Britaniyadagi nufuzli oliy o’quv yurti instituti Xitoy tomonidan moliyalangan

  • Amerika Ovozi

Xitoy va Birlashgan Qirollik o‘rtasidagi aloqalar shaffofligini oshirishga qaratilgan Britaniya tashkilotining ta'kidlashicha, London Qirollik kollejiga qarashli, mamlakatning eng yirik Xitoy institutlaridan biri bo'lgan tashkilot o‘z mablag‘larining deyarli barchasini Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqador gongkonglik biznesmendan olgan.

Yaqinda e’lon qilingan “UK-China Transparency” tashkiloti hisobotida aytilishicha, Lau Xitoy instituti (LCI) mablag‘larining 99,9 foizi Gongkong hukumatining maslahatchisi bo‘lib ishlagan va Gongkongni Xitoy bilan “integratsiyalash” bo‘yicha ish olib borgan Lau Min-Vaydan kelgan. Bu shaxsga Xitoy Kommunistik partiyasining Birlashgan front ishlar bo‘limi nazoratidagi organda rasmiy rol ham berilgan.

Birlashgan front ishlari bo‘limi Xitoy Kommunistik partiyasining ichki va tashqi ta’sir kampaniyalarini muvofiqlashtiradi va partiyaga qarshi muxolifatni jilovlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bo’lim kerakli shaxslarni jalb qilishga qaratilgan “Birlashgan front” deb nomlanuvchi kengroq tashabbusning bir qismidir.

Hisobotga ko‘ra, Lau London Qirollik kollejida bakalavr va doktorlik darajalarini olgan va institutni qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 14,1 million dollar xayriya qilgan.

“UK-China Transparency” tashkiloti London Qirollik kollejidan “Axborot erkinligi to'g'risida”gi qonunga muvofiq Launing institut bilan hamkorligi tafsilotlari va uning xayriyasi uchun qo'yilgan shartlar yoki cheklovlar haqida ma'lumot so'raganini bildirdi. Shuningdek, u Laudan institut direktorini tayinlashda biron-bir talabi bo’lgan yoki bo’lmagani haqida ham so‘ragan.

Buni ham ko'ring Xitoy britan tashkilotlari va fuqarolarini qora ro'yxatga kiritdi

Universitet Launing xayriyalarini tasdiqladi, lekin boshqa ma'lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi.

Shundan so‘ng “UK-China Transparency” Britaniya Axborot komissari idorasiga shikoyat qildi, ammo idora London Qirollik kollejining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Tashkilot o‘shandan beri kollejdan ko‘proq ma'lumot olish uchun “Birinchi darajali tribunal” deb nomlanuvchi organga murojaat qilgan.

Britaniya hukumati vakilining "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida aytishicha, oliy ta’lim muassasalari “xayriyalarni qabul qilishdagi tegishli boshqaruvni va xavf-xatarlarni nazorat qilish bo’yicha tartiblarni” ta’minlab berishlari kerak.

“Biz ushbu sohadagi tashkilotlardan xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda xavfsizlikka oid masalalarga hushyor bo‘lishlarini, qonunchilikka rioya qilish uchun tegishli tekshiruvlarni amalga oshirishlarini va so‘z erkinligi hamda akademik erkinlikka bo‘lgan tahdidlarni hisobga olishlarini talab qilamiz”, - dedi hukumat vakili elektron pochta orqali yuborgan bayonotida.

Lau Xitoy instituti 2011-yilda London Qirollik kollejining Global munosabatlar maktabi tarkibida tashkil etilgan. Institutda 76 nafar a'zo bo’lib, ulardan 30 nafari doktorant va 11 nafari asosiy a'zo. Uning loyihalari orasida Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan nozik deb hisoblanadigan bir nechta mavzular ham bor.

Institut direktori Kerri Braun 2020-yilda Xitoy davlat tahlil markazidan “Xitoy hikoyalarini aytib bergani va Xitoy ovozlarini tarqatgani” uchun mukofot olgan.

Braun — sobiq britaniyalik diplomat bo‘lib, ilgari o‘z mamlakatining Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik ishlari vazirligining Xitoy bo‘limida ishlagan, shuningdek, Pekindagi Britaniya elchixonasida birinchi kotib lavozimida ham xizmat ko’rsatgan. U tez-tez Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari uchun maqolalar yozadi.

