Kaliforniya shtatida uysizlar jamoat joylari, ko’priklar osti va ko’chalarga o’rnatgan minglab chodirlar yig’ishtirib tashlanmoqda. AQSh Oliy sudining iyun oyidagi qaroriga ko’ra, ko’chada tunash va yashash taqiqlanadi.
Rasmiy manbalarga ko’ra, Amerika bo’ylab har oqshom 650 ming fuqaro ko’chada tunaydi. Ulardan biri o’zini Sheridan deb tanishtirdi:
“Uysizlarga qarshi urush boshlanmoqda”, - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Sheridan Kaliforniyaga Vayoming shtatidan kelgan, biroq o’ylagan orzulari ushalmagan. Uysiz qolgan. Boshpana punktlarida yashashni istamagan. Besh yildirki ko’chalarda tunaydi.
“Shahar va okrug ma’muriyatiga e’tirozlarim bo’lgani uchun ham vaqtinchalik boshpanalarda yashamadim. Ular uysizlarga beg’araz yordam ko’rsatishni istamaydi. Ular o’z sisyosiy karyerasiga yordam berish payida”, - deydi u.
Oliy sud qarori asosida Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom uysizlar o’rnatgan chodir maydonlarini yig’ishtirib tashlash to’g’risidagi farmonni imzoladi. Asl maqsad uysizlarga yordam berish, deydi u.
“Farmon uysizlarni javobgarlikka tortishni ko’zlamaydi. Aslida, uysizlarning ko’z o’ngimizda aziyat chekishiga yo’l qo’yish jinoyat. Ularning har oqshom o’z hayotini tahlikaga qo’yishi jinoyat. Qancha odam o’ldirilmoqda, pichoqlanmoqda”, - deydi rasmiy.
Avgust oyida Nyusom ikki qonunga imzo chekdi: Ulardan biri uysizlarning vaqtinchalik boshpanalarga joylashishini osonlashtiradi. Ikkinchisi esa shtat bo’ylab qo’shimcha arzon turarjoylar qurilishini osonlashtirishga qaratilgan.
Ayrim ekspertlar nazdida, bu ikki chora aslo yetarli emas.
“Arzon turarjoy, bepul boshpana juda kam, uysizlar boradigan joy yo’q”, - deydi Kaliforniya universiteti professori Sunita Patel.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, birgina Los-Anjeles okrugida har oqshom 75 mingdan ziyod fuqaro ko’chalarda tunaydi.
O’zini Desh deb tanishtirgan fuqaro uysizlarning ko’pligi shaharda ishlab istiqomat qiladiganlarga ham ta’sir qilishini aytadi.
“Bu murakkab muammo. Men uysizlar hujumiga uchradim, politsiya tergov boshlagan”, - deydi u.
Oliy sud qarori ko’chalarni uysizlardan tozalash imkonini bermoqda, biroq uysizlik muammosining amaliy yechimi masalasida biror o’zgarish yuz berishi gumonligicha qolmoqda.