Breaking News

Los-Anjeles: Uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirish masalasi ovozga qo'yiladi


Los-Anjeles: Uysizlar mehmonxonalarda yashasinmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida so’nggi bir yilda uysizlar soni 10 foizga oshgan. Ko’chalarda, palatkalarda tunayotgan odamlarni mehmonxonalarga joylashtirish rejasi muhokamada. Bunday taklif hammaga ham ma’qul emas.

Vestleyk mahallasidagi “Meyfeyer” mehmonxonasida ko’plab Gollivud yulduzlari turgan. 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlangach, Los-Anjeles meriyasi mehmonxonaning bo’sh xonalariga uysizlarni joylashtirish bo’yicha kelishuvga erishdi.

Herman Gomez shu mahallada yashaydi, bu kelishuv ortidan ko’p narsa o’zgarganini aytadi.

“Mushtlashish, pichoqlash, otishmalar, giyohvand moddalar savdosi ko’paydi”, - deydi u.

Joriy yilning avgustida Los-Angeles shahar kengashi “Mefeyer”ni sotib olib, uni uysizlar uchun vaqtincha yashash joyiga aylantirishga qaror qildi. Loyiha 83 million dollarga tushadi. Mahalla ahliga bu reja ham ma’qul emas.

“Oxirgi dastur paytida ham shu yerda edik. Albatta, o’shanday kelivuv zarur edi, lekin mahallamizga vayronagarcharlik olib keldi, hayotimiz o’zgardi”, - deydi shu yerda yashovchi Pol Moss.

Rejani olqishlayotganlar ham bor.

“Ko’chada tunayotganlar kamaysa, bu yaxshi taklif”, - deydi Harris Laski.

AQSh Uy-joy va shaharsozlik vazirligiga ko’ra, 2022-yilda Kaliforniya shtatida uysizlar taxminan 170 ming kishini tashkil etgan. Bu mamlakatdagi uysiz qatlamning qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Los-Anjeles Uysizlarga xizmat ko’rsatish boshqarmasi ma’lumotiga ko’ra, pandemiyadan buyon 10 ming kishi shahardagi 37 ta mehmonxonaga joylashtirilgan.

Shulardan biri shahar markazidagi “LA Grand” mehmonxonasi. Pandemiya paytida joylashtirilgan uysizlar hali ham shu yerda yashamoqda. Mehmonxona xodimlari bu vaziyatdan norozi.

“Ular uch yildan beri mehmonxonamizda yashamoqda. Mehmonlar o’rniga uysizlarga xizmat ko’rsatyapmiz. Xonalarni tozalash jihatidan ham bu boshqacha ish”, - deydi Maribel Fayardo, mehmonxona ishchisi.

Ammo Janubiy Kaliforniya va Arizonadagi mehmonxonalar xodimlari manfaatini himoya qiluvchi “Unite Here” nomli kasaba uyushmasi uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirish, buning uchun hukumat vaucherlaridan foydalanish tashabbusini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Muhtoj odamlar ko’p – ayollar, oilaviy zo’ravonlik qurbonlari va boshqalar. Ularga hukumat vaucher beradi”, - deydi uyushma vakili Mariya Hernandez.

Mavzu bo’yicha fikrlar turlicha. Los-Anjeles shahar kengashi uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirish masalasini kelasi yili ovozga qo’ymoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG