”, - deydi Xalqaro aloqalar kengashi vakili Kris Tattl.

Trampning respublikachi partiyadoshlari “TikTok” platformasi Xitoy hukumati nazoratida ekanini, tarmoq amerikaliklarning siyosiy qarashlariga ta’sir qilishini aytadi.

“Xitoy Kommunistik partiyasi fuqarolarga oid shaxsiy ma’lumotlarga ega bo’lishi, propaganda algoritmlaridan foydalanishini istamayman”, - deydi senator Mitt Romni.

Biroq Tramp “TikTok”ni taqiqlash qaroridan qaytgan.

“TikTok”ni saqlab qolamiz, uni yo’q qilishmoqchi. “TikTok”chilar, Trampga ovoz bering”, - deydi u.

Tramp NATOga a’zo mamlakatlar umumiy mudofaa uchun oz ulush to’layotganidan arz qilib keladi. U tanlagan vitse-prezidentlikka nomzod Jeyms Vens esa AQShning Ukrainaga moliyaviy yordam yo’llayotganini tanqid qilmoqda.

“Ukrain askarlarining frontdagi matonati bilan Yevropada, balki butun dunyoda eng korrupsiyalashgan Ukraina rahbariyati va hukumatini adashtirmaylik”, - deydi Vens.

AQSh Senatida respublikachilar sardori Mitch Makkonnel esa Ukrainani himoyalash Yevropada demokratiyani himoyalash ekanini aytadi.

“Amerika, shubhasiz, agressiyaga qarshi kuch va ittifoqchilarini to’liq dastaklash bilan javob beradi”, - deydi senator.

Ekspertlarga ko’ra, Tramp ikkinchi muddatga saylansa, savdo tariflarini joriy qilmoqchi ekani respublikachi qonunchilarga ma’qul kelmaydi.

“Respublikachilar azaldan erkin savdo tarafdorlari bo’lgan”, - deydi professor Gordon Grey.

Tramp Xitoy tovarlariga 60 foiz, boshqa mamlakatlar tovarlariga esa 10 foiz tarif qo’llash va’dasi bilan chiqmoqda.