“Amerika Ovozi” Braun bilan maqola chop etilgan paytda izoh so’rab bog‘langan edi, ammo javob ololmadi.

Braun o‘tgan yili “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida, Buyuk Britaniyaning Xitoy investitsiyalariga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishiga asosli xavfsizlik sabablari borligini aytib, ayni paytda, agar Xitoy butunlay rad etilsa, Buyuk Britaniyaning imkoniyatlari ham sezilarli darajada kamayishini ta'kidlagan edi.

Buni ham ko'ring Britaniyaning yangi 10 yillik mudofaa strategiyasida Xitoyga jiddiy e'tibor qaratilmoqda

“Siz Xitoy muammolar tug'dirishini tan olasiz va ular bilan kurashishga harakat qilasiz yoki Xitoy bilan muomala qila olmasligingizni tan olib, buning natijasida keladigan iqtisodiy foydalardan mahrum bo'lasiz, - degan edi u. - Gap – muloqotda. Vaziyat qanchalik murakkab bo'lishi mumkinligini qabul qilishda”.

2020-yilda chop etilgan xulosa hisobotida LCI Lauga doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirib, institut butun dunyo bo‘ylab bir qancha institutlar, jumladan Transparency International, Jahon banki, BHP Billiton va G20 bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidlagan. Hisobotda aytilishicha, LCI siyosatchilar va jamoatchilik o’rtasida Xitoyni muhokama qilishda muhim ma'lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi.

London Qirollik kolleji vakili “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida, barcha institutlari homiylardan mustaqil ravishda faoliyat yuritishini, homiylar institutlar tomonidan olib boriladigan tadqiqotlar yo‘nalishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidladi.

“Biz institutlarimizning yetakchi olimlarni birlashtirish, tanqidiy tadqiqotlar olib borish, mamlakatlararo ilmiy izlanishlar va ekspert xulosalarini taqdim etish orqali global tushunchani shakllantirish va xabardor qilish kabi ishlaridan faxrlanamiz”, - deydi vakil.

So‘nggi yillarda Britaniya universitetlari va Xitoy o‘rtasidagi yaqin aloqalar, ayniqsa, iqtisodiyot va ta'lim sohalarida diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

O‘tgan yili Britaniya parlamentining Razvedka va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda, “Xitoy Buyuk Britaniya va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash siyosatidan foydalanib, o‘zining tijorat, fan va texnologiya hamda sanoat sohalaridagi maqsadlarini amalga oshirish orqali strategik ustunlikka erishishga muvaffaq bo‘ldi”, deb ogohlantirilgan edi.

Fevral oyida Britaniya hukumati vakili “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotida, “Biz ushbu soha yuzasidan muloqotni davom ettiramiz va xalqaro hamkorlik doirasida xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar, choralar dolzarb bo‘lib qolishini ta’minlaymiz”, degan edi.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil may oyida Xitoy ma'lum mahsulotlarning potensial harbiy qo‘llanilishi bo‘yicha eksport nazorati ostidagi mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Yaqinda Britaniyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri o‘rinbosari Oliver Douden hukumat oliy o‘quv yurtlarida nazoratni kuchaytirishini, shu bilan birga, nozik texnologiyalarni himoya qilishni kuchaytirishini va xorijiy moliyalashtirishga qaramlikni kamaytirishini aytdi. Ushbu qadam, ayniqsa, “qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni e'tiborsiz qoldiradigan” davlatlar tomonidan milliy xavfsizlikka chet el aralashuvining oldini olishga qaratilgan.

O‘tgan yili Braun London Qirollik kollejidagi hamkasblari Xitoy talabalari bilan muloqotda yuzaga keladigan muammolardan yaxshi xabardor ekanliklarini aytgan edi. Uning fikricha, Buyuk Britaniyadagi Xitoy talabalarini eshitish va ularga quloq solish muhim, chunki ular akademik hamjamiyatning muhim qismidir.

Shu bilan birga, u Xitoy bilan hamkorlik, ayniqsa, biologik fanlar va tibbiy tadqiqotlar kabi sohalarda hanuzgacha zarurligini ta'kidladi.