“Telegram” asoschisi Pavel Durovning hibsga olinishi ketidan Rossiya Fransiyani tergovni siyosiy ta’qibga aylantirmaslikka chaqirdi. Durov ozodlikka chiqdi, ammo tergov davrida Fransiyani tark eta olmaydi, barcha pasportlari olib qo’yilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Unga qator ayblovlar qo’yilmoqda. “Telegram”da qoradori savdosidan tortib bolalar pornografiyasigacha kabi jinoyatlarga to’siq qo’ymaslikda, pulni yuvishda”, - deydi Dublin universiteti kollejidan Ti Jey Makkintayr.
Durovning advokati Deyvid-Olivye Kaminski “Telegram” Yevropa Ittifoqi qonunlariga amal qilishini aytadi.
“Ijtimoiy sahifa rahbarini unga bilvosita yoki bevosita aloqasi bo’lmagan jinoyatlarga aralashgan deb o’ylash ahmoqlik”, - deydi huquqshunos.
Rossiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Sent-Kits va Nevis orolining fuqarosi bo’lgan Durov “Telegram”ga akasi Nikolay bilan 2013-yilda asos solgan. Pavelning boyligi 15 milliard dollardan ko’p miqdorda baholanmoqda. Fransuz tergovchilari “Telegram” kontentni nazorat qilish haqidagi qonunlarni buzgan, deydi.
“Foydalanuvchilar tomonidan qo’yilgan noqonuniy kontentni o’chirishga kelganda “Telegram” qonun buzg’unchisi sifatida ko’riladi. Agar “Telegram” yuzerlarning qonunga xilof materiallaridan xabardor qilinib, chora ko’rmagan bo’lsa, u holda ular Yevropa Ittifoqining “Raqamli xizmatlar” haqidagi qonuni beruvchi himoyadan ayriladi”, - deydi Kaliforniyaning Stenford universitetidan Dafne Keller.
X ijtimoiy sahifasining egasi Ilon Mask Durovni qo’llab-quvvatlab post yozdi, ijtimoiy sahifada moderatsiya senzuraga teng ekani haqidagi izohni ripost qildi. Ti Jey Makkintayrning taxmin qilishicha, Mask keyingi nishon o’zi bo’lishidan xavotirda.
“Unga qarshi o’xshash chora ko’rilishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas”, - deydi mutaxassis.
“Telegram”dan dunyo bo’ylab bir milliardga yaqin odam foydalanadi. Ukraina urushida ham rus, ham ukrain askarlari ilovani faol ishlatyapti. Makkintayr Durov prokuror bilan kelishishi mumkinligini aytadi.
“Telegram” odamlarning shifrlangan deb o’ylayotgan muloqotlariga kirishi texnik jihatdan mumkin. Bu esa muhim ma’lumotlarga yo’l ochadi. Bunday ma’lumotlarni nafaqat Fransiya, balki boshqa mamlakatlar razvedkalari jon-jon deb qo’lga kiritishni istaydi. Mana shunday ma’lumotga kalit Durov vaziyatidagi odamga ozodlikka chiqishda savdolashishda qo’l keladi”, - deydi huquqshunos.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Durovning hibsga olinishi ortida siyosiy qaror yo’qligini aytadi.
Yana bir mutaxassis, texnologiyalar bo’yicha konsultant Keyti Xarbatning aytishicha, Durov hukumatlar bilan hamkorlik qilmagani uchun hibsga olingan.
"Telegram” kontentini moderatsiya qilmaslik bilan bir qatorda hukumatlar va huquq-tartibot idoralari bilan aloqa ham qilmaydi. Natijada “Telegram”dagi jinoyatlarga barham berish maqsadida hukumat boshqa chora topmagan chog’i”, - deydi Xarbat.