Yevropa Ittifoqi Lukashenko rejimiga bosimni oshirishi kerakmi?

  • Amerika Ovozi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko

Mustaqil ekspertlar va Yevropa parlamenti deputatlari Belarus diktatoriga qarshi joriy etilgan sanksiyalar yetarli emas deb hisoblaydi.

Belarusdagi ommaviy noroziliklarning to‘rtinchi yilligida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel bayonot berdi; unda shunday deyiladi:

“To‘rt yil avval, 9-avgust kuni Belarus xalqi prezident saylovlarining soxtalashtirilishi va Lukashenkoning ulardan kelajaklarini belgilash huquqini tortib olishiga qarshi tinch namoyish o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqdi.”

“Shundan beri, shafqatsiz qatag’onlarga qaramay, Belarus xalqi o‘z huquqlari va mamlakatining demokratik kelajagini mardona himoya qilib kelmoqda. Lukashenko rejimi bunga javoban o‘z xalqiga qarshi keng ko‘lamli zo‘ravonlik va qo‘rqitish kampaniyasini boshlagan”.

Yevropa Ittifoqining vakili, shuningdek, Lukashenko rejimi yuzlab siyosiy mahbuslarni qamoqda ushlab turganini eslatib o‘tdi. Mamlakat fuqarolik jamiyatiga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, huquq himoyachilariga, mustaqil kasaba uyushmalariga, milliy ozchilik vakillariga va “ham mamlakat ichida, ham xorijda o‘z fikrini bildiruvchi barcha oddiy fuqarolarga” qarshi keng ko‘lamli repressiyalarni amalga oshirishda davom etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Polsha chegaradagi mojarolarda Minsk va Moskvani ayblamoqda

Bayonotda Yevropa Ittifoqi nohaq hibsga olinganlarning barchasini zudlik bilan va shartsiz ozod qilishga chaqiradi. Unda Belarus suverenitetiga tahdidning ortib borayotgani qayd etilib, Belarus Ukrainaga qarshi urushda hamkor ekanligi ham eslatib o’tilgan.

“Belarus suvereniteti va o’ziga xosligiga tahdid tobora ortib bormoqda. Keng ko‘lamli ichki repressiyalardan tashqari, Belarus rejimi Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzkor urushida hamkor bo‘lib kelmoqda. Siyosiy, harbiy va moddiy-texnik yordamdan tashqari, Minsk Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukrainadagi hududlardan ukrainalik bolalarning noqonuniy deportatsiyasiga ko‘maklashmoqda. 2021-yildan beri rejim, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralariga migratsion bosim o‘tkazishni tashkil qilmoqda”, — deyiladi hujjatda.

“Quruq chaqiriqlar kamlik qiladi”

Charter97.org sayti bosh muharriri Natalya Radina Jozep Borrelning bayonotini sharhlar ekan, avvalo, uning 2020-yilda Belarusda bo'lib o'tgan inqilobiy voqealarning yilligiga atab e'lon qilinganini ta'kidladi.

“Belarusda xalq qo'zg'oloni bo'lganiga allaqachon to'rt yil bo'ldi, bu qo'zg'olon afsuski, hukumat tomonidan bostirildi. Menimcha, bunday bayonotlar yetarli emas va chaqiriqlardan tashqari samarali iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish, ularning bajarilishini nazorat qilish kerak. Shunda Lukashenko siyosiy mahbuslarni ozod qilishi mumkin”, — dedi u “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati muxbiriga.

Your browser doesn’t support HTML5

Belarus muxolifati yangi pasport chiqaryaptimi?

“Men e'tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan eng dahshatli narsa shundaki, sanksiyalar Belarusning urushdagi hamkorligi, 2021-yilda Belarus tomonidan Yevropa Ittifoqi davlatlari chegaralarida qo‘zg‘atilgan migratsion inqiroz va samolyot qo‘ndirilgani uchun joriy etildi, lekin siyosiy mahbuslar uchun emas. Shuning uchun Borrel qancha gapirmasin, agar siyosiy mahbuslar uchun Belarusga nisbatan jiddiy iqtisodiy sanksiyalar joriy etilmasa, Lukashenko hech kimni ozod qilmaydi. Iyunda ozod qilingan 19 kishiga kelsak, ularning qamoq muddati allaqachon tugayotgan edi. Ya'ni, bu yerda “hokimiyatning yaxshi niyati” haqida gap ketmayapti”, - deya davom etadi Radina.

Natalya Radina, shuningdek, Belarusdagi yagona siyosiy mahbus, sog'lig'i tufayli ozod etilgan shaxs “Belarus Xalq Fronti” partiyasining sobiq yetakchisi Grigoriy Kostusev bo‘lganini eslatdi. U og'ir saraton kasalligidan aziyat chekmoqda. Lukashenko bu siyosatchini shaxsan yaxshi bilgani tufayli, uni “olijanoblik bilan” ozod qilishga qaror qildi, deydi Radina.

“Ayni paytda Belarus qamoqxonalarida og'ir kasalliklar, jumladan, onkologiya bilan og'rigan ko'plab odamlar, pensionerlar, keksalar bor, garchi insonparvarlik asosida ularni darhol ozod qilish kerak bo’lsada, Lukashenko buni amalga oshirmayapti. Lukashenko siyosiy mahbuslarni faqat iqtisodiy sanksiyalar joriy etilganda yoki ularning qo'llanilishi xavfi paytida ozod qilgan”, - deya xulosa qiladi Charter97.org saytining bosh muharriri.

“Sanksiya siyosati kengaytirilishi kerak”

Litvalik Yevropa parlamenti deputati va Belarus bo‘yicha doimiy ma'ruzachi Petras Aushtravyusning ishonch bildirishicha, Yevropa Ittifoqining Lukashenko rejimiga ta'sir ko‘rsatish uchun universal vositalari mavjud, bu sanksiyalar siyosatidir.

“Ammo bu sanksiyalar Belarus iqtisodiyoti va umuman Belarusdagi vaziyatga og‘riqli ta’sir qilishi kerak. Boshqa choralar yo’q va o‘ylab topish ham shart emas”, — deya qo‘shimcha qildi Yevropa parlamenti deputati.

Buni ham ko'ring Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi ko'rsatkichlardan mamnun

“Amerika Ovozi”ning Rus xizmati muxbiri bilan suhbatda janob Aushtravyus Jozep Borrelning bayonotini qo'llab-quvvatlashiga qaramay, Lukashenko rejimiga nisbatan sanksiyalar siyosati kechikayotganini, yetarli emasligini va Yevropa davlatlarining barchasi ham bu siyosatni qo'llab-quvvatlamayotganini ta'kidladi.

“Avvalo, Viktor Orban hukumatini eslatib o'taman, u yaqinda belaruslarga soddalashtirilgan tartibda ish vizalarini berish niyatini e'lon qildi va bu bilan ular Shengen zonasi bo'ylab harakatlanish imkoniyatiga ega bo'ladi. Shuning uchun sanksiyalar siyosati kengaytirilishi va Belarus iqtisodiyotining barcha sohalarini qamrab olishi kerak. Ba'zida muxolifat vakillarining oddiy belaruslar aziyat chekmasligi uchun faqat rejimga nisbatan qandaydir "mo’jizaviy chora" topish kerak degan fikrlarini tushunmayman. Ular aniq takliflar bilan chiqishi va aynan nima demoqchi ekanliklarini ochiq aytishi kerak. Chunki men bunday chora-tadbirlar mavjud emasligiga aminman. Ha, Belarus xalqi ham sanksiyalardan aziyat chekadi, lekin bu jamiyat uchun o‘z kelajagi haqida o‘ylash va rejimga qarshi nafaqat so‘z bilan, balki amalda ham kurashishga turtki bo‘ladi”, — deya ta'kidlaydi Petras Aushtravyus.

“Belarusdan eksportlar hanuz davom etmoqda”

Iqtisodchi Olesya Rijechenko Belarus iqtisodiyoti bugungi kunda asosan Rossiya hisobidan mavjudligini ta'kidlaydi.

“Avvalo, bu Rossiya uchun mudofaa buyurtmalaridir. Ko‘plab sohalar – mashinasozlik, metallurgiya, asbobsozlik va boshqalar – davlat mudofaa buyurtmalarini bajarishga bog‘liq. Bundan tashqari, Rossiya kaliy o‘g‘itlari va neft mahsulotlarini Hindiston va Xitoyga o‘z hududi orqali eksport qilishga imkon beradi. Yuk tashish va to‘lovlar bo‘yicha cheklovlar mavjud bo‘lishiga qaramay, eksport davom etmoqda va shu tufayli Belarus iqtisodiyoti daromad olmoqda”, — dedi u “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati muxbiri bilan suhbatda.

G'arb davlatlarining Lukashenko rejimiga nisbatan qattiqroq sanksiyalar joriy etish talabiga kelsak, Alesya Rijechenkoning fikriga ko’ra, so’nggi 4 yil ichida joriy qilingan cheklovlardan president va uning tarafdorlaridan ko’ra, oddiy belaruslar ko'proq aziyat chekdi. Rejim Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqining boshqa mamlakatlari yordamida sanksiyalarni chetlab o‘tishni o‘rgandi va yangi sanksiyalar samarali bo‘lishini aytish qiyin.

Vilnyus markazida belarusliklar yig’ildi

9-avgust kuni bir qator Yevropa poytaxtlarida Belarus diasporasi vakillari ishtirokida aksiyalar bo‘lib o‘tdi. Vilnyusdagi Kafedral maydoniga hozirda Litvada yashayotgan bir necha yuz belaruslik yig‘ildi.

Ko‘pchilikning kiyimida oq va qizil ranglar uyg‘unlashgan edi, yig‘ilganlarning boshlarida Belarus muxolifatining eng taniqli ramzlaridan biriga aylangan oq-qizil-oq bayroqlar hilpirab turardi. Taxminan yigirma kishi milliy belaruscha kashtali ko’ylakda edi. Maydon chetida bugungi kunda Lukashenko rejimi qamoqxonasida saqlanayotgan kishilarning fotosuratlari tushirilgan ulkan plakat ham osildi.

So‘zga chiqqanlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun kurashni davom ettirishga chaqirdi.

Soxtalashtirilgan prezidentlik saylovlari natijalari tufayli boshlangan noroziliklarning to‘rtinchi yilligiga bag‘ishlangan miting yakunida erkin belarusliklarning yurishi bo‘lib o‘tdi. Kafedral maydonida mitingda yig‘ilgan bir necha o‘n ishtirokchi tarixiy bayroqlar ostida Vilnyus ko‘chalaridan o‘tib, Belarus yodgorligiga yetib bordi va rejimga qarshi kurashgan va halok bo‘lgan vatandoshlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